O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

NIKOH MUQADDAS RISHTA

 
 

BISMILLAHIR ROHMANIR ROHIYM

Nikohni odamlar orasidagi eng muqaddas robita va halol aloqa qilib bergan Alloh taologa O‘z zotiga munosib hamdu sanolar bo‘lsin.

"Nikoh mening sunnatimdir, kim mening sunnatimdan yuz o‘girsa, mendan emasdir", degan Payg‘ambarimiz Muhammad Mustofo sollallohu alayhi vasal- lamga salovotu durudlar bo‘lsin.

Ushbu mo‘jazgina maqolada nikoh, uning ahamiyati va bu borada har bir musulmon bilishi va qilishi lozim bo‘lgan ishlar haqida so‘z ketadi.

Nikoh masalasi har bir kishi, oila, jamiyat va davlat, butun insoniyat uchun muhim ekanini hamma biladi. Chunki bu amaliy hayotda o‘ta muhim bo‘lib, halol va haromga, oila tashkil qilishga, kelajak avlod farzandlarimizning dunyoga kelishiga va uning tarbiyasiga bog‘liq ma-saladir.

Shuningdek, u eru xotinlarning haq-huquqlari va majburiyatlari, ularga amal qilish, oilani tashkil etish, boshqarish, qolaversa saodatli qilish bilan borliq masaladir.

Agar oilalar jips, baquvvat, baxtli bo‘lsagina jamiyat ham jips, baquvvat, baxtli bo‘lishi o‘z-o‘zidan ayondir.

Musulmonlar boshqa ishlar kabi oila masalasida ham ko‘ngliga kelgan narsani turli bid'at-xurofotlarni yoki qandaydir odamlar tomonidan ishlab chiqilgan qonun-qoidalarni o‘zlariga ko‘rsatma yoki yo‘llanma deb bilmaydilar.

Musulmonlar bu nozik ishda ham o‘z Xoliqlari, butun olam tarbiyachisi Alloh subhanahu va taoloning amriga, Uning Rasuli Muhammad sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga qat'iy amal qiladilar.

Chunki oila ilohiy ko‘rsatmalar, nabaviy ta'limotlar, dinu diyonat, fozil axloq asosida qurilganidagina mustahkam va baxtli bo‘la oladi.

Nikohning shar'iy hukmlarini yaxshi bilish eru xotinlarni turli xato, kelishmovchi­lik va ko‘ngilsizliklardan saqlaydi.

Nikohning shar'iy hukmlarini bilmaslik esa, turli baxtsizliklarga. Kelishmovchilik, urush-janjal, oila buzilishi, bolalarning sarson-sargardon bo‘lishiga va nihoyat, jamiyatning ham zaiflashuviga olib keladi.

Shuning uchun ham oilaviy hayotimizni Islom shariati ko‘rsatmalari asosida olib borishimiz lozim. Buning uchun esa, Islom hukmlarini o‘rga-nishimiz kerak. Shu hukmlarni ushbu qisqa bo‘lsa ham maqolamizda Alloh qodir qilganicha yoritib beramiz degan umiddamiz.

Keling, Alloh taolo oila qandoq bo‘lishiga amr etganini o‘rganib chiqaylik.

Dunyodagi eng saodatli va eng ibratli oila Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning oilalari va u Zotning oila haqidagi ko‘rsatma­lari qandoq bo‘lganligini bilib olaylik.

Keling, eng saodatli avlod bo‘lmish sahobalar avlodi qandoq oilaviy hayot kechirishganini ko‘rib chiqaylik.

So‘ngra o‘sha bilgan narsalarimizni hayotimizga tatbiq kilaylik. Shoyad bizga ham o‘sha zotlarga nasib etgan saodatli oilaviy baxt nasib etsa.

Alloh taolo yana: "Va batahqiq, sendan oldin ham Rasullar yuborganmiz va ularga jufti halollar va zurriyotlar berganmiz", degan (Ra'd, 385).

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga xitob qilinayotgan ushbu oyatda Alloh taolo oilali bo‘lish, uylanish va zurriyotli bo‘lish barcha Payg‘ambar alayhissalomlarning sunnatlari ekanligi bayon etilmokda.

Ma'lumki, Payg‘ambar alayhissalomlar Alloh taoloning eng suyukli, tanlab olgan, boshqalarga o‘rnak qilib kursatgan bandalaridir. Ular inso-niyat tarixi davomida ilohiy qonun-qoidalar asosida yashashni kishilarga o‘rgatib kelgan shaxslardir. Ana o‘shandoq oliymaqom zotlarning hammalari oilali va zurriyotli bo‘lishlari bejiz emas. Bu barcha insonlar oilali bo‘lib, zurriyot qoldirishga urinishlari kerak ekanligini ko‘rsatadi. Bu oyatda ham nikohga qattiq targ‘ib borligini ko‘rib turibmiz.

Abdulloh roziyallohu onhudon rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning:"Ey yoshlar jamoasi, sizdan kim nikohga qodir bo‘lsa, uylansin. Albatta, u ko‘zni to‘suvchi va farjni saqlovchidir. Kim qodir bo‘lmasa, ro‘zani lozim tutsin, bu uning uchun bichilishdir", deganlarini eshitdim".

Demak, shu ma'nodagi qudratga ega bo‘lgan har bir musulmon uyli-joyli, oilali bo‘lishga harakat qilmog‘i lozim. Agar nikohga moddiy yoki ma'naviy jihatidan qudrati yetmagan, sarf-xarajatni ko‘tara olmaydigan yoki uylansa, umr yo‘ldoshiga zulm qilishdan o‘zini to‘xtata olmaydigan yoshlar bo‘lsa, ro‘za tutmoqlari kerak. Shu yo‘l bilan ular shahvatini bosadilar. Chunki ro‘za tufayli kishining shahvati pasayib, boshqa jinsdagilarga shahvat bilan qaramaydigan, farjini zinoga ishlatmaydigan holga keladi. Oddiy holatlarda esa, bu ikki xavfning oldini nikoh oladi.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Uch kishilik guruh Nabiy sollallohu alayqi vasallamning zavjalari uylariga Nabiy sol­lallohu alayhi vasallamning ibodatlari haqida so‘rab keldi. Bas, ularga (bu haqda) xa­bar berilganida xuddi u(ibodat)ni oz sanaganday bo‘ldilar. Shunda ular: "Biz qayoqda-yu, Nabiy sollallohu alayhi vasallam qayoqdalar, u Zotning o‘tganu qolgan gunohlari mag‘firat qilingan", dedilar.

Ulardan biri: "Men tunlarni namoz o‘qish bilan o‘tkazaman", dedi.

Boshqasi esa: "Men doimo ro‘za tutaman, og‘zim ochiq yurmayman", dedi.

Yana boshqa bir: "Men ayollardan chetda bo‘laman, abadul abad uylanmayman", dedi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning oldilariga kelib, "Shundoq, shundoq, deganlar sizlarmi?! Ammo, Allohga qasamki men Allohdan eng qo‘rquvchirog‘ingizman va Unga eng taqvodoringizman. Lekin ro‘za ham tutaman, og‘zim ochiq ham bo‘ladi. Namoz ham o‘qiyman, uxlayman ham. Ayollarga uylanaman ham. Bas, kim mening sunnatimdan yuz o‘girsa, mendan emas", dedilar".

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam kim mening sunnatimdan yuz o‘girsa, mendan emas, deganlari imkoni bo‘la turib nikohda bo‘lmaslik, oila qurmaslik musulmon uchun mutlaqo to‘rg‘i kelmasligini bayon etadi. Uylanmay, oila qurmay yurish musulmonlarga xos ish emas.

Shuning uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alay­hi vasallamning sunnatlariga amal qilib, nikohda bo‘lishga, oila qurishga harakat qilish kerak. Aks holda u Zotning yo‘llaridan boshqa yo‘lda yurilgan hisoblanadi.

Tojiyev Hamidullo - Urgut tuman Imom Hasan masjidi imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 18/08/2020 09:47;   Ko‘rilganligi: 2130
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/nikoh-muqaddas-rishta
Chop etilgan vaqti: 03/01/2026 04:37
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing