O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Mazhabsizlik – musulmonlar birligiga ulkan tahdiddir

 
 

XX asr so‘nggida musulmon olamida islom niqobi ostidagi aqidaparastlik guruhlaridan tashqari yana bir tahdidning yangi qatlami namoyon bo‘ldi. U ham bo‘lsa mazhabsizlikka chaqiruvchilar toifasidir. Harakat tarafdorlarining da'vosicha, Islomda unga e'tiqod qiluvchi shaxs uchun sunniylikdagi to‘rt yoki undan boshqa fiqhiy mazhablarning biriga ergashishlik shart qilinmagan. Agar musulmon shaxs, biror shar'iy masalada ulardan birining yo‘lini o‘ziga lozim tutsa, u ko‘r–ko‘rona taqlid qilgani uchun xatokor mutaassib va dinidan ajralgan firqa va guruhlardagi shaxslar kabi adashadi.

Mazkur toifaga kiruvchi shaxslar islomga amal qilishning asosida faqatgina Kitob (Qur'on) va sunna turishi lozimligini ta'kidlashadi. Ularning fikricha, bu ikki manba xatolardan xoli. Ammo fiqhiy mazhablarga ergashish esa, Kitob va Sunna ta'limotidan ko‘ra, ko‘proq shaxslar ijtihod (fikr)lariga taqlid qilinishi bilan tavsiflanadi. Bu esa, xatoga yo‘l qo‘yish va nuqsonlardan xoli bo‘lishni to‘liq kafolatlay olmaydi. Qolaversa, islomdagi fiqhiy mazhablar hijriy III asrdan so‘ng paydo bo‘lganligi e'tiboridan, bid'at ishlardan sanalib, sunna ta'limotiga ko‘ra har bir dinga kiritilgan yangilik shubhasiz zalolatga mahkumdir. Sahobai kiromlarning barchasi ham Allohning kitobi va Rasulullohning sunnatigagina murojaat qilganlar. Ular biror–bir masalada Qur'on va sunnadan dalil topolmay qolgandagina ijtihodga qo‘l urganlar. Bu esa, asosiy e'tibor qaratiladigan va ergashiladigan holat.

O‘zlarini islom dinining fidoyilari deb e'lon qilayotgan bu toifa tarafdorlari Qur'on va sunna turganda fiqhiy mazhablarga ergashish aynan musulmonlar o‘rtasida ixtiloflar paydo bo‘lishiga zamin yaratilishi va bu ularning birligiga rahna tug‘dirayotganligi jar solinmoqda.

Aslida, mazhabsizlik da'vosini yoyishning o‘zi ixtilof manbai bo‘lib, Islom dini, xususan musulmonlar birligiga ulkan tahdid tug‘diradigan omil ekanligiga shubha yo‘q. Ular o‘zlarini mazhabsiz deb da'vo qiladilaru, aslida o‘zlari ham namoz va boshqa ibodatlarda o‘sha to‘rtta mashhur mazhab imomlaridan biriga ergashadi. Mazhabga ergashish aslida zalolatdan uzoq bo‘lmoq demakdir. Mazhabsizlik tarafdorlari o‘z da'volarini asoslashda ixtilof  va taqlid iboralariga alohida urg‘u beradilar.

Ma'lumki, islomda ixtilof aqidaviy va fiqhiy yo‘nalishlarga xos. Aqidaviy ixtilof Alloh taologa e'tiqod qilishda turli tumanlilik shaklda yuzaga kelib, musulmonlar ichki birligining zaiflashuvi, turli toifalarga bo‘linib ketishdek salbiy oqibatlarga sabab bo‘lgan. Buning oqibatida xorijiy, mo‘taziliy, qadariy, jabariy va murjiiy kabi ko‘plab toifalar vujudga kelishiga zamin yaratilgan.

Fiqhiy ixtiloflar esa mutlaqo boshqa mazmunga ega bo‘lib, mazhablarning ibodat, ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy munosabatlarga turlicha yondashuvning natijasi o‘laroq vujudga kelgan. Bunday holat aslo nuqson yoki ixtilof manbai sifatida talqin etilishi mumkin emas. Aksincha, islom shariatining zamon va makonga moslashuvchanligi va musulmonlar uchun keng imkoniyatlar mavjudligidan dalolat beradi. Masalan, biror-bir manzilga yetish uchun turli tomonlardan borish imkoni bo‘lsa, kishi nisbatan eng yaqin va qulay yo‘lni tanlaydi. Musulmon shaxsi tomonidan biror bir mazhabni tutishi ham aynan shunday holatga qiyoslash mumkin. Zero, ularda u yoki bu masala muayyan xalq, millatning urf-odatlari, qadriyatlari, mentaliteti hamda ijtimoiy munosabatlarning xarakteridan kelib chiqib eng qulay va ma'qul shaklda hal qilingan.

Islom ulamolarining ittifoqiga ko‘ra, dinning asliga taalluqli bo‘lgan aqidaviy masalalarda taqlid qilish mumkin emas. Uning aksi o‘laroq, fiqhiy masalalarda esa, biror-bir mazhabga ergashish, ya'ni taqlid qilish lozim bo‘ladi.

Shayx Ramazon Butiy aytadilar: “Mazhabsizlik dindan chiqib ketishga olib boruvchi ko‘prikdir”. Bunday harakatlar esa hadislarda va ulamolarning asarlarida qat'iy qoralangan. Qayd etilgan mulohazalar “Qur'on va hadisgagina amal qilamiz”, – deya o‘zlarini mujtahid bilib, fiqhiy mazhablarni inkor qilayotganlar aslida, bu harakatlari bilan diniy birlik va aqidaviy yakdillikka rahna solayotganligini isbotlaydi. Qolaversa, bunday iddaolar asrlar davomida mavjud bo‘lib kelayotgan mazhablar asoschilari va ularning ta'limotlariga nisbatan bo‘hton bo‘lib, musulmon shaxsini adashtirishga qaratilganligini xulosa qilish o‘rinli bo‘ladi.

Xulosa qilib aytganda islom dinidagi mazhablarning turli tumanligi noqis holda bo‘lmasdan balki bir hikmatdir. Bu ummatlarga yengillik va osonlikdir. Ammo bu hikmatni tushunmasdan ixtilof chiqarish esa katta musibatdir. Bu anglashilmovchilikdan ko‘prok musulmonlarning o‘zi zarar kurayotganlari xam ma'lum. Shuning uchun ixtiloflarga bormasdan ilm- ma'rifatga yondoshish esa asosiy vazifa bo‘lib qolmoqda. Shuni xam aytib utish kerakki ixtilof chiqarayotganlarning ko‘pchiligini yoshlar tashkil qiladi. Bunga sabab ularning yoshligi va shu soxa bo‘yicha bilimlarining yetishmasligi, qolaversa, kimlarningdir so‘zlariga aldanib qolishlaridir. Insonning ongiga birinchi qabul qilshiga ma'lumot  noto‘g‘ri bulsada, to‘g‘ri xabar sifatida qabul qilishar ekan. Shundan keyin unga to‘g‘ri ma'lumot berilsa xam noto‘g‘ri deb qabul qiladi. Shuning uchun birinchi olinayotgan ma'lumot haqiqiy to‘g‘ri ekanini aniqlash va keyingina uni xotirada saqlash lozim bo‘ladi.

 

 

“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti

4-kurs talabasi Uzoqov Abdulvosid


Kiritilgan vaqti: 22/06/2021 11:56;   Ko‘rilganligi: 560
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/mazhabsizlik-musulmonlar-birligiga-ulkan-tahdiddir
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 09:57
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing