Odob, xulq, axloq tushunchalariga ta'rif
Odob – inson haqida yoqimli taassurot uyg‘otadigan, lekin jamoa, jamiyat va insoniyat hayotida u qadar muhim ahamiyatga ega bo‘lmaydigan, milliy urf-odatlarga asoslangan chiroyli xatti-harakatlarni o‘z ichiga oladi.
Xulq – oila, jamoa, mahalla-ko‘y miqyosida ahamiyatli bo‘lgan, ammo jamiyat va insoniyat hayotiga sezilarli ta'sir ko‘rsatmaydigan yoqimli insoniy xatti-harakatlarning majmui.
Axloq esa – jamiyat, zamon, insoniyat tarixi uchun namuna bo‘la oladigan ijobiy xatti-harakatlar yig‘indisidir.
Bu fikrlarimizni misollar orqali tushuntirishga harakat qilamiz. Deylik, metroda yoshgina yigit, talaba hamma qatori o‘tiribdi. Navbatdagi bekatdan bir keksa kishi chiqib, uning ro‘parasida tik turib qoldi. Agar talaba darhol: «o‘tiring, otaxon!» deb joy bo‘shatsa, u chiroyli a'mol qilgan bo‘ladi; chetdan qarab turganlar unga ich-ichidan minnatdorchilik bildirib: «Baraka topgur, odobli yigitcha ekan», deb qo‘yadi. Aksincha, talaba yo teskari qarab olsa, yoki o‘zini mudraganga solib, qariyaga joy bo‘shatmasa, g‘ashimiz keladi, ko‘nglimizdan: «Buncha beodob, surbet ekan!» degan fikr o‘tadi, xullas, u bizda yoqimsiz taassurot uyg‘otadi. Lekin, ayni paytda, talabaning qariyaga joy bo‘shatgani yoki bo‘shatmagani oqibatida vagondagi yo‘lovchilar hayotida biror-bir ijobiymi, salbiymi – muhim o‘zgarish ro‘y bermaydi.
Xulqqa quyidagicha misol keltirish mumkin: mahallamizdagi oila boshliqlaridan biri imkon boricha qo‘ni-qo‘shnilarning barcha ma'rakalarida xizmatda turadi, hech kimdan qo‘lidan kelgan yordamini ayamaydi, ochiq ko‘ngil, ochiq qo‘l, doimo o‘z bilimini oshirib borishga intiladi, tirishqoq, oila a'zolariga mehribon va h.k. Unday odamni biz hushxulq inson deymiz va unga mahallamizning namunasi sifatida qaraymiz. Bordi-yu, aksincha bo‘lsa, u qo‘ni-qo‘shnilar bilan qo‘pol muomala qilsa, to‘y-ma'rakalarda janjal ko‘tarsa, sal gapga o‘dag‘aylab, musht o‘qtalsa, ichib kelib, oilada xotin-bolalarini urib, haqoratlasa, uni badxulq deymiz. Uning badxulqliligidan oilasi, ba'zi shaxslar jabr ko‘radi, mahalladagilarning tinchi buziladi, lekin xatti-harakatlari jamiyat ijtimoiy hayotiga yoki insoniyat tarixiga biror bir ta'sir o‘tkazmaydi.
Axloqqa kelsak, masala jiddiy mohiyat kasb etadi: deylik, bir tuman yohud viloyat prokurori o‘zi mas'ul hududda doimo qonun ustuvorligini, adolat qaror topishini ko‘zlab ish yuritadi, lozim bo‘lsa, hokimning noqonuniy farmoyishlariga qarshi chiqib, ularning bekor qilinishiga erishadi; oddiy fuqaro nazdida na faqat o‘z kasbini e'zozlovchi shaxs, balki haqiqiy huquq posboni, adolatli tuzum timsoli tarzida gavdalanadi; u – umrini millat, Vatan va inson manfaatiga bag‘ishlagan yuksak axloq egasi; u, o‘zi yashayotgan jamiyat uchun namuna bo‘laroq, o‘sha jamiyatning yanada taraqqiy topishiga xizmat qiladi. Agar mazkur prokuror, aksincha, qonun himoyachisi bo‘laturib, o‘zi qonunni buzsa, shaxsiy manfaati yo‘lida oqni qora, qorani oq deb tursa, u axloqsizlik qilgan bo‘ladi: oddiy fuqoro nazdida birgina kishi prokuror-amaldor emas, balki butun jamiyat adolatsiz ekan, degan tasavvur uyg‘onadi. Bu tasavvurning muntazam kuchayib borishi esa, oxir-oqibat o‘sha jamiyat yoki tuzumni tanazzulga olib keladi.
Albatta, har uchala axloqiy hodisa va ularning ziddi nisbiylikka ega. Chunonchi, hozirgina misol keltirganimiz prokurorning axloqsizligi darajasi bilan o‘z yakka hukmronligi yo‘lida millionlab begunoh insonlarni o‘limga mahkum etgan Lenin, Stalin, Gitler, Pol Pot singari shaxslar orasida farq bor: agar prokurorning axloqsizligi bir millat yoki mamlakat uchun zarar qilsa, totalitar tuzum hukmdorlari xatti-harakatlari umumbashariy miqyosdagi fojialarga olib keladi.
Bu o‘rinda shuni alohida ta'kidlash joizki, axloqiy tarbiya natijasida odoblilik-xushxulqlilikka, xushxulqlilik – yuksak axloqiylikka aylangani kabi, axloqiy tarbiya yo‘lga qo‘yilmagan joyda muayyan shaxs, vaqti kelib, odobsizlikdan – badxulqlilikka, badxulqlilikdan – axloqsizlikka o‘tishi mumkin.
Shunday qilib, axloqshunoslik mazkur uch axloqiy hodisani bir-biri bilan uzviylikda va nisbiylikda o‘rganadi.
Ba'zi ulamolar axloqni «irodaning odati» deb ta'rif qilganlar. Ya'ni, iroda o‘ziga bir narsani odat qilib olsa, o‘sha axloqqa aylangan bo‘ladi. Misol uchun, kishining irodasi xayr-ehson qilishga azmu qarorli bo‘lib qolsa, o‘sha «karamli xulq» deyiladi.
Islom diynida axloqiy tarbiya diyniy tarbiyaning ajralmas qismi, desak, mubolag‘a qilmaymiz. Zero, diyn yaxshi deb xisoblagan va da'vat etgan narsalar ezgulik, yomon deb xisoblagan va man' etgan narsalar yovuzlikdir. Shuningdek, diyn buyurgan, hayotda va muomalada kasb etishga targ‘ib etgan axloq va faziylatlar Islom jamiyatida qadriyat, chiroyli xulq va ma'naviy faziylatlar hisoblanadi.
Axloqiy dunyo o‘z tabiatiga ko‘ra diniydir. Axloqi va muomalasi go‘zal bo‘lmagan musulmonning dini ham mukammal hisoblanmaydi.
Qadimdan axloq ilmi ulamolari “Odamdagi axloqlar uning yaratilishida qo‘shib yaratilgan bo‘ladimi yoki kishi axloqni keyin o‘rganadimi?” degan savolga javob berishda ixtilof qilishgan.
Ulardan ba'zilari: «Yaxshi va yomon axloq inson yaratilgan chog‘ida qo‘shib yaratiladi, axloqni keyin kasb qilib bo‘lmaydi», deganlar.
Boshqa bir guruh ulamolar: «Inson tug‘ilganda hech qanday fazilat yoki razilatsiz tug‘iladi, unda qanday xislat bo‘lsa, tug‘ilganidan keyin paydo bo‘ladi», deganlar.
Axloq ilmi ulamolari esa: “Ota-onasida mavjud bo‘lgan ba'zi axloqlar xamirturushi insonga onasining qornidalik paytidayoq o‘tadi. Alloh bandani xalq qilish chog‘ida axloq qobiliyatini ham qo‘shib yaratadi. Inson o‘sishi jarayonida tarbiya, muxit va odatlanish oqibatida u yoki bu axloqni o‘zida rivojlantiradi yoki yo‘qotib yuboradi”, deydilar.
Shuning uchun ham, Islomda xulqli sayqallashga alohida e'tibor beriladi. Bu ish har bir musulmon uchun lozim va lobud ishlardan biri darajasiga ko‘tariladi.
Tarbiyaning asosi ko‘p jihatdan bilimga va yaxshilarga yondashishda va ularning ibratli hayot tarzi asosida yuzaga kelgan boy tajribaga hamda purma'no so‘zlarini qay darajada bilishga borib taqalar ekan. Shu o‘rinda, bobomning yoshligimda aytgan go‘zal o‘gitlarini misol tariqasida keltirmoqchiman: “Bolam, allomalarimiz qoldirgan hikmatli so‘z va matallarni qanchalik yod olib borsang, qalbingga shunchalik naqshlanib boraveradi. Natijada, sening tilingdan ham shunday go‘zal so‘zlar yog‘ila boshlaydi”. Farzandlarimiz ham rivoyat, hikoyat va ibratli so‘zlarga juda muhtoj.
Samarkand shahar Qoraboy Oqsoqol jome masjidi
imom-xatibi Bobobek Abdurahimov
Kiritilgan vaqti: 18/01/2023 09:47; Ko‘rilganligi: 23800
Chop etilgan vaqti: 10/10/2025 19:00