MAVLIDU SHARIF TARIXI VA TARTIBOTI
Bashariyatni zulmatdan nurga, zalolatdan hidoyatga olib chiqqan zot – Payg‘ambarimiz Muhammad ibn Abdulloh ibn Abdulmuttalib sollallohu alayhi vasallam Makka shahrida, Abdulmuttalib xonadonida milodiy 571 yil to‘rtinchi oyining ikkinchi dushanba kuni ertalab tavallud topdilar. Bu tarixiy hodisa qamariy hisobida rabiul avval oyining o‘n ikkinchi (ba'zi manbalarda esa to‘qqiz, o‘n, o‘n birinchi) kuniga to‘g‘ri keladi. Shunga ko‘ra rabiul avval oyida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning tug‘ilgan kunlarini nishonlash, “Mavlidun Nabiy” marosimlarini o‘tkazish va u zoti sharif haqlariga duoi salavotlar aytish dunyo musulmonlari orasida keng tarqalgan an'anadir. Mavlidun Nabiy uchun islom ulamolari maxsus kitoblar ham tasnif etilgan. Shunday kitoblardan biri XIII asrda yashab o‘tgan arab olimi Imom Ja'far Barzanjiyning qalamiga mansub “Mavlidush sharif”dir. Kitob nasr va nazmdan iborat bo‘lib, uni ulamolar yoddan bilgan, marosimlarda o‘qib bergan.
Lekin turkiy xalqlarning ko‘pchiligiga arab tilidagi bu asarni ma'nolarini tushunish qiyinchilik tug‘dirgan. Shuning uchun ular aksar hollarda mavlid marosimlarida Payg‘ambarimizga salavotlar aytib, Ahmad Yassaviyning Muhammad sollallohu alayhi vasallam haqidagi hikmatlarini, Rasuli akram tarixi haqidagi rivoyatlarni va turkiy nazmiy mavlidlarni o‘qishgan. Turkiy aholi orasida Xilvatiy qalamiga mansub nazmiy “Mavlid” keng tarqalgan.
Asarning yozilish tarixi bunday: XIX asr oxiri XX asr boshlarida yashab ijod qilgan shayx Langariy shogirdlaridan biri Mulla Yo‘ldosh Xilvatiyga turkiy tilda Payg‘ambarimiz tavalludlari haqida bir kitob yozishni topshiradi. Xilvatiy 1912 yilda Payg‘ambarimiz tavalludlari haqidagi “Mavlid” nazmiy asarini yozib tugatadi. Bu kitob xalq orasida “Mavlidun nabiy” va “Mavlidi sharif turkiy” nomlari bilan shuhrat topadi.
Ammo hozirgi kunda mazkur marosimga qarshi turib, uni bid'atga chiqaradigan kishilar ham yo‘q emas. Shuni hisobga olib, mavlid marosimlari va ularni o‘tkazish tartibi haqida dalillarga suyangan holda baholi qudrat o‘z fikrimizni e'tiboringizga havola qilsak.
Biz Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam sababli, jaholatdan ma'rifatga, zulmatdan nurga, zalolatdan hidoyatga chiqishga muyassar bo‘ldik. U zoti muborak tufayli imon bilan ziynatlanib, inson degan nomga loyiq bo‘lik. Demak, Rasululloh alayhis salomning tavallud ayyomlarini bayram sifatida nishonlashimizni hamda u zoti sharifga hurmat ko‘rsatib, salavotu salomlar aytishni shariatga hech qanday xiloflik tomoni yo‘q. Fikrimiz isboti o‘laroq, bu xususda oyat va hadislarga murojaat qilsak:
Alloh taolo Ahzob surasining 56-oyatida bunday marhamat qilgan: “Albatta, Alloh ham, Uning farishtalari ham payg‘ambarga duoyu salavot[1] ayturlar. Ey mo‘minlar! Sizlar ham u zotga salavot va salomlar aytinglar!”.
Jumladan, Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamdan salavot va salomga oid: “Kim menga bitta salavot aytsa, Alloh taolo unga o‘nta salavot aytadi”, “Kim menga juma kuni bir salavot aytsa, Alloh taolo unga yetmish marta salavot aytadi”, “Allohga qasamki, men sizlarga o‘zingizdan ham, farzandlaridan ham, molu davlatingizdan ham va dunyodagi barcha insonlardan ham mahbubroq bo‘lmaganumcha sizlar haqiqiy mo‘min bo‘lolmaysizlar”, “Kim juma kuni menga yuz marta salavot aytsa, Alloh taolo uni oxirat ishlaridan yetmishtasini va dunyo ishlaridan o‘ttiztasini ravon qiladi. ...”, “Kim menga juma kuni salavot aytsa, qiyomatda u mening shafoatimdan nasibador bo‘ladi”, “Mening tavalludimga alohida e'tibor ila qaragan kishi uchun qiyomatda shafoatchi bo‘laman” mazmunidagi bir qancha hadislar vorid bo‘lgan.
Shu bois har yili Robiul avval oyida yurtimizdagi barcha masjidlarda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning tavallud ayyomlari alohida e'tibor bilan keng miqyosda nishonlanib, joylarda mavlid marosimlari o‘tkaziladi. Ularda bashariyatga yuksak namunani taqdim qilgan zot – Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning tarixlari, xulqlari, siyratlari to‘g‘risidagi ma'lumotlar berilib, o‘tganlar haqqiga xatmi Qur'on va u zoti bobarakotning haqlariga salavotu salomlar aytiladi.
Har bir marosim va ibodatda muayyan tartib bo‘lganidek, Mavlid marosimlarining ham o‘ziga xos maqsadi, tartib va talablari mavjud. Mavlid marosimlarini o‘tkazish yoki unda ishtirok etishdan ko‘zlangan savobga erishmoq uchun ularga alohida e'tibor berish lozim bo‘ladi. Shulardan;
- Boshqa ibodatlarni ado etishda shart qilingani kabi mavlid marosimini o‘tkazuvchi (yoki marosimga boruvchi) kishi niyatini xolis qilmog‘i darkor. Marosimni o‘zini ko‘z-ko‘z qilish uchun yoki boshqalardan uyalganidan o‘tkazishi yoki shunday maqsadlar bilan Mavlidga borishi noto‘g‘ridir.
- Mavlidga Alloh taolodan savob umidida o‘tganlar haqqiga xatmi Qur'on bag‘ishlash va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning haqlariga salavotu salomlar aytish uchun borish.
- Marosimda dabdababozlikka va isrofga yo‘l qo‘yilmaslik.
- Mavlid marosimini o‘tkazishdan (yoki unga borishdan) maqsad Rasulu akram sollallohu alayhi vasallamning siyratlaridan xabardor bo‘lish hamda buni boshqalarga ham so‘zlab berish va qalbimizda u zotga mehr-muhabbatni yanada ziyoda qilish.
- Marosimda yoshi ulug‘larga alohida hurmat-ehtirom ko‘rsatish.
- Boshqalarga xalaqit beradigan, chalg‘itadigan ishlarni qilmaslik, zarurat bo‘lmasa, so‘zlamasdan jim turish.
- Marosimda Alloh taolo va Uning Rasuli aytganidek u zot haqlariga duoi salavotlar aytishga ko‘proq e'tibor berish.
Mana shunday dalillar va shariat ilmi peshvolari bo‘lgan imom-xatiblarimiz tavsiyalariga tayanib, bajarayotgan har bir ibodatimiz va marosimlarimizni ahli ilm bilan maslahat qilgan holda bajarsak, albatta amallarimiz chiroyli va maqbul bo‘lg‘usidir.
Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
[1] Arab tilida “solavot” so‘zi “salot”ning jami bo‘lib, duo ma'nosini anglatadi. Arabchada namoz ham “salot” deyiladi. Chunki namozda ham duo ma'nosi bor. Ammo “solavot” Alloh taolo tomonidan bandaga bo‘lganida “duo” ma'nosini yo‘qotadi. Alloh taolo Payg‘ambarimiz sollallohu aldayhi vasallamga salavot aytishining ma'nosi Muhammad sollallohu alayhi vasallamga o‘z rahmatini yuborishi, ulug‘lashi, maqomlarini ko‘rsatishi va farishtalar huzurida sha'nlariga maqtovlar aytishini bildiradi.
Kiritilgan vaqti: 03/10/2022 16:18; Ko‘rilganligi: 927
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 01:57