Missionerlikning salbiy oqibatlari davomi 2 qism
15-16-asrlarda Ispaniya va Portugaliya mustamlaka imperiyalari tashkil topgach, missionerlik katolik cherkovi doirasida o‘z faoliyatini kuchaytirib, yangi yerlarning zabt etishning g‘oyaviy asosi bo‘lib xizmat qilgan. Katoliklarning turli yo‘nalishlariga mansub missionerlarning oshkora yoki maxfiy ravishda Amerika, Afrika xalqlarini zabt etishda qatnashganliklari bunga dalil bo‘la oladi. Afrika xalqlari orasiga borgan missionerlar haqida keyinchalik mahalliy aholi shunday degan: “Bular bizni yerlarga kelgan paytda, bizning qo‘limizda katta-katta yerlar va oltinlar bor edi, ularning qo‘llarida esa Injil boredi. Oradan vaqt o‘tib, ularning qo‘llarida katta-katta yerlar va oltinlar, bizning qo‘limizda esa faqatgina Injil qoldi.”
13-16-asrlarda xristian missionerligi Hindiston, Xitoy va Yaponiyaga ham kirib bordi. Yaponiyada missionerlik shu darajada rivojlanib ketdiki, 19-asr o‘rtalarida yapon imperatori barcha missionerlarni ayg‘oqchi sifatida kunchiqar mamlakatdan haydab yubordi. Mazkur misol va Afrikaning bir qator qabilalari tilida “missioner” so‘zining “qotil” so‘zining sinonimi sifatida ishlatilishi ham missionerlikning rahm-shafqatga asoslanishi haqidagi fikrlarning cho‘pchak ekanligini ko‘rsatadi.
Missionerlik bizning yurtimizga mustaqilligimizning ilk yillari demokratiya niqobi ostida, rasmiy tashkilot sifatida joylarda o‘nlab ibodatxonalarni qurib, yurtimizni kelajakda har jabhada notinch qilishga qaratilgan qora ishlarini boshlashdi. Shukrki ularning bu faoliyatlari tez orada barham topdi.
Missionerlar makkorona uslublardan foydalanib, asosan yashirincha ish olib borishdi. Ular jonajon diyorimizga til, kompyuter o‘rgatish, har xil sohalar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash yoki xayriya ishlar bilan shug‘ullanuvchi nodavlat tashkilotlar qatorida kirib kelishdi. Azaldan ilmga chanqoq xalqimiz esa bunday o‘quv markazlariga murojaat qilishga shoshdilar. Lekin o‘qish jarayonida ba'zi “o‘qituvchi”larni qiyofalari ma'lum bo‘lib qoldi.
Missionerlar qimmatbaho qog‘ozlarda, jozibali ko‘rinishda nashr etilgan kitoblarini, varaqa (buklet) larini bozorlar, kasalxona, sihatgohlar va ayrim ishxonalarda tarqatishga harakat qilishdi. Afsuski, ba'zilar turli sabablar bilan ularning tuzog‘iga ilindi.
Rashid Ravshanov Nurobod tumani “Nurdum ota” jome' masjidi imom xatibi internet ma'lumotlari asosida tayyorlandi
Kiritilgan vaqti: 02/12/2021 08:18; Ko‘rilganligi: 865
Chop etilgan vaqti: 10/10/2025 13:10