MUHADDISLAR FAZILATI
“Muhaddis” degan nom Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak hadislarini yod olib, boshqalarga to‘liq yetkazib beruvchiga nisbatan qo‘llanishining o‘zi ham bu toifaga mansub odam yuksak fazilat egasi ekanini ko‘rsatib turadi. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning so‘zlari shunchaki oddiy so‘zlar emas, balki insoniyatni kufr zulmatidan imon nuriga olib chiqish, ulug‘ xulqlarni kamolga yetkazish va din ahkomlarini mukammal o‘rgatish uchun yangragan muborak hadislar edi.
Alloh taolo Qur'oni karimda bunday deydi:
﴿كَمَا أَرْسَلْنَا فِيكُمْ رَسُولًا مِّنكُمْ يَتْلُو عَلَيْكُمْ آيَاتِنَا وَيُزَكِّيكُمْ وَيُعَلِّمُكُمُ الْكِتَابَ وَالْحِكْمَةَ وَيُعَلِّمُكُم مَّا لَمْ تَكُونُوا تَعْلَمُونَ﴾
“Biz sizlarga o‘zingizdan bo‘lgan bir elchini yubordik. U sizlarga Bizning oyatlarimizni tilovat qilib beradi, sizlarni (ma'naviy) poklaydi hamda sizlarga kitob va hikmatni yana bilmagan narsalaringizni ham ta'lim beradi”[1]. Ushbu oyati karimada odamlarga dinlarini o‘rgatadigan payg‘ambarni yuborish katta ne'mat ekani va ular bu ne'matga shukrona keltirishi lozim ekani uqtirilmoqda.
Alloh taolo boshqa bir oyatda bunday degan:
﴿وَما آتاكُمُ الرَّسُولُ فَخُذُوهُ وَما نَهاكُمْ عَنْهُ فَانْتَهُوا﴾
“Rasul sizlarga nimani keltirgan bo‘lsa, uni oling, sizlarni nimadan qaytargan bo‘lsa, undan tiyiling!”[2] Ushbu oyatda mo‘min-musulmonlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam keltirgan ta'limotlarga amal qilishi lozimligi ochiq bayon qilingan. U zotning farz amallar to‘g‘risidagi ta'limotlariga amal qilish farz, vojib amallarga tegishlisiga amal qilish vojib, sunnat amallarga taalluqli bo‘lganiga amal qilish sunnat va mustahab amallarga oidiga amal qilish mustahabdir. Bundan tashqari u zot qaytargan amallar ham asosan ikki turga: harom va makruh amallarga bo‘linadi. Insoniyatning najoti Rasululloh sollallohu alayhi vasallam keltirgan ta'limotlarga bog‘liq ekan, ularni saqlab qolish o‘ta muhimligi o‘z-o‘zidan ma'lum bo‘ladi.
Alloh taolo bandalarga marhamatli Zot bo‘lgani uchun, ularga foydali bo‘lgan ta'limotlarni saqlab qolishda hikmati ilohiysini ishga solib, odamlar orasidan “Muhaddis” degan sharafli nomga loyiq insonlarni tarbiyalab voyaga yetkazdi. Ular sahih hadislarni to‘qima gaplardan ajratish uchun bor imkoniyatini ishga solib, o‘ziga yuklatilgan vazifani a'lo darajada uddaladi. Bu mas'uliyatli ishda ularga Alloh taoloning O‘zi madadkor bo‘ldi.
Muhaddislar sahih hadislarni to‘plash maqsadida minglab kilometr masofalarni bosib o‘tdi. Hadislarni eng ishonchli roviylardan eshitib, puxta tahlil qilgandan keyingina o‘z kitobiga kiritdi. Bu bilan Qur'ondan keyingi eng asosiy manbani musaffo tarzda saqlanib qolishiga katta hissa qo‘shdi. Agar ular shunday qilmaganida, odamlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarni qayerdan bilardi va qanday qilib sahih hadislarni to‘qima gaplardan ajrata olardi?! Yo‘q, albatta. Muhaddislarning sahih to‘plamlarisiz hech kim hadis borasida chuqur bilimga ega bo‘la olmas edi.
Muhaddislar hadis borasida keyingilarga ustoz bo‘lganlik jihatidan ham yuksak fazilat egasidir. Zero, ustozning martabasi ulug‘ ekani hammaga birdek ma'lum.
Hadis imomlarining eng fazilatlilari “olti sahih” to‘plami sohiblari bo‘lib, ularning orasida eng sharaflisi butun dunyo musulmonlari e'tirof etgan vatandoshimiz Imom Buxoriy hazratlaridir. Bunday ulug‘ insonning yurtimizdan yetishib chiqishi, shu yurt farzandlarining iftixori sanaladi. Umid qilamizki, kelajakda Imom Buxoriy kabi yurtning obro‘sini ko‘klarga ko‘taradigan hadis olimlari yetishib chiqadi.
Kiritilgan vaqti: 19/05/2023 10:10; Ko‘rilganligi: 766
Chop etilgan vaqti: 19/09/2025 21:18