O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Payg‘ambarlikni da'vo qilish – yolg‘onchilik va o‘ta nodonlik!

 
 

Har bir mo‘min-musulmon kishiga Muhammad sollallohu alayhi vasallam payg‘ambarlarning so‘ngisi, barchalarining sayyidi va toji ekanligiga iymon keltirishlari lozimdir. U zotning olib kelgan risolatlari mukammal va undan so‘ng keladigan boshqa risolat ham, payg‘ambarlik ham yo‘qdir. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:

 

(مَّا كَانَ مُحَمَّدٌ أَبَاۤ أَحَد مِّن رِّجَالِكُمۡ وَلَـٰكِن رَّسُولَ ٱللَّهِ وَخَاتَمَ ٱلنَّبِیِّـۧنَۗ وَكَانَ ٱللَّهُ بِكُلِّ شَیۡءٍ عَلِیم )

[سورة الأحزاب 40]

“Muhammad sizlardan biron erkakning otasi bo‘lgan emas. Lekin Allohning Rasuli va Nabiylarning so‘nggisidir. Alloh har bir narsani o‘ta bilguvchidir” (Ahzob surasi 40-oyat).

Imom Buxoriy va Imom Muslim rohimahulloh rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

“Payg‘ambarlardan olti narsa ila afzal qilindim: Go‘zal kalimalar berildi, qo‘rqitish bilan yordam berildi, o‘ljalar menga halol qilindi, yer menga poklovchi va masjid qilindi, insonlarning barchasiga ommatan yuborildim va payg‘ambarlar men bilan tugatildi”.

Imom Muslim rohimahulloh rivoyat qilgan hadisi sharifda esa:

“Mening bir necha ismlarim bor: men Muhammadman, men Ahmadman, men Alloh u bilan kufrni yo‘q qiluvchi Mohiyman, men insonlar oldimga to‘planadigan Hoshirman va undan so‘ng biror kishi kelmaydigan Oqibman” dedilar. Bir rivoyatda esa: “... Undan so‘ng biror payg‘ambar yo‘q Oqibman”, deb kelgan.

Imom Buxoriy va imom Muslim rohimahulloh rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga shunday dedilar:

“Sen men uchun Horun Muso uchun bo‘lgan manzildasan. Faqat mendan keyin payg‘ambar yo‘q”.

Yana, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam payg‘ambarlarning so‘ngisi ekanliklariga dalolat qiladigan boshqa hadislar ham bor. Musulmonlarning bu borada ijmo'si ham mavjuddir. Kimki, payg‘ambarlikni da'vo qilib chiqadigan bo‘lsa, u Alloh va Uning rosulini yolg‘onchiga chiqarib, kofir bo‘libdi!

Darhaqiqat, Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday kazzoblar haqida xabar berganlar:

“Qiyomat, o‘ttizga yaqin kazzob dajjollar chiqib, ularning barchasi payg‘ambarlikni da'vo qilmagunicha qoim bo‘lmaydi”.

Imom Ahmad rohimahulloh Musnad kitoblarida shunday keltiradilar:

“Ummatim ichida yigirma yettida kazzob dajjollar bo‘ladi. Ulardan to‘rttasi ayol kishi bo‘ladi. Albatta, men payg‘ambarlarning so‘ngisiman va mendan keyin payg‘ambar yo‘q!”.

Shunday ekan, bu da'vo bilan chiqqan har qanday kishiga nasihat qilinib, Alloh taoloning azobidan ogohlantirish lozim. Alloh taologa nisbatan yolg‘on ishlatish eng og‘ir gunohdir. Xususan, Alloh taolo Qur'oni karimda shunday deydi:

(إِنَّ ٱلَّذِینَ یَفۡتَرُونَ عَلَى ٱللَّهِ ٱلۡكَذِبَ لَا یُفۡلِحُونَ• مَتَـٰع قَلِیل وَلَهُمۡ عَذَابٌ أَلِیم)

[سورة النحل 116-117 ]

“Albatta, Allohga nisbatan yolg‘on to‘quvchilar najot topmaslar. Ozgina matoh va alamli azob bor” (Nahl surasi 116-117-oyatlar).

Bunday kishilarni haqqa qaytib, to‘g‘ri bo‘lishliklarini hohlaymiz. Ammo, o‘zining qorong‘u ko‘chasi va zulmatga botgan fikridan qaytmasa, bardavom bo‘lsa, barchaga uni dindan chiqqan kofir ekanligini bildirish va u bilan dinga qaytishi uchun aloqalarni uzish lozimdir.

Shu paytgacha payg‘ambarlikni da'vo qilib chiqqan yolg‘onchilarning barchasi o‘ta nodon, yolg‘onchi va gunohlarga mukkasidan ketganligini bilamiz va ko‘rganmiz. Ozgina ilmi bor kishi ham bunday insonlarning yolg‘onchiligini anglashligi qiyin emas. Payg‘ambarlikning o‘ziga yarasha shartlari va sifatlari bo‘ladi. Ilm va amallarning eng ulug‘i bo‘lgan bu risolat yolg‘onchi bir jonzotga tayinlanishi amri maholdir.

Ibn Kasir rohimahulloh tafsir kitoblarida payg‘ambarlikni da'vo qilib chiqqan yolg‘onchilar haqida ushbu oyatni keltiradilar:

(فَمَنۡ أَظۡلَمُ مِمَّنِ ٱفۡتَرَىٰ عَلَى ٱللَّهِ كَذِبًا أَوۡ كَذَّبَ بِـَٔایَـٰتِهِۦۤ إِنَّهُۥ لَا یُفۡلِحُ ٱلۡمُجۡرِمُونَ)

[ سورة يونس 17 ]

“Allohga yolg‘on to‘qigan yoki Uning oyatlarini yolg‘onga chiqargan kimsadan ham zolimroq odam bormi?! Albatta, jinoyatchilar najot topmaslar” (Yunus surasi 17-oyat).

Sahobalar roziyallohu anhum Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘ng payg‘ambarlikni da'vo qilib chiqqan Musaylama Kazzob, Asvad Ansiy va Sajjoh kabi yolg‘onchilarga qarshi kurashganlar.

Shuningdek, bunday da'vo bilan chiqqan kishilarni jin chalg‘itayotgan bo‘lishi mumkin. Jinning unga gapirishi tufayli go‘yoki, unga vahiy tushayapti, deb o‘ylab qolayotgan bo‘lishi mumkin. Shunday bo‘ladigan bo‘lsa, unga ko‘proq Qur'on o‘qishlik lozim bo‘ladi.

Alloh taolo bu Islom ummatini bunday yolg‘on va bo‘htonlardan O‘zi saqlasin!

Xayrulloh Sattarov, Samarqand viloyati bosh imom-xatibi o‘inbosari


Kiritilgan vaqti: 20/07/2020 11:47;   Ko‘rilganligi: 2279
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/paygambarlikni-davo-qilish-yolgonchilik-va-ota-nodonlik
Chop etilgan vaqti: 19/09/2025 19:43
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing