Qo‘shnichilik haq va odoblarini qanchalik bilamiz?!
Kalomullohning Niso surasi 36-oyati karimasida
Xudoim taolo marhamat qiladi:
- “Allohga ibodat qilingiz va unga hech narsani sherik qilmangiz! Ota-onalarga esa yaxshilik qilingiz! Shuningdek, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar, qarindosh qo‘shniyu begona qo‘shni, yoningizdagi hamrohingiz, yo‘lovchi (musofir)ga va qo‘l ostingizdagi (qaram)larga ham (yaxshilik qiling)! Albatta, Alloh kibrli va maqtanchoq kishilarni sevmaydi”.
Janobi Payg‘ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam
mehr-muruvvat tariqasida marhamat qiladilar:
- “Alloh huzuridagi do‘stlarning yaxshisi – do‘sti uchun yaxshi bo‘lganidir. Alloh huzuridagi qo‘shnilarning yaxshisi – qo‘shnisi uchun yaxshi bo‘lganidir”.
- “Kim Allohga va Oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa, qo‘shnisiga yaxshilik qilsin!”.
- “Bir mo‘min bilan ikkinchi bir mo‘min qo‘l berib so‘rashsa, ularning huzurlariga yuz rahmat nozil bo‘ladi, shuning to‘qson to‘qqiztasi muomalasi va xulqi yaxshirog‘iga bo‘ladi”.
- ”Kim o‘zi to‘q bo‘lib, qo‘shnisi qorni och holida kunni kech qilgan bo‘lsa, menga komil imon keltirmagan bo‘ladi”.
- “Qo‘shnisi uning yomonliklaridan omonlikda bo‘lmagan kishi mo‘min emas”.
- “Yomonligidan qo‘shnisi omonda bo‘lmagan odam jannatga kirmaydi”.
- “O‘zi to‘q bo‘lib, qo‘shnisi och qolgan odam mo‘min emas”.
- “Keng maskan, yaxshi qo‘shni va yaxshi markab – musulmon kishining saodatidandir”.
- “To‘rt narsa baxtu saodatdan: soliha ayol, keng turarjoy, yaxshi qo‘shni va qulay ulov. To‘rt narsa baxtsizlikdan: yomon ayol, yomon qo‘shni, yomon ulov va tor turarjoy”.
- “Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, banda toki o‘zi uchun yaxshi ko‘rgan narsasini qo‘shnisi uchun ham ravo ko‘rmaguncha, mo‘minu komil bo‘lmaydi”.
- “Qancha-qancha qo‘shnilar Qiyomat kuni qo‘shnisiga osilib: «Ey, Alloh, mana bu kimsa yuzimga eshigini yopib qo‘yib, o‘z yaxshiligidan meni mahrum qilgan edi», – deya Allohga shikoyat qiladi”.
- “Mo‘minlar o‘zaro do‘stona munosabatlarida, bir-birlariga mehribonliklarida va o‘zaro hamdardliklarida bamisoli yagona jasad kabidirlar. Agar mazkur jasadning biror a'zosi og‘risa, boshqa a'zolar ham isitma hamda bedorlik bilan unga yordamga shoshiladilar”.
- “Kimki o‘ziga tegishli bo‘lmagan yerdan garchi bir qarich bo‘lsa ham egallab olsa, Alloh taolo uni etti qavat jahannamni tubiga tashlaydi”.
- “Kim Allohga va Oxirat kuniga imon keltirgan bo‘lsa, qo‘shnisiga aziyat bermasin!”.
- “Yonidagi qo‘shnisi och bo‘lib, o‘zi to‘q bo‘lgan kishi komil mo‘min emas”.
- “Ey, muslima ayollar, sizlar qo‘shningizga arzimas narsani ham beramanmi deb o‘ylamang, qo‘yning tuyog‘ini bo‘lsa ham beringlar!”.
- “Kimning uyi bo‘lsa va uni sotmoqchi bo‘lsa, avvalo qo‘shnisiga taklif qilsin!”.
- “Bir kishi Rasululloh sallallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: «Yo, Allohning rasuli! Men falon mahallaga joylashdim, menga yaqin qo‘shnilarim qattiq azob beryapti», – dedi. Shunda Rasululloh salallohu alayhi vasallam Abu Bakr, Umar va Ali raziyallohu anhumlarni jo‘natdilar. Ular masjid eshigi yonida turib: «Ogoh bo‘linglar, sizlarga to‘rt tarafdan qirqtadan hovli qo‘shni bo‘ladi. Yomonliklaridan qo‘shnisi omonda bo‘lmagan kishi jannatga kirmaydi!» – deb ogohlantirishdi”.
- “Bir kishi Nabiy alayhissalomdan: «Yo, Rasulalloh! Men yaxshi odammanmi, yomon odammanmi, qanday bilsam bo‘ladi?» – deb so‘radi. Rasululloh alayhissalom shunday javob berdilar: «Agar qo‘shnilaringizdan: “Sen yaxshi ishlar qilgansan” degan so‘zlarini eshitsangiz, demak – yaxshi odam ekansiz. Bordi-yu ulardan: “Yomon ish qilding” deganlarini eshitsangiz, demak – yomon odamlardan ekansiz”».
Ulug‘lardan hikmatlar:
- “Agar kishini o‘z qo‘shnisi, qarindoshi yoki hamrohi maqtasa, unday odamning solihligi borasida aslo shubha qilmangiz!” (Hazrati Umar raziyallohu anhu).
- “Uydan avval – qo‘shni, yo‘ldan avval – yo‘ldosh tanla!” (Hazrati Ali raziyallohu anhu).
- Hazrati Ali raziyallohu anhuga ko‘ra “azonni eshitgan kishi qo‘shni bo‘ladi”.
- ”Hovlining old tomonidan qirq hovli, ort tomondan qirq hovli, o‘ng tomondan qirq, so‘l tomondan qirq xovlining hammasi qo‘shni hisoblanadi” (Hasan Basriy rahmatullohi alayhi).
- Imom A'zam Abu Hanifaning ichkilikka mukkasidan ketgan bir qo‘shnilari bo‘lib, u kechasini mastlik, ashula va baqir-chaqir bilan o‘tkazar, uning dastidan Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh kechalari xotirjam mutolaa qilolmasdilar. Lekin u kishi bu holatga sabr qilardilar. Bir kecha negadir qo‘shnining ovozi chiqmay qoldi. Bu holatdan hayron bo‘lgan imom tong otgach, uning uyiga chiqsalar, yigit uyda yo‘q edi. Odamlardan surishtirib bilsalar, mast holatda ushlanib, qamalib qolganligini aytishdi. Bu xabarni eshitgan zahoti Imom A'zam rahmatullohi alayh to‘g‘ri shahar hokimi Iso ibn Muso oldiga borib, boyagi kishini ozod etishlarini iltimos qildilar. Imom A'zam rahmatullohi alayhning hurmatlari va kafolatlari tufayli mahbus darhol ozod qilindi. Yigit imomni bunday olijanobliklarini ko‘rib, tasanno aytib, ichkilikni tashlab, Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhga shogird bo‘ldi. Qo‘shniga ko‘rsatilgan birgina oqilona yordam, hakimona muomala tufayli fisqu fujur botqog‘iga botgan kimsa yaxshi odamlar qatoriga kirdi. U ilm halqalarining a'zolaridan bo‘ldi va oxiri Ko‘fa faqihlaridan biriga aylandi.
- Rivoyat qilishlaricha, Sahl ibn Ubaydulloh Tustariyning zimmiy qo‘shnisi bo‘lib, uning hojatxonasidan Sahlning uyiga iflos-nopok narsalar sizib chiqar edi. Sahl har kuni uning tagiga bir idish qo‘yib qo‘yar, majusiyning hojatxonasidan chiqqan narsalar idishga to‘planar va kechqurun hech kim ko‘rmaydigan joyga olib borib tashlar edilar. Sahl hazratlari uzoq muddat shu taxlit ish yuritdilar. Vafotlari yaqinlashgach, majusiy qo‘shnisini chorlab: «Mana bu uyga kirib, bu yerda nima borligini ko‘rib qo‘ying», – dedilar. U kirib idishga tushayotgan iflos, nopok narsalarni ko‘rdi va: «Bu nima?» – deb so‘radi. «Bu uzoq muddatdan beri hovlingizdan mana shu uyga tushadi. Uni kunduzlari shu idishga to‘plab, kechalari olib chiqarib tashlar edim. Mabodo, ajalim yaqinlashib qolmaganida, buni sizga aytmas edim. Boshqa biron kishining xulqi buni o‘ziga singdira olmasligidan qo‘rqdim. Endi xohlaganingizni qiling...», – dedilar. Shunda majusiy: «Ey, shayx, men kofir bo‘lsam ham, uzoq vaqtdan beri menga shunday go‘zal munosabatda bo‘lib kelayotgan edingizmi?! Qo‘lingizni bering, men Allohdan o‘zga iloh yo‘q va Muhammad – Allohning elchisi ekaniga guvohlik beraman», – deb musulmon bo‘ldi. Sahl raziyallohu anhu shundan so‘ng vafot etdilar.
- “Qo‘shnisiga ozor beruvchi kishilarga Allohning la'nati bo‘lar ekan”.
- ”Turli xil shovqin-suron (moshina signali, radio-televizor ovozlari, musiqa tovushlari, baland ovozda so‘zlashish, qattiq kulish, noxush hidlar, noan'anaviy yoritish moslamalar, bolalarning tinmas yig‘isi, noo‘rin o‘yin-kulgular, baqir-chaqir, bemahalda qurilish va ta'mir ishlari, noo‘rin bemahal darvozadan chaqirish, eshigini taqillatish) sababli qo‘shnilar oromini buzish, asablarini charchatish va hokazolar qo‘shnichilik haqlariga xiyonat hisoblanadi”.
- ”Umumiy yo‘lning bitta ulov o‘tadigan darajada bo‘sh turishi – qo‘shnining haqidir”.
- ”Uyning yonidagi uyga xaridorlikka qo‘shni haqliroqdir”.
- ”Inson biror joydan turar joy olmoqchi bo‘lsa, avvalo atrofida solih qo‘shnilar bo‘lgan joydan izlab, solih qo‘shnini tanlash lozim bo‘ladi”.
- ”Qo‘shnining uyiga o‘g‘rilikka tushish, qo‘shnini ayoli, kelin-qizlariga ko‘z olaytirish katta gunoh hisoblanadi”.
- ”«Qo‘shni» deb yon qo‘shnilarga aytiladi”.
- ”Bir masjid qavmi bir-birlariga qo‘shnidirlar”.
- ”Bir mahalla yoxud bitta shahar ahli bir-birlariga qo‘shnidirlar”.
- ”Kishining umr yo‘ldoshi ham qo‘shni hisoblanadi”.
- ”Qo‘shnichilik chegarasini aniqlashda u yoki bu joyning urfiga qarash lozim. Binobarin, urfga ko‘ra qo‘shni deb bilingan xonadonlar qo‘shni hisoblanadi”.
Xalq maqollari
- Qo‘shning tinch – sen tinch!
- Uzoqdagi qarindoshdan yaqindagi qo‘shni yaxshi.
- Yon qo‘shnim – jon qo‘shnim.
- Qo‘shnichilik – ming yilchilik.
- Uydan avval qo‘shni ol!
- Qo‘shning yomon bo‘lsa, yomonlik kelar,
Qo‘shning yaxshi bo‘lsa – omonlik.
- Yaxshi qo‘shni – ota-ona,
Yomon qo‘shni – boshga balo.
- Gilam sotsang, qo‘shningga sot – bir chetida o‘zing o‘tirasan.
- Qo‘shning yaxshi bo‘lsa, ko‘r qizing ham erga tegar.
- Qo‘shnisi yaxshi qarimas.
- Yaxshi hamsoya guldir,
Yomon hamsoya cho‘ldir.
- Qo‘shning ko‘r bo‘lsa, ko‘zingni qis!
Qo‘shnichilik haqlari va odoblari:
1. Birinchi bo‘lib salom berish;
2. Holini so‘rash;
3. Ko‘rganda ochiq yuzlik bilan muomala qilish;
4. Qarz so‘rasa, berib turish;
5. Agar chaqirsa, chaqirig‘iga javob berib, borish;
6. Bemor bo‘lsa, ziyoratiga borib, holidan xabar olib turish;
7. Yordam so‘rasa, yordam berish;
8. Musibatiga hamdardlik izhor etib, xafa bo‘lib, yordam qilib, dalda bo‘lish;
9. Xursandchiligiga xursand bo‘lib, tabriklash;
10. Vafot etsa, u to‘g‘rida guvohlik berish;
11. Uning iznisiz o‘z uyini baland qilib qurmaslik;
12. Qozonda qovirilayotgan taom hidi bilan ozor bermaslik, balki taomdan unga ham berish;
13. Unga faqat yaxshilik qilish;
14. Unga doimo yaxshilik qilish;
15. Qo‘shniga e'tiborli va kechirimli bo‘lish;
16. Iloji boricha mehribonlik qilish;
17. Xatolarini mehr ila kechirish;
18. Hovlisiga mo‘ralamaslik;
19. Uning devoriga yog‘och qo‘yib, uni ranjitmaslik;
20. Tarnoviga o‘z tomi suvini yo‘llamaslik;
21. Hovlidan hovliga ariq o‘tgan bo‘lsa, suvni iflos qilmaslik;
22. Hovlisi sahniga tuproq tushirmaslik;
23. Hovlisiga olib kirib ketayotgan narsalariga nazar tashlamaslik;
24. Qo‘shnining devoridan mo‘ralamaslik;
25. Uyiga ruxsatisiz nazar tashlamaslik;
26. So‘zlashuviga quloq solmaslik;
27. Uning hovli-haram – ayol-qizlariga qaramaslik;
28. Moddiy yordam ko‘rsatishlik;
29. Vafot etsa, dafnida qatnashmoqlik;
30. Noqulay imorat qurish yoki soyali daraxtlar ekish ila haqqiga tajovuz qilmaslik;
31. Uyga meva-cheva kabi narsalardan keltirganda, qo‘shnilarga ham ulashmoq;
32. Bordiyu unday qilolmaydigan bo‘lsa, mevalarni unga ko‘z-ko‘z qilgan holda uyga oshkora olib kirmaslik, balki bildirmasdan, yashirincha olib kirish, toki narsalarni ko‘rib, qo‘shnining ko‘ngli o‘ksimasin;
33. Agar bergisi kelmasa, o‘z bolalarini qo‘lida mevalar bilan qo‘shni bolalari oldiga chiqarmaslik;
34. Qozonni qirganda kapgir ovozi yoki taom hidi bilan qo‘shniga ko‘z-ko‘z qilmaslik;
35. Qo‘shnining itini urmaslik;
36. Qo‘shniga hamisha g‘amxo‘r bo‘lish;
37. Qo‘shni hovlisiga faqat chaqirib, ruxsat so‘rab, izn bersa, kirish;
38. Doim yumshoq va chiroyli muomala qilish;
39. Muhtoj bo‘lib, hojati tushgan ishlarida yordam berib, muruvvat ko‘rsatib, ehtiyojlarini bitirish;
40. Undan yomonliklarni daf qilish;
41. Umuman ozor, aziyat bermaslik;
42. Zinhor-bazinhor til bilan ham ozor bermaslik;
43. Unga hargiz-hargiz va aslo yomonlik qilmaslik;
44. Vaqti-vaqti bilan hadya ulashib turish;
45. Undan yetadigan ozorlarga sabr qilib, bergan aziyatiga yaxshilik bilan javob qaytarish;
46. Behurmat qilmaslik;
47. Qo‘pol, dag‘al muomala va zulmu zo‘ravonlik qilmaslik;
48. Muloyimlik va yaxshilikni birinchi bo‘lib boshlashlik;
49. Har kungi salom-alikni kanda qilmaslik;
50. Ko‘rishganda ham xuddi yaqin qarindoshlarday so‘rashish;
51. Uchrashganda chuqur ko‘rishish va ehtirom ko‘rsatish;
52. O‘zini salgina pastroq tutib muomala qilish;
53. Muomalada iloji boricha kamtar bo‘lish;
54. Yaxshi taomidan qo‘shnisiga ham berish;
55. Qo‘shnisiga til bilan ham, qo‘l bilan ham zarracha ozor, aziyat yetkazmaslik va aziyat, ozor berishi mumkin bo‘lgan turli xil gap-so‘z, har qanday ish-harakatdan o‘zini mutlaqo tiyish;
56. Qo‘shnilardan yetadigan beodoblik, aziyat, zarar, jafo va ozorlarni halimlik va kechirimlilik bilan qarshi olib, janjal ko‘tarmasdan, sabr-toqat qilib, kechirish;
57. Kechirimli bo‘lish;
58. Tushunmovchilik orqali qo‘shnilar o‘rtasiga ba'zan xafachiliklar tushib qolsa, birinchi bo‘lib kechirim so‘rashlik hamda birinchi bo‘lib salom berishlik;
59. Mabodo to‘y kabi turli shodiyonalarni nishonlash arafasida qo‘shnining boshiga musibat tushib qolsa, undan uzr so‘rab izn so‘rash. Ruxsat olgach, shodiyonani nihoyatda odob bilan siporoq o‘tkazish;
60. Mabodo to‘y-shodiyona uydan boshqa joyda o‘tkazilgan taqdirda ham, qo‘shniga alohida iltifot ko‘rsatib, ko‘nglini ko‘tarishga harakat qilish;
61. Qo‘shni safarga ketganda, kelguniga qadar uning omonatini saqlab, uy-joyidan xabardor bo‘lib, uyini qo‘riqlash;
62. Qo‘shni yo‘q vaqtda uyiga mehmon kelib qolsa, uy egasi kelguncha, mehmonlariga ehtirom bildirib turish;
63. Qo‘shni bilan bolalarning o‘rtasiga tushib, ota-onalar aybni bir-birlariga ag‘darmasdan, har birlari o‘z farzandlariga tanbeh berib, ularga qo‘shnichilik odoblaridan saboq berib, odobga chaqirib qo‘yish;
64. Ehtiyojmand qo‘shnining oziq-ovqat, kiyim-bosh olishiga yordam berish;
65. Zarur bo‘lganda dori-darmonini olib berish;
66. Mehribonlik bilan ko‘nglini ko‘tarish;
67. Qo‘shnini molini, jonini, sha'nini, or-nomusini, obro‘sini o‘zinikidan ham ziyodaroq himoya qilish;
68. Qo‘shnini nazar-pisand qilmaslikdan nihoyatda ehtiyot bo‘lish;
69. Qo‘shnining sirlarini poylamaslik, quloqqa chalingan oilaviy sirlarini tarqatmaslik va fosh qilmaslik;
70. Turli xil sabablar bilan odamlarni qo‘shnisidan uzoqlashtirmaslik;
71. Qo‘shnining haqlari va unga tegishli bo‘lgan narsalarga tajovuz qilmaslik;
72. Farzandlarga qo‘shnilarning haqlarini o‘rgatishlik;
73. Qo‘shniga ehson-yaxshiliklar qilish;
74. Qo‘shni o‘z joni, dini, obro‘si, moli va farzandlari xususida o‘z qo‘shnisi tomonidan omonlik va xotirjamlikda bo‘lmog‘i lozim;
75. Qo‘shnilarga turli xil shovqin-suron va hokazolar bilan aziyat yetkazmaslik;
76. Biron narsasiga hasad qilmaslik;
77. Qo‘shnilar bilan tanishish;
78. Qo‘shniga g‘addorlik va xiyonat qilmaslik;
79. Musofir qo‘shniga ham alohida va ziyodasi bilan yaxshilik qilish;
80. Solih qo‘shnining qadriga yetish;
81. Ortiqcha savollarni bermaslik;
82. Unga qarshi so‘z aytilsa, himoya qilish;
83. Bolasiga shirin so‘zlar aytish;
84. Har qanday masalalarda bilmaganlarini ehtiyotkorlik va yumshoqlik bilan muloyim shaklda bildirish;
85. Qo‘shnilar qo‘shnilarni chiroyli iboralar bilan maqtash;
86. Vaqti-vaqti bilan biror ovqatga, mehmonga chaqirib turish;
87. Xoh moddiy, xoh ma'naviy bo‘lsin, qo‘shniga aziyat va ozor berishning barcha turlaridan tiyilish;
88. O‘zining huzuridagi narsa bilan qo‘shnisiga yordam qilish;
89. Qo‘shnisining huzuridagi narsaga hargiz ta'ma qilmaslik;
90. Agar qo‘shnimiz uyi tomonga qarab itimiz hursa yoki qo‘shni o‘tgan-qaytganda itimiz unga akkillasa, va biz buni ko‘rib bilib, oldini olmasak, qo‘shnichilik haqqiga xiyonat qilgan hisoblanamiz;
91. Arzimas sabablar bilan qo‘shnilardan ayrilmaslik;
92. O‘zimiz va oilamizga nisbatan qanday rahm-shafqatli, xayrixoh bo‘lsak, xuddi shunday qo‘shnining o‘ziga, oila a'zolari va farzandlariga ham mushfiq va mehribon bo‘lib, lutf ko‘rsatib, ularga doim yaxshilik qilish;
93. Bolalariga doim iltifotli muomala qilish, agar bolalari xato ishni qilayotgan bo‘lsalar, to‘g‘ri yo‘lga yo‘llab qo‘yish;
94. Uning molini o‘z molimizni saqlaganimiz kabi saqlash;
95. Holidan xabar olib turish;
96. Hadya berishni yaqindagi qo‘shnisi turib, uzoqdagisidan boshlamasdan, balki uzoqdagisidan avval yaqinroqdagi qo‘shnisidan boshlash;
97. Qo‘shnini tang, noqulay vaziyatga solib qo‘ymaslik;
98. Eski qo‘shnilarga vafosizlik qilmaslik;
99. Ulovni yo boshqa bir narsani qo‘shnining eshigi yoki darvozasi oldiga qo‘yib, uning uyga kirib-chiqishini qiyinlashtirmaslik;
100. Uy oldidagi umumiy yo‘lga ulov yohud boshqa narsani qo‘yib, boshqa ulov yo piyodalar o‘tishiga xalaqit bermaslik;
101. Qo‘shni xonadonga qarab o‘sgan baland, katta va serbarg daraxtlarning shohlari va to‘kiladigan yaproqlari bilan zarar yetkazmaslik;
102. Turli xil chiqindi, mag‘zava va oqava suvlarni qo‘shni uyi oldiga, devoriga, yo‘liga oqizmaslik, tashlamaslik;
103. Qo‘shnining o‘z uyiga kirib-chiqish, o‘tish yo‘llarini qiyinlashtirib, ziyon yetkazmaslik, toraytirmaslik;
104. O‘z uyiga quvur orqali suv yoki chiqindi chiqish (kanalizatsiya) yo‘llarini olib kirgach, yo‘lni yana o‘z holiga keltirib qo‘yishlik;
105. Quduq va hokazolarni kavlab yoki chiqindi chiqish (kanalizatsiya) qudug‘ini ochgach, uni hech qanday to‘siq yoki himoyasiz qoldirmasdan, qayta yopib qo‘yish;
106. Qurilish yoki ta'mir ishlari paytida turli asbob-uskuna va jihozlar, qurilish mollari (qum, tuproq, g‘isht, sement kabi)ni qo‘shnilarning uylari oldiga ruxsat so‘rab to‘kish hamda uzoq vaqt besabab, beparvolik bilan qoldirib, uyib qo‘ymaslik va ish tugagach, yuzaga keltirilgan noqulaylik uchun uzr aytib, tashakkur bildirish;
107. Kishi qurilish, ta'mir ishlaridagi asosiy ishni tezroq bitirib, qo‘shniga xalaqit beradigan ortiqcha narsalarni imkon qadar tezroq bartaraf etish;
108. O‘z navbatida qo‘shnilar ham holatni to‘g‘ri tushunib, vaqtinchalik noqulaylikka sabr qilishlari va qurilish yoki ta'mir ishlarini qilayotgan qo‘shniga hech qanday bosim o‘tkazmasdan, balki hasharga chiqib, imkon qadar yordam berish;
109. Ro‘zg‘or buyumlari, oziq-ovqat mahsulotlari, qarzga pul va hokazolarni qo‘shni so‘rab turganda, darhol berib va qachon qaytarishi xususida aslo eslatmaslik;
110. Ro‘zg‘or buyumlari, oziq-ovqat mahsulotlari, qarzga pul va hokazolarni qo‘shnidan so‘rab turgan odam esa tezroq qaytarib berib, chiroyli rahmatlarini izhor etishlik;
111. Ro‘zg‘or buyumlarini buzmasdan, shikast yetkazmasdan qaytarish, agar mabodo buzilib yo shikast yetib qolgan bo‘lsa, kechirim so‘rab, tuzatib yoki yangisini olib berish;
112. Oziq-ovqat mahsulotlarini qo‘shniga qaytarganda sifati, shakli, hajmi, soni, ta'mi va hokazolar olganidan ko‘ra ziyodaroq bo‘lishligi;
113. Qarzga olgan pulni tezroq qaytarish hamda sifati, shakli va hokazolar olganidan ko‘ra ziyodaroq bo‘lishligi;
114. Sababsiz qo‘shnining eshik jing‘irog‘ini bosmaslik yoxud eshik yo darvozani taraqlatib urmaslik;
115. O‘zi uchun xohlagan yaxshilikni qo‘shnisiga ham ravo ko‘rish;
116. O‘zini ranjitadigan yomonlik, zarar va aziyatlar qo‘shnisida ham bo‘lishi ranjitishi kerak;
117. Qo‘shniga har qanday holatda va har qanday ko‘rinishda bo‘lsa ham yaxshilik qilish;
118. Uyini sotmoqchi bo‘lsa, avvalo qo‘shnisiga taklif qilish;
119. Qo‘shnining hurmatini joyiga qo‘yishlik;
120. Obro‘sini to‘kmaslik;
121. Ahli ayollari bilan gunoh ishga qo‘l urmaslik;
122. Qo‘shni uchun yaxshi bo‘lgan narsaga undab, yaxshilik sari qo‘lini ushlab bo‘lsa ham chorlash;
123. Musulmonning musulmonda bo‘lgan barcha haqlarini qo‘shnida ham ado qilish;
124. Qo‘shnining yo‘lini toraytirmaslik;
125. Qo‘shnining chegarasiga tajovuz kilmaslik;
126. Qo‘shni tomonga quyosh yoki havoni to‘sadigan, uning hovli-joyiga nazar tushadigan darajada baland imorat qurmaslik;
127. Qo‘shniga taom va mevalar hadya qilib turish;
128. Inson o‘zining mulkida qo‘shnisiga zarar keltiradigan biron ishni qilishi joiz emas;
129. Agar qo‘shni bilan o‘rtalarida mushtarak (sheriklik) devor bo‘lsa, uning iznisiz undan daricha ochishi yoki unga qoziq qoqishi mumkin emas;
130. O‘rtadagi sheriklik devorga yoki qo‘shnisining devori ustiga yog‘och o‘rnatishi mumkin emas, faqat juda zarur bo‘lgan hollarda, shusiz ustini yopish imkoni bo‘lmasa va devor o‘sha yog‘ochning og‘irligini bemalol ko‘tara olsa, shundagina yog‘och qo‘yishga ruxsat beriladi. Shunda hamki qo‘shnining ijozati bilan;
131. Qo‘shni qo‘shnisini uning devoriga yog‘och o‘rnatishidan man qilishi mumkin emas, agar ko‘nmasa, hokim uni majburlaydi.
Ibrohimjon domla INOMOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
mas'ul xodimi
Kiritilgan vaqti: 18/01/2024 09:55; Ko‘rilganligi: 1630
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 10:39