Mursal hadis va uning hukmlari
Mursal lug‘atda: ismi maful, o‘zagi (الإرسال) «qo‘yib yubormoq» manosida, ammo (الإطلاق) «ochiq qoldirmoq» manosida qo‘llaniladi (Qomusul Muhit). Yani mursal hadis sanadi ochiq qoldirilib, malum roviy bilan qayd etilmagan hadisdir.
Istilohda: Toben hadis sanadida o‘zi bilan o‘rtada biron roviyni vosita qilmay, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nisbat bergan hadisdir. Tobeindan murod - xoh kichik, xoh yoshi ulug‘ tobein etiborga olinadi [Sayyid Abdul Mojid G‘avriy: "Mo‘jamu mustalihotil hadisiya". Dorul Ibn Kasir. Bayrut].
Mursal hadisga misol:
عن سعيدِ بنِ المُسيِّب أنَّ رسولَ اللهِ صلَّى اللهُ عليه وسلَّم عن المزابَنةِ
Said ibn Musayyibdan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muzobana (o‘lchovi, soni yoki og‘irligi bilinmagan narsalarni sotish)dan man qildilar [Ibn Abdul Bar: «Tamhid» 6/441].
Said ibn Musayyib ulug‘ tobeinlardan sanaladi, ushbu hadisni o‘zi bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘rtasida roviyni vosita qilmay rivoyat qilgan. Hadis sanadini oxiridan roviyni tushirib qoldirgan. Tobeindan keyin roviy tushib qolib, sanad bo‘sh qolgan. Roviy sahobiy yoki ehtimol tobein bo‘lishi mumkin [Sayyid Abdul Mojid G‘avriy: "Mo‘jamu mustalihotil hadisiya". Dorul Ibn Kasir. Bayrut].
Maxfiy mursal:
Roviy o‘zi muloqotda bo‘lgan yoki bir zamonda yashagan odamdan bevosita o‘zi eshitmagan hadisni rivoyat qilishi maxfiy mursalning bir ko‘rinishidir.
Maxfiy mursal hadisga misol:
حدثنا إبراهيم بن عبد لله الهروي، نا هشيم، أنا يونس بن عبيد، عن نافع، عن ابن عمر، قال: قال رسول الله : «مطل الغني ظلم، وإذا أحلت على ملئ فاتبعه «
«Ilalul kabirda» rivoyat qilingan hadis Ibrohim ibn Abdulloh al-Hiraviy, Hushaym va Yunus ibn Abid bizga Nofe va Ibn Umardan rivoyat qilgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Imkoni bor kishining (karzni bermay) cho‘zishi zulmdir. Kimning qarzi o‘ziga to‘q odamga xavola qilinsa, o‘shanga borsin», dedilar [«Ilalul kabir». 194. «Sunanu Termiziy». 1309. «Sunanu ibn Moja». 2404. «Musnadu Imom Ahmad». 5395].
Hadisning zohiriy sanadi muttasil (uzilmagan). Yunus ibn Abid Nofe bilan zamondosh bo‘lgan. Nofedan hadis eshitgan. Lekin muhaddislar: «Yunus Nofedan bu hadisni eshitmagan», deydilar. Imom Buxoriy: «Yunus ibn Abid hadisni Nofedan eshitgan deb o‘ylamayman» degan. Bu fikrni Imom ibn Main, Ahmad ibn Hanbal, Abu Hotim ham tasdiqlaydilar. Shu sabab, maxfiy mursal hadis deb hisoblanadi [«Jomeut tahmil» 377. «Tahzibut tahzib» 4/472].
Sahobiyning mursali:
Sahobiy Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan hadis rivoyat qilgan bo‘lib, sahobiyning yosh bo‘lganligi yoki kechroq Islomni qabul qilgani yoki boshqa sabab, hadisni eshitmaganligi bilingan hadis –sahobiyning mursal hadisi deyiladi.
Sahobiyning mursal hadisiga misol:
قول السيدة عائشة رضي الله عنها : أول ما بديء به رسول الله ٠ من الوحي الرؤيا الصالحة في النوم، وكان لا يرى رؤيا إلا جاءت مثل فلق الصبح، وحبب إليه الخلاء، فكان يخلو بغار حراء فيتحنث فيه - وهو التعبد - الليالي ذوات العدد قبل آن ينزع إلى أهله ويتزود لذلك، ثم يرجع إلى خديجة فيتزود لمثلها حتى جاء ه الحق وهو في غار حراء.... الحديث
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga boshlangan ilk vahiy uyqudagi solih tushdir. U zot biror tush ko‘rsalar, tong yorug‘idek aniq o‘ngidan kelmay qolmas edi. So‘ngra u zotga xoli qolish mahbub qilindi. Hiro g‘orida xoli qolib, ahllari oldiga tushmay, bir necha kecha "tahannus", ya'ni ibodat qilar edilar. Buning uchun ozuqa g‘amlab olar edilar. So‘ngra Xadichaning oldiga qaytib, yana o‘shancha ozuqa g‘amlab olar edilar. Nihoyat, Hiro g‘orida ekanlarida u zotga haq keldi..." [Imom Buxoriy: «Sahih». Badul vahiy bobi: 3].
Oisha roziyallohu anho onamiz ilk vahiy kelganda hozir emasdilar. Ilk vahiyning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga kelganini kimdan eshitganlari malum emas. Hadis mursal hadis sanaladi, lekin muhaddislar hadisni sahobiyning mursali deb nomlashadi.
Sahobiyning mursal hadisining hukmi:
Barcha muhaddislar sahobiyning mursalini muttasil (uzluksiz) hadis deb etibor qilishadi. Sahobiyning mursalini zarari yo‘qdir. Hadisning boshqa shartlari mavjud bo‘lsa, sahobiyning mursali qabul qilinadi. Chunki sahobiyning rivoyati sahobiydan bo‘ladi. Barchamizga ma'lumki sahobalar odil kishilar hisoblanadi.
Tobeinlardan mursal hadis rivoyat qilgan roviylar:
1.Madina ahlidan Said ibn Musayyib (vafoti 94.h/713m).
- Ko‘fa ahlidan Ato ibn Abu Raboh (vafoti 114.h/733m).
3.Misr ahlidan Said ibn Hilol (vafoti 135.h/753m).
4.Shomdan Makhul Damashqiy (vafoti 112.h/731m).
5.Basradan Hasan ibn Yasor Abulhasan al-Basriy (vafoti 110.h/729m).
6.Ko‘fada ahlidan Ibrohim ibn Yazid Naxayilar (vafoti 96.h/715m) ko‘plab mursal hadis rivoyat qilganlar. [Sayyid Abdul Mojid G‘avriy: «Mo‘jamu mustalihotil hadisiya» 696. Dorul Ibn Kasir.Bayrut].
Mursal hadislar haqida kitob tasnif etgan mualliflar:
Mursal hadislarni jamlab, kitob tasnif etgan musanniflarning eng mashhurlari:
- Imom Abu Dovud Sulaymon ibn al-Ashas as-Sijistoniy (vafoti 275.h/889.m) «Marosil» kitobini tasnif etgan. Kitob fiqhiy boblarga asoslanib tartiblangan. Kitobda hadislar soni 544taga yetadi. Kitobda roviylar sanadlari zikr etilgan holda nashrdan chiqqan. Sanadlari zikr etilmagan nusxada ham nashr etilgan.
- Imom Abu Hotim Abu Muhammad Abdurahmon ibn Muhammad ibn Idris al-Hanzaliy ar-Roziy (vafoti 327.h/939.m) «Marosil» kitobini tasnif etgan. Kitobda sahobalar ismlari alifbo tartibida jamlangan. Kitob nashrdan chiqqan.
- Abu Bakr Ahmad ibn Horun al-Bardijiy (vafoti 301.h/914m) «Bayonul marosil» kitobini tasnif etgan.
- Hofiz Salohiddin Abu Said Xalil ibn Kaykeldi al-Aloniy (vafoti 861.h/1457m) «Jomeut tahsil bi-ahkomil marosil»(Mursal hadislarning xulosasini jamlash) kitobini tasnif etgan. Muallif kitobida sanaddagi uzilishlar va munqate (sanadi uzilgan) hadislarni misollar bilan keltirgan. Hadislarni mursal rivoyat qiluvchilarni tabaqasini eslatib o‘tgan [«Manhaju naqd fi ulumil hadis» 399. «Taysiru mustalahi ulumil hadis» 71-73. «Al-iyzoh fi ulumil hadis» 135-141. Sayyid Abdul Mojid G‘avriy: «Mo‘jamu mustalihotil hadisiya» 696-697. Dorul Ibn Kasir. Bayrut].
Mursal hadisga amal qilishda hadis ulamolarning qarashlari.
Mursal hadis zaif hadis bo‘lib, to‘qima hadislardan emasligini olimlar bayon qilishgan. To‘qima hadis (mavzu' xabar) to‘qilgan yolg‘on bo‘lib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nisbat berilgan xabar ekanligi malum. To‘qima hadisni hadis ulamolari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislariga qo‘shmaydilar va unga hech kim amal qilmaydi. Ammo mursal hadisgachi? Zaif hadisga amal qilsa bo‘ladimi? Bu haqda ulamolarga murojaat qilamiz.
Mursal hadisga amal qilish haqida ahli hadis va faqihlar 3 xil qarashga egalar.
- Ahli hadis qarashi: Zaif hadis tark qilinadi va unga amal qilinmaydi.
Imom Navaviy «Taqrib»da «Bu barcha hadis hofizlari va hadis tanqidchilarini qarashi» deydi. Imom Muslim «Sahih»ining muqaddimasida [1/30] ahli ilmlarning hadis haqidagi qarashlarida naql qilib o‘tgan.
- Fuqaholarni qarashi: Zaif hadis mutlaqo qabul qilinadi.
Bu Imom A'zam, Imom Molik, Imom Ahmad ibn Hanbal mazhablarining qarashlari. Imom G‘azzoliy: «Barcha mazhablar bu qarashga ittifoq qilib, mursal hadislarda roviyning ishonarli bo‘lmog‘ini va ishonarsiz roviylardan ehtiyot bo‘lishni shart qilishgan», deydi.
- Imom Shofeiy mazhabining qarashi: Zaif hadisni qabul qilish va rad etishda o‘rtacha qarash.
"Katta tobeinlardan mursal hadis rivoyat qilingan bo‘lsa, shu mursal hadisni muttasil hadis bilan yoki boshqa kuchli mursal hadis bilan yo sahobiyning so‘zi yo ulamolar jamoasining fatvosi bilan quvvatlantirilsa mursal hadis qabul qilinadi va unga amal qilinadi, agar yuqoridagi shartlar topilmasa mursal hadis qabul qilinmaydi" deyiladi [Abu Dovud: «al-Marosil». Shuayb Arnout tahqiqi ostida].
Faxritdin XUDOYNAZAROV,
Surxondaryo viloyati Denov tumani “Hikmat”
jome masjidi imom-xatib
Kiritilgan vaqti: 25/08/2020 14:18; Ko‘rilganligi: 3031
Chop etilgan vaqti: 19/09/2025 21:18