Qur'on, hadislar va ulamolar talqinida terrorizm va ekstremizm...
Islom dini tinchlik dini bo‘lib, u ezgu ishlar, mehribonlik, rahm-shafqat, tozalik, qo‘llab-quvvatlash, rivojlanish kabi g‘oyalarni ilgari suradi. Bularninng aksi o‘laroq, xudbinlik, tajovuzkorlik, zo‘ravonlik va buzg‘unchilik kabi jinoiy ishlar Qur'oni karim va hadisi shariflarda qoralanadi. Aqidaparastlik, terrorizm, eks¬tremizm kabi iboralar Qur'on va hadislarda «fasod» – «buzg‘unchilik», «g‘ulu» – «chuqur ketish», «'unf» – «zo‘ravonlik» sifatida nomlanadi. Qur'on oyatlari va hadislarda hozirgi kunimizda keng iste'mol qilinayotgan eks¬tremizm va terrorizm kabi illatlar, zo‘ravonlik, buzg‘unchilik, g‘uluga ketish, haddan oshish kabi iboralar bilan ifoda etiladi.
Islom dini har qanday og‘ir sha¬roitda ham ekstremistik va terrorchilik kabi keskin harakatlarni amalga oshirishni qoralaydi. Uning ta'limotiga ko‘ra, nohaq to‘kilgan qon kimning qoni bo‘lishidan qat'iy nazar, eng og‘ir gunoh hisoblanib, jazosi ham og‘irdir. Zero, Alloh taolo muqaddas kalomida: « ... Biror jonni o‘ldirmagan yoki Yerda (buzg‘unchilik va qaroqchilik kabi) fasod ishlarni qilmagan insonni o‘ldirgan odam xuddi hamma odamlarni o‘ldirgan kabidir. Unga hayot baxsh etgan (o‘limdan qutqarib qolgan) odam esa barcha odamlarni tiriltirgan kabidir» -deb marhamat qilgan.
Dinimizda insof, adolat va insonparvarlik qoidalariga rioya qilishga buyuriladi. Haddan oshish, tajovuzkorlik, zo‘ravonlik qattiq qoralanadi.
XX asr yakuni insoniyat tarixida terrorizm, diniy ekstremizm, aqidaparastlik, mutaassiblik kabi illatlar bilan alohida o‘rin egalladi. Terrorizmni biror millat yoki dinga nisbat berish mutlaqo noto‘g‘ri. Zero, terrorizmni hech qaysi din, hech qaysi millat oqlamaydi. U kimning va nimaning nomidan sodir etilishidan qat'iy nazar, uni amalga oshiruvchi shaxs javobgar hisoblanib, jazoga loyiqdir.
Ma'lumki, so‘nggi yillarda Islom dinini o‘zlariga niqob qilib olgan bir guruh manfur kimsa va toifalar paydo bo‘ldi. Ular dindan foydalanib, g‘arazli maqsadlarni ko‘zlagan holda jamiyatda buzg‘unchilik, begunoh odamlarning qoni nohaq to‘kilishi kabi salbiy holatlarni avj oldirib, fuqarolar tinchligini buzib, xalq va dindorlar orasida nizo chiqarishga, nifoq solishga harakat qilishmoqda. Eng yomoni, ular xatti-harakatlarini asoslash uchun muqaddas Qur'oni karim va Hadisi shariflarni o‘zlarining g‘arazli maqsadlari sari tafsir va ta'vil qilishmoqda.
Islom dini ta'limotida har bir ilmning me'yor va chegarasi belgilangan. Ular Qur'on va hadisdan hukm chiqarib oladigan mujtahid olim emas. Mujtahid darajasidagi olim bo‘lganda oyat va hadislarni to‘g‘ri ma'noda talqin qilib, bu kabi manfur ishlarga qo‘l urmagan bo‘lardi. Dinda o‘rtacha yo‘l tutish tamoyilidan chetga chiqish yuqoridagi nomlar bilan atalib, dindan og‘ish sifatida qaraladi. Muslimning rivoyatiga ko‘ra, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) «O‘rtachalik chegarasidan chiqqanlar halokatga uchrabdilar» deb uch marta aytgan ekanlar. Ular Islom dininnig asl manbalarini talqin qilishda hadlaridan oshdilar natijada, avvalo o‘zlariga, eng yomoni Islom diniga nisabatan butun insoniyatning nafratini uyg‘otishga sabab bo‘ldi.
Alloh taolo Qur'oni karimning bir qancha oyatlarda firqalar, buzg‘unchi oqimlar va ularning qilmishlari haqida xabar bergan.
«Alloh senga ato etgan narsa bilan oxiratni istagin va dunyodan bo‘lgan nasibangni ham unutmagin. Alloh senga ehson qilgani kabi sen ham (odamlarga) ehson qil! Yerda buzg‘unchilik qilishni istama! Chunki Alloh buzg‘unchilarni suymas» . Bu oyati karimada, ham inson birinchi navbatda, yaratish komillik sari intilishi, shu bilan birga, o‘zidan ke-yingi avlodlarga halol mehnati or¬qali orttirgan obro‘-e'tibori, qoldirgan ma'naviy va moddiy boyliklari, farzandlari yaxshi amallari bilan nom qoldirishi, bir vaqtning o‘zida inson o‘zi istiqomat qilgan yurtda buzg‘unchilik qilmasligi uqtirilmoqda.
Yana bir oyatda «Kimda kim qasddan bir mo‘minni o‘ldirsa, uning jazosi jahannamda abadiy qolishdir. Yana unga Alloh g‘azab qilgay, la'natlagay va unga ulkan azobni tayyorlab qo‘ygay» , deb marhamat qilgan. Birinchi navbatda hech kim Alloh yaratgan inson hayotiga qasd qilmasligi, u qay tarzda bo‘lishidan qatiy nazar, begunoh odamni o‘ldirsa, jahannamda abadiy jazosini tortishi muqarrarligi qayd etiladi. Shunday ekan, biron-bir inson o‘zganing joniga qasddan tajovuz qilmasligi muqaddas oyati karimada ta'kidlanganining guvohi bo‘lamiz.
Payg‘ambarimiz alayhissalom hadisi shariflarida «Dinda chuqur ketishdan saqlaning. Sizlardan oldingilar dinda chuqur ketishdan halok bo‘lganlar», deb marhamat qilganlar. Aqidaparast oqimlarning yetakchilari o‘z niyatlarini amalga oshirish uchun oyat va hadislarni botiniy ma'nolarini olmasdan faqatgina zohiriy ma'nolariga e'tibor berib, maqsadlarini keng jamoatchilikka go‘yoki, ularning niyati xayr va borayotgan yo‘llari haq yo‘l ekanligini o‘qtirmoqchiday bo‘ladilar. Ularning jamoasiga ergashmaganlarni kufrda ayblab, go‘yo shahar bedarvozadek, kelajakda ular tomonga ham borishlarini aytib, qo‘rqitadilar. Rasululloh alayhissalom «Musulmon uchun o‘z birodarini qo‘rqitishi halol emas», deb o‘z dindoshiga tahdid qilishni harom dedilar.
Bundan tashqari, islom diniga e'tiqod qiluvchilar “musulmon” nomi ila atalar ekan, hadisi sharifda haqiqiy musulmon kim va qanday bo‘lmog‘i lozimligi xususida “Musulmon tili va qo‘lidan o‘zgalarga ozor yetkazmagan kishidir” deyiladi. Ular o‘z niyatlarini isbotlash masadida oyat va hadislardan dalil va hukm olishdan oldin mazkur hadisni o‘qimagan deb o‘ylaysizmi? Aytingchi, musulmonman deb, ularning xunrezliklari, buzg‘unchiliklari va yovuzliklari kabi manfur ishlari islom dinining qaysi ko‘rsatmalariga to‘g‘ri keladi?
Hozirgi kunda zo‘ravonlik, aqidaparastlik kabi tushunchalar terrorizm va ekstremizm sifatida ataladi. Xalqaro Islom tashkilotlari ushbu iboraga ta'rif berib, Qur'oni karimda zikr etilgan buzg‘unchiliklarning mazkur iboraga mos ekanligini ko‘rsatishadi.
Islom olami uyushmasi Islom fiqhi kengashining Makka bayonotida terrorizm quyidagicha ta'riflanadi: «Terrorizm bu kishilar, jamoatlar yoki davlatlarning inson dini, joni, ongi, moli, nomusiga buzg‘unchilik bilan dushmanlik qilishidir. Uning doirasiga qo‘rqitish, aziyat berish, tahdid solish, nohaq o‘ldirish, mol-mulkni tortib olish, yo‘llarda qo‘rqitish, yo‘lto‘sarlik qilish, zo‘ravonlik, tahdidning barcha turlari bilan yakka yoki jamoaviy tarzda jinoyatchilik rejasini amalga oshirish kiradi. Ushbu harakatlarning maqsadi kishilar orasida qo‘rquv, tahlika solish, aziyat berib qo‘rqitish yoki hayotlari, erkinliklari, omonliklari, mol-mulklarini xavf-xatarga qo‘yishdir. Shu kabi bunga yana atrof-muhitga zarar yetkazish, xususiy yoki ommaviy mulkka, yurt va tabiiy boyliklarni xavf-xatarga qo‘yish kiradi. Bularning barchasi yer yuzida fasod ishi bo‘lib, Alloh Qur'oni karimda musulmonlarni bu ishdan qaytargan «Yer yuzida fasod (buzg‘unchilik)ni istamang, albatta, Alloh fasodni yoqtirmas».
Yusuf Qarzoviy shunday deydi: «Islom begunoh kishilarning joni, mulki va nomusiga nisbatan zulm ishlatishni man etadi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) vidolashuv hajida qilgan va'zlarida odamlarning joni, mulki va nomusi qiyomatgacha daxlsiz, deb e'lon qilganlar. Bu nafaqat musulmonlarga, balki boshqa insonlarga ham tegishlidir. Islomda «maqsad vositani oqlaydi» degan tamoyil yo‘q.
Shayx Tantoviy shunday deydi: terrorizm va diniy ekstremizm insoniyatning joni va mulkiga qasd qilishdir».
Yuqoridagi keltirilgan ta'riflardan ko‘rinib turibdiki, islom manbalarida zo‘ravonlik buzg‘unchilikka emas, balki insonparvarlik, osonlik, yengillik yaratishga ahamiyat qaratadi. Aqidaparastlik, buzg‘unchilik bugungi kunda paydo bo‘lgan dolzarb masala emas, bu muammoga nisbatan tarixan buyuk allomalar ham ko‘p murojaat etib, uning salbiy oqibatlari xususida huquqiy va fiqhiy jihatdan baho berib kelingan.
Islom dunyosining barcha olim va ulamolari hamkorlikda islom dini ta'limotini sof holda asrab-avaylash, uning ahkomlarini buzib ko‘rsatishga harakat qilayotgan yovuz kuchlarga qarshi ma'rifiy uslublar bilan kurashishlari shuningdek, bizning vatanda ham “G‘oyaga qarshi g‘oya va Jaholatga qarshi ma'rifat” shiori ostida ta'lim muassasalari va joylarda diniy-ma'rifiy suhbatlar o‘tkazish yurtimizdagi tinch, osuda hayotni saqlashga, jamiyatda diniy muhitni sog‘lomlashtirishga va yoshlarimizning buzg‘unchi oqimlarga ergashib ketishlarini oldini olishga xizmat qiladi.
Barot AMONOV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot
markazi bo‘limi boshlig‘i
Kiritilgan vaqti: 19/09/2019 08:47; Ko‘rilganligi: 2844
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/quron-hadislar-va-ulamolar-talqinida-terrorizm-va-ekstremizm
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 23:18
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 23:18