O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Qisqa muddatdagi katta o‘zgarishlar

 
 

O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi 2017–2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasining
5-yo‘nalishi: «Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta'minlash hamda chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat» deb nomlanib, mana shu asosda yurtimizda keyingi yillari bir qator ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2017 yil
19 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida «Ma'rifat va diniy bag‘rikenglik» rezolyutsiyasini qabul qilish taklifi bilan chiqdi. Rezolyutsiya jahonda ekstremizm, terrorizm muammosi avj olib, turli din va e'tiqod vakillariga nisbatan toqatsiz, murosasiz munosabatlar kuzatilayotgan bir vaqtda global tahdidlarga qarshi kurashishning samarali vositasi sifatida ma'rifat, ta'lim-tarbiya masalasini ilgari surgani bilan ahamiyatlidir. BMT tomonidan 2018 yil 12 dekabr kuni «Ma'rifat va diniy bag‘rikenglik» rezolyutsiyasi qabul qilindi va dunyoning yetakchi davlat va xalqaro tashkilotlari tomonidan tan olindi.

To‘g‘ri yo‘ldan adashganlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish
va ularni sog‘lom turmushga qaytarish maqsadida bu shaxslar bilan keng jamoatchilikni jalb qilgan holda tushuntirish-profilaktika ishlarini tizimli tashkil etish, ularni maxsus ro‘yxatdan chiqarish bo‘yicha mexanizm yaratildi. Bu mexanizmning samarasi o‘laroq adashgan g‘oyalar ta'siriga tushib qolgan fuqarolarning ichki ishlar organlarining ro‘yxatidan chiqarilishi jamiyatda katta natija berdi.

Shuningdek, bilib-bilmay diniy ekstremistik va terroristik tashkilotlar safiga kirib, Suriya, Iroq singari yurtdarda qurolli harakatlarga qatnashgan shaxslarning ayollari va farzandlari «Mehr-1», «Mehr-2» tadbirlari doirasida yurtimizga qaytarilishi olamshumul voqea bo‘ldi.

2020 yil 11 avgustdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qaroriga muvofiq Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishi va Surxondaryo viloyati Termiz shahrida “Imom Termiziy” madrasasining faoliyati yo‘lga qo‘yilayotgani diniy ta'lim va ilmiy tadqiqot faoliyatini yangi bosqiyaga olib chiqish yo‘lidagi ulkan ahamiyatga ega ish bo‘ldi.

Mustaqillik yillarida Qoraqalpog‘iston diyorida ham xalqning ehtiyojidan kelib chiqib, jome masjidlarimizning soni ko‘paydi. Oldingilari qayta rekonstruksiya qilinib, namozxonlar uchun barcha sharoitlar yaratildi. Hattoki, uzoq qishloqlardagi masjidlar ham ko‘rganda ko‘zni quvontadigan darajada qayta ta'mirlanib,  obodonlashtirildi. Ayniqsa, so‘ngi yillari yurtimizning qaysidur burchagida jome masjidi qurib, foydalanishga topshirildi, degan mazmundagi xushxabarlarning tez-tez guvohi bo‘lyapmizki, bu barcha mo‘min-musulmonlarimizni birdek shod etmoqda.

Yurtimizda 10 ta o‘rta maxsus islom bilim yurti faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, shular qatorida Nukus shahridagi Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘ziga yarasha obro‘-e'tiborga ega.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 apreldagi «Diniy-ma'rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoniga muvofiq, Toshkent islom universiteti negizida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tarkibida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Namangan va Surxondaryo viloyatlarining mintaqaviy filiallari faoliyat boshladi, unda imom-xatiblar, diniy soha xodimlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, oliy va o‘rta maxsus ta'lim tizimining sohaga oid pedagog kadrlari malaka oshirmoqda.

Mo‘min-musulmonlarning diniy savollariga o‘z vaqtida tezkor javob berish maqsadida, call-markaz, telegram bot va alohida fatvo.uz sayti yo‘lga qo‘yilishi hamda qo‘shimcha ravishda mahalliy fuqarolarimiz uchun qoraqalpoq tilidagi pazıylet.uz, nasiyat.uz va alberuniy.uz saytlari va ularning ijtimoiy tarmoqlardagi kanallarining faoliyat boshlaganini e'tirof etish kerak.

Diniy-ma'rifiy sohadagi keng ko‘lamli ishlar butun dunyo jamoatchiligi tomonidan yuqori darajada tan olindi. Ayniqsa, BMT, AQSH davlat departamenti va boshqa tashkilotlar yuqori baho bermoqda.

Ma'lumki, dunyo sivilizatsiyasi rivojiga munosib hissa qo‘shgan buyuk allomalarimizning asarlarini o‘rganish va shu asosda ular yozib qoldirgan boy bebaho merosni kelajak avlodga yetkazish – bugungi kunning davr talabi.

Muhtaram Prezidentimizning 2018 yil 20-21 yanvar kunlari Qoraqalpog‘istonga bo‘lgan tashrifi davomida Nukus shahridagi “Imom Eshon Muhammad” jome masjidida bo‘lib, bu yerda nuroniylar va imom-xatiblar bilan uchrashuv paytida ham imom-xatiblarimizga, birinchi galda, ota-bobolarimizdan qolgan bebaho meros bo‘lgan eski qo‘lyozmalarni o‘rgangan holda o‘quv qo‘llanmalar va asarlar yozish bo‘yicha bir qator topshiriqlar bergan edi. Mana shu asosda,  xalqimizga sof islom dinining mazmun-mohiyatini ochib beradigan bir qancha kitoblar ustida ko‘p yillardan buyon mehnat qilayotgan edik. Hozirgi kunga kelib, xalqimizning diniy adabiyotlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida qoraqalpoq tilida “Islam nuri” gazetasi va “Hidayat”  jurnali faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, qoraqalpoq tilida bir necha kitoblar, jumladan, “Kәmil insan”, “Salamat ana hәm bala – jәmiyet gireo‘i”, “Oraza paziyleti”, “Namaz oqio‘ qag‘iydalari”, “Marhumlarg‘a azar bermeyik”, “Qurbanliq kitabi”,  “Sarf sabaqlig‘i”, “Qurani kәriym mәnileriniң qaraqalpaq tilindegi ao‘darmasi hәm tәfsiri”, “Shamaili Muhammadiya”, “Ibadati Islamiya”, “Islam mәripati: negiz hәm tүsinik”, “Islam dinine ulio‘ma tәriyp”, “Haj hәm umra qollanbasi”, “ISHIM fitnasi”, “Internetke in qurg‘an өrmekshiler”, “Iyman”, “Muhammad alayhissalam (qisqasha өmir tariyxi)”, “Tәjo‘iyd qag‘iydalari” kabi kitoblar nashr qilinib, xalqimizga taqdim etildi. Mana yaqinda hazrati shayx Muhammad Sodiq  Muhammad Yusufning 37 juzdan iborat Hadis va hayot kitobining 3 juzi chop etildi. Qolgan juzlari esa nashrga tayyorlanmoqda.

Albatta, ushbu qoraqalpoq tilidagi ilk nashrlarning chop etilishi ham yurtimizdagi diniy sohada olib borilayotgan xayrli ishlardan hisoblanadi. Ayniqsa, Qurani kәriym mәnileriniң qaraqalpaq tilindegi ao‘darmasi hәm tәfsirini xalqimiz katta quvonch bilan kutib oldi.

«Sen – qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekiston!» shiori ostida nishonlanayotgan bu yilgi mustaqillik bayrami pandemiya bilan bog‘liq vaziyat tufayli, karantin qoidalariga amal qilinishini ta'minlash maqsadida xonadonlarda, oila a'zolari bilan birgalikda nishonlash maqsadga muvofiq hisoblanadi. Mamlakatimizda karantin qoidalari joriy etilgan vaqtdan boshlab o‘tgan davr mobaynida xalqimiz infeksiyaga qarshi kurash bo‘yicha o‘ziga yarasha tajriba to‘pladi.

Tinch va obod yurtga doimo bayramlar, quvonchli kunlar yarashadi. Barchamizga mustaqilligimizning 29 yilligi muborak bo‘lsin! Alloh taolo yurtimizni har xil balo-ofatlardan omon saqlab, xalqimizning tinchlik-xotirjamligini mangu, rizq-ro‘zini mo‘l-ko‘l aylasin!     

 

Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyati qozisi

SHAMSUDDIN BAHOUDDINOV


Kiritilgan vaqti: 31/08/2020 11:16;   Ko‘rilganligi: 1324
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/qisqa-muddatdagi-katta-ozgarishlar
Chop etilgan vaqti: 19/09/2025 21:20
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing