Mazhabsizlik g‘oyasining xatari
Olamlar Rabbi Allohga hamd, oxir zamon Nabiysi, Rasulimiz Muhammadga salavot va salomlar bo‘lsin!
Ayni paytda islom dinini qabul qilib, uni o‘rganishga qiziqayotganlar soni kundan kunga ko‘paymoqda. Shuni e'tiborga olib bugunki kunimizda har bir mo‘min bilishi muhim bo‘lgan mavzu, mazhabsizlikning xatari to‘g‘risida ogoh etmoqchimiz. Bu xususda dinimiz olimlarining fikrlari va shariatimiz ko‘rsatmasiga amal qilish maqsadga muvofiq.
Mullo Ramazon Butiy aytadi: “Mazhabsizlik – dinsizlikka olib boruvchi xatarli ko‘prikdir”. “Mazhabsizlik – islom shariatiga tahdid soluvchi eng xatarli bid'atdir”.
Ibn Obidin: “Muayyan bir ish yoki ibodatning sahih bo‘lishi uchun uni to‘rt mazhabdan biriga tobe bo‘lgan holda bajarish kerak. Bir ibodatni bajarayotganda, uning shartlaridan biri bir mazhabga, yana biri boshqa mazhabga mos bo‘lsa, bu ibodat sahih bo‘lmaydi” degan.
Sayyid Ahmad Tantoviy: “Bugun har bir musulmonning to‘rt mazhabdan birida bo‘lishi vojibdir. To‘rt mazhabdan birida bo‘lmagan odam ahli sunnatdan ajraladi. Ahli sunnatdan ajralgan odam esa, yo zalolatda yoki kofir bo‘ladi” degan.
Bu mavzuga taalluqli bo‘lgan ikki masalani ta'kidlab o‘tishimiz kerak.
- Mazhabsizlarnig: “Fiqhiy mazhablarni chetga surib qo‘yib Kitob va sunnatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ergashish, shuningdek falon-faloniylarga taqlid qilishni aslo ehtiyoji yo‘q”, qabilidagi gaplari Ali karramallohu vajhahuning ta'birlari bilan aytganimizda “Botilni iroda qilib aytilgan haq so‘zdir”.
- Bugungi bilag‘onlar e'tibor qilmaslikka chaqirayotgan ushbu to‘rt mazhabning barchasida masalalar erkin tadqiq qilindi. Undagi barcha fikrlar diqqat bilan qayta-qayta o‘rganildi. Mujtahid olimlarimizning dalillari o‘ta sinchkovlik va nozik did bilan tekshirilib, puxta ilmiy yo‘l asosida shakillangandir.
Rabboniy mujtahid allomalarimiz dastlabki zamonlardan boshlab o‘z jonlarini Allohning diniga xizmat uchun tikib qo‘ygan edilar. Ular mazkur ilm omonatini o‘zining munosib ustozlaridan olish uchun va keyingilarga musaffo holda yetkazish yo‘lida arzon va qimmat barcha narsalarini fido qilgan edilar. Zero bu mazhablar shakllanishida ming-minglab yetuk aql egalari ishtirok etmaganlarida ular bizning kunimizgacha takror-takror tahrir qilingan, chuqur tekshirilgan va musaffo holda yetib kelmagan bo‘lar edi.
Masalaning tub mohiyati bo‘lmish mazhabsizlik xatari haqida, aynan shu masala zo‘ravonlik, terrorizm va parokandaliklarning yoyilishi bosh sababchisi, deyishimiz mumkin.
Shu yerda Kitob va Sunnatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tobe bo‘lish mutaassibliklarni yoyilishiga xizmat qiladimi, deb so‘ralsa, uning javobi quyidagicha:
Avvalo shariat ilmlarini bilish bu dinimiz ekanini yaxshi tushunib olishimiz zarur. Bu borada salafi solihlarimiz: “Albatta bu ilm – dindir. Shunday ekan diningizni kimdan olayotganingizga e'tibor beringlar” degan edilar. Shubhasiz, shar'iy ilmlar ilm va amalda to‘g‘ri bo‘lgan rabboniy ulamolardan o‘rganiladi. Zero ushbu ilmlarni hosil qilgan mujtahid allomalarimizning silsilasi muttasil sanad bilan tobeinlarga va ular orqali esa sahobai kiromlarga va oqibatda janobi Rasulullloh sollallohu alayhi vasallamgacha yetib boradi. Ular Rasul alayhissalom bilan birga yashagan, voqea-hodisalarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgan va oyati karimalar nozil bo‘lishiga sababchi bo‘lgan sharafli avlod edilar. Hadisi shariflar ham bizgacha ular orqali vorid bo‘ldi.
Ammo bugunga kelib mutaassib jamoalar salaf va xalaf ulamolar orasidagi muttasil sanadni uzib qo‘ydilar. Aytib o‘tganimizdek, tashkil bo‘lishida buyuk ilm egalari ishtirok etgan fiqhiy mazhablardan voz kechishga chaqirmoqdalar. O‘zlari ijtihodga loyiq ilm ahlidan bo‘lmasalar-da, ilmdagi sanadlari (ustoz-shogirdlik ko‘rinishida) salaf ulamolariga bog‘lanmasa-da Kitob va sunnatga o‘z fikrlari bilan yondasha boshladilar. Ular bu ishlarida “Ular ham bizga o‘xshagan kishilar edilar” degan iddaoni xaspo‘shlamoqdalar. Nahotki ular mazkur allomalarimizning Rasul alayhissalomga yaqin avlod bo‘lganlarini, oyati karima, hadisi shariflarni bugungilardan ko‘ra ko‘proq va kengroq bilganliklarini tushunmasalar?! Chunki ushbu shar'iy manbalar orasida usul ilmi nuqtai nazaridan mansuxlari, muqayyadlari va boshqa ma'noga mahmul (ta'viyl) qilinadiganlari mavjuddir.
Bugungilar esa o‘zlarini zabardast salaf allomalarimizga tenglashtirdilar. Ulamolar tomonidan e'tirof qilinmagan yangi-yangi usullar bilan hukmlarning istinboti (Kitob va sunnatdan hukm olish)ga kirishdilar. Ulamolar tan olmaganligining sababi – o‘zlari o‘ylab topgan usullardir. Ular istinbot borasidagi ushbu botil va johilona usullari bilan ishonchli allomalar so‘zini ortga tashladilar. Shuning natijasida o‘zlari ham shar'iy masalalarda juda ko‘p tangliklarga uchramoqdalar.
Quyida ulardan ayrimlarini e'tiboringizga havola qilamiz:
- Ular ilmsizligi va mazhablarni bir chekkaga surib qo‘yishligi ortidan nass(oyat va hadislar)larni zohirini tutib oldilar. Urush maydonlaridagi kofirlar haqida nozil bo‘lgan oyati karimalarni musulmonlarga tadbiq qila boshladilar. Buning ifodasini ommatan musulmonlarni kofirga chiqarish, ularning qonini halol sanashga qaratilgan ishlarda ko‘rishingiz mumkin. Bularning barchasi necha asrlardan buyon mujtahid allomalarimiz qo‘llab kelgan nurli manhajdan uzoqlashishdir, xolos.
- Nasslarni anglab yetish borasidagi oqsoqliklari, shariatning maqsad va ruhini tushunmasliklari ularni jangarilikka olib keldi. Hatto bu jarayon ularning fatvolarida va shar'iy ahkomlarni amaliyotga qo‘llash borasidagi alohida xususiyatiga aylandi. Ularga ikki ishdan birini tanlash ixtiyori berilsa, ular hech ikkilanmasdan o‘zining dindagi matonati va boshqalarning dindagi oqsoqliklarini ko‘rsatib qo‘yish ma'nosida eng qiyin ishni tanlaydilar. Aslida amallarni qabul bo‘lishida ixlos, chiroyli niyat, amallarni shariat taqozosiga muvofiq bo‘lishi va Rasul alayhissalomga tobe bo‘lish da'vosining chinakam bo‘lishi muhim omil edi. Ularning odamlarga dinimizni qattiqlashtirib ko‘rsatishlariga misol sunnat yoki nafl amallarni farz darajasida, makruh amallarni esa harom amal sifatida talqin qilishlaridir. Yoki ayrim kichik amallarni kattalashtirishlarida ko‘rinadi. Mazkur qattiqlashtirishning yana bir xatarli tomoni – ayrim insonlarning ularning maslaklaridan ta'sirlanganliklaridir. Ular bu ishlarni din deb o‘ylaydilar. Fikr doiralari torayib musulmonlarni kichik kamchiliklar sababli ham kofirga chiqarmoqdalar. Ular ummat allomalari tutgan yo‘lni tark qilib qattiqlashtirish usulini tanlagani ortidan jamiyat a'zolari ikki qismga bo‘linib qoldilar. Bir qismi ularning yo‘lini tanlagan odamlar bo‘lib musulmonlarni kofirga chiqaruvchi, qonini halol deguchi mutaassib ekstremistik jamoalarga aylandilar.
Ikkinchi qism odamlar esa ushbu mutassibona yondashuvlarni ko‘rganidan so‘ng zimmasidagi shar'iy vojibotlarni tark qilib mazkur jamoalardan bezor bo‘lmoqdalar. Bu yerda eng katta muammo birinchi qism odamlarining nazarida ikkinchi qism odamlari qoni halol bo‘lgan kofirlardir.
Mazkur omillarni hisobga olganimizda jamiyatlar uchun bundan ham yomonroq xatar bormikan? Bularning barchasida asosiy sabab bo‘lgan omil – mazhabsizlikga qaratilgan fikrlardir.
- Ushbu jamoalar fiqhiy mazhablarga amal qilishni tark qilib, ularning o‘rniga yangi yo‘llar ixtiro qildilar. Ammo u yo‘llar fiqhiy natijalardan yiroq bo‘ldi. Shuning uchun ham mazkur jamoalar avvalgi zabardast ulamolarimizni inkor qildilar. Ularni eng mu'tabar shartlar orqali asoslab bergan amaliy, fiqhiy asoslarini qabul qilmadilar.
Ayni masala yuzasidan ulamolarimiz “asrlar osha yangiliklar sodir bo‘lar ekan fatvolar ham zamon va makonlarning o‘zgarishi bilan o‘zgarib turadi. Ammo ushbu mutaasib va johillarning tadqiqotlari barcha hukmlarni o‘zgarmaydigan sobit, turg‘un holatga keltirib qo‘ydi. Ularning fikricha, shar'iy ahkomlardagi o‘zgarish qoidasi bu dinni o‘yin qilish hisoblanib, bu fikrda bo‘lgan ulamolar adashgan va zalolat ahlidirlar. Yana ularning buzuq o‘lchami bilan qaralganida ushbu adashuv va zalolat darajasi yahudiy va nasroniylarning kufroni zalolatidan deyarli farqlanmaydi. U jamoalar ulamolarning teran fikrini tushunmaganlari bois, o‘zlarini kofirga nisbat berib, qonlarini halolga chiqarmoqdalar. O‘tmishdan to bugunimizgacha joriy bo‘lib kelayotgan voqelik yetuk mujtahid allomalarimizni mazkur mutaassib va ekstremistik jamoalarning qurboni bo‘lib kelayotganini ko‘rsatmoqda” deydilar.
- Mazkur jamoalar “Biz to‘g‘ridan-to‘g‘ri Kitob va sunnatga tobe bo‘lamiz. Mazhablar hammasi bid'atdir. Ularga ergashish vojibligiga biror oyat nozil bo‘lmagan”deyishlari bilan islom ummatini tafriqaga soldilar. Chunki bu kabi so‘zlar musulmonlar ommasiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Ularning “Bizning maslagimiz salafi solihlarimiz talqinidagi Kitob va sunnatga ergashishdir” deyishlari jozibador gaplardir xolos. Ular musulmonlar ommasi va oliygoh talabalari bilan uchrashuvlar o‘tkazgan vaqtlarida o‘z hissiyot va urinishlarini ilgari suradilar. Oqibatda mazkur mutaassiblarni urinish va xatti -harakatlarini boshqalar qabul qiladilar. Chunki aksar musulmonlar ilmi yetarli bo‘lmagan, fikran soddadil, taqlid yo‘lini qabul qiladigan insonlardir.
Ular soddalik va yengil fikrlashi bilan mutaassib jamoalarga taqlid qilish, ularning so‘zini qabul qilish, ularni boshqalarga kufr nisbatini berish kabi fikriy g‘uluvlarini keng yoyilishiga zamin yaratmoqdalar.
- Kitob va sunnatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ergashishni da'vo qilayotgan bu jamoalar mazhab allomalarining fikriga qaramaslik da'vosi bilan o‘zlarini boshqalardan ajratib ko‘rsatmoqdalar. Go‘yoki ularning o‘zlarigina mo‘min. Islom shariati go‘yoki ularning o‘zlarigagina xos bo‘lib ulardan boshqalar ahli sunna val jamo'a emas. Ular o‘zlarini quyidagi oyati karimada vasf qilingan oz sonli xos musulmonlarga qiyoslamoqdalar:
“Odamlarning ko‘plari, garchi Siz juda istasangiz-da, mo‘min bo‘lmaydilar”[1].
Yoki Rasululloh alayhissalomning:
“Ummatimdan bir toifasi hamisha haq ustida bardavom bo‘ladi. Ularni xorlaganlar ularga zarar yetkaza olmaydi. Hatto Allohning amri (qiyomat kuni) kelgunicha ular haq ustida bo‘ladilar”[2] degan muborak hadislarini aynan o‘zlariga bog‘laydilar. Ularning fikrida ko‘pchiligi kofir bo‘lgan ulkan ummat qarshisida turgan oz sonli haqiqiy musulmonlar ularning o‘zlaridir, xolos. Ushbu ahli g‘uluvning nazarida o‘zlaridan boshqalar sel ketidan keladigan loyqa kabidir. Bularning barchasi islom ummatiga begona bo‘lgan chirkin fikrlarni qabul qilinayotganining natijasidir. Ular xalqaro terrorizmga keng yo‘l ochayotganining guvohi bo‘layapmiz. Ularning ishlari shar'iy asoslarni yo‘q qilib, oqibatda hech bir sanadsiz qolgan odamning misolidek. Endilikda ular chalkashlik, ikkilanish, mutaassiblik, zo‘ravonlik va kufrga nisbat berish olamida yashamoqdalar.
Ular bugungi dunyomizni qon to‘kish, qo‘rquv va xavf-xatarga to‘ldirib, islomni terror dini sifatida namoyon qilmoqda. Odamlarni islomdan bezdirmoqdalar. Shunday ekan har bir mo‘min o‘z dinini puxta o‘rganib, uning ilmini silsila zanjiri Payg‘ambarimiz solllallohu alayhi vasallamga bog‘langan ishonchli va buyuk allomalarimizdan olishi zarur. Alloh taolo barchamizni haq ustida, ahli sunna val jamoa e'tiqodida, O‘zi rozi bo‘ladigan amallarni bajarishda sobitqadam aylasin!
Husayn domla Mirzoahmadov
Samarqand shahar "Xo‘ja Abdu Darun" jome masjidi imom-noibi
[1] Yusuf surasi, 103-oyat.
[2] Imom Muslim rivoyati.
Kiritilgan vaqti: 08/09/2023 15:03; Ko‘rilganligi: 731
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 09:02