MENING O‘RNIMDAN JAVOB QIL!
Bir kuni Umar ibn Xattob roziyollohu anhu masjidda Hasson ibn Sobit roziyollohu anhuning she'r o‘qiyotganini eshitib qoldilar. Umar roziyollohu anhu Hasson roziyollohu anhuga tanbih berdilar. Aslida Umar roziyollohu anhu she'rni harom demoqchi yoki shoirlarning qadrini yerga urmoqchi emas edilar. Chunki u zotning o‘zlari: “Tilingiz(qoidalari)ni Robbingizning kitobidan va qadimiy she'rlaringizdan olinglar!”, degan edilar. Hasson roziyollohu anhuni qaytarganlariga sabab faqatgina masjidning e'zozi uchun edi. Umar roziyollohu anhu masjidda faqat qur'on va hadis zikr qilinadi deb e'tiqod qilar edilar. Shunda Hasson roziyollohu anhu:
-Ey mo‘minlar amiri! Men masjidda sizdan afzalroq inson bo‘lganida ham she'r o‘qiganman!-dedi.
So‘ngra Abu Hurayra roziyollohu anhuga qarab:
-Ey Abu Hurayra! Rasululloh sallollohu alayhi va sallamning menga: “Ey Hasson! Mening o‘rnimdan ularga(mushriklarga) javob qil! Ey Allohim! Hassonni Ruhul Quds bilan quvvatlagin!", deganlarini eshitmaganmisan?!-dedi.
Abu Hurayra roziyollohu anhu dedi:
-Ha, eshitganman!
Buni eshitgan Umar roziyollohu anhu indamasdan ularni tashlab ketib yubordilar.
Agar men muhaddis bo‘lganimda bu voqeani Umar roziyollohu anhuning fazilati haqida vorid bo‘lgan hadislar yonida zikr qilar edim. Fazilat degani kishining faqatgina to‘g‘ri yo‘lda bo‘lishi emas, balki xatosi oshkor bo‘lganida haqni tan olishi hamdir!
“Mening o‘rnimdan ularga javob qil!”. Mana shunga ozroq to‘xtalamiz. Harbiy harakatlarda Xolid ibn Valid roziyollohu anhuning qilichiga muhtoj bo‘lgan bu din, fikriy janglarda Hasson roziyollohu anhuning she'rlariga ham muhtoj bo‘lgan. Xolid roziyollohu anhu Hasson roziyollohu anhuning o‘rnini bosa olmas edi. Hasson roziyollohu anhu ham Xolid ibn Valid roziyollohu anhuning o‘rnini bosa olmas edi. Alloh taolo bizning har birimizni alohida bir chegaraga qo‘ygan. Biz o‘zimizga berilgan bor kuch-quvvat bilan o‘sha chegarani qo‘riqlashimiz lozim. O‘zimizning chegaramizni arzimas deb o‘ylamasligimiz kerak. Qolaversa, o‘z chegaramizni boshqalarning chegarasidan muhim deb o‘ylamasligimiz kerak.
“Qiyinchilik qo‘shini”da Usmon roziyollohu anhuning mollari Ubay ibn Ka'b roziyollohu anhuning qiroatidan muhimroq edi. Qur'oni karim jamlanayotgan paytda Ubay ibn Ka'b roziyollohu anhuning qiroati Usmon roziyollohu anhuning mollaridan, Xolid roziyollohu anhuning qilichidan, Hasson ibn Sobit roziyollohu anhuning she'rlaridan ko‘ra ahamiyatli edi. Davrimiz kelganida arslon bo‘lishimiz kerak!
Ali ibn Abi Tolib roziyollohu anhuning Xaybar jangidagi ishlatgan qilichlari Abu Bakr roziyollohu anhuning Bilol roziyollohu anhuni ozod qilgan mollari kabidir. Ali ibn Abi Tolib roziyollohu anhuning qilichlari qul ozod qila olmas edi. Abu Bakr roziyollohu anhuning mollari Xaybarda dushmanni qatl qila olmas edi. Bu dinni tobelari to‘ldirishadi. Bunda raqobat va “men sendan ustunman” deyish yo‘q.
Bugungi islomning ham holi shunaqa. Chegaralar xilma-xil, bizning har birimiz alohida chegaradamiz. Ona uyida chegara qo‘riqlaydi. Chunki mardlarni yetishtirish eng buyuk vazifadir. Muallim sinfida chegara qo‘riqlaydi. Chunki johil xalq insoniyatni boshqara olmaydi, boshqalar tomonidan boshqariladi. Mujohid o‘z chegarasida qilayotgan ishni masjid imomi qila olmaydi. Masjid imomi qo‘riqlayotgan chegarani boy savdogar qo‘riqlay olmaydi. Shuni bilishimiz kerakki, sadaqa-ehsonlar qiladigan, insonlarga yordam beradigan boyning chegarasi, xalq uchun qonini beradigan mujohidning chegarasidan yoki xalqni Alloh tomon yetaklaydigan masjid imomining chegarasidan ahamiyatsiz emas.
Alloh sizni qaysi chegarada qo‘yganiga qarang. Siz ana shu chegarani himoya qilishingiz lozim. Uning uchun kurashishingiz kerak. Bizning har-birimiz o‘z chegarasida tursagina bu ummat o‘z buyukligini qaytarib oladi.
Bir podshohning xotini bemor bo‘libdi. Shifokorlar uni har kuni sutda cho‘milishini tayinlashibdi. Podshoh hovuzni har kuni sut bilan qanday to‘ldirishini bilmasdan boshi qotibdi. Vazirlaridan biri podshohga xalqqa bir paqirdan sut solig‘i solishni amr qilishini aytibdi. Hamma kechasi bir paqir sut olib kelib hovuzga quyadi, tamom.
Podshoh fuqarolariga hamma kechasi bir paqirdan sut olib kelib hovuzga quyishini aytib buyruq chiqaribdi. Odamlar o‘zlaricha “men bir paqir suv olib borib hovuzga quysam kechasi kim bilib o‘tiribdi”, deb hovuzga tun qorong‘usida bir paqirdan suv quyishibdi. Ertasi kuni ertalab podshoh qarasa hovuz to‘la sut emas, suv turgan emish.
Hech kim o‘z chegarasida turmadi. Hamma boshqalarning hovuzni to‘ldirishini kutdi. Qisqasini aytganda bizning bugungi ahvolimiz ana shunday!
Urgut tumani "Urgut markaziy" masjidi xodimi A.Polvonov
Kiritilgan vaqti: 08/01/2022 08:33; Ko‘rilganligi: 765
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 02:02