O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

“Lug‘at va istiloh” – “mohiyat va mutanosiblik”.

 
 

Modomiki diniy ma'lumotlarni ijtimoiy tarmoqlardagi ma'ruzalardan va maqola, kitoblardan olib ilmimizni boyitarkanmiz, bu usuldan to‘g‘ri foydalanishni ham o‘rganishimiz kerak.

Bunday hollarda eshitayotgan yoki o‘qiyotgan mavzuni yaxshi tushunish, undagi iboralarning haqiqiy ma'nolarini anglash juda muhim.

Bu ish iymonimiz, aqidamiz, ibodatlarimizda qiladigan amallarimizning to‘g‘rilanishi yoki aksincha (Alloh saqlasin) xatoga ketib qolishiga sabab bo‘ladigan omil ekanligini hisobga olsak masala qanchalik dolzarbligini anglaymiz.

Ma'lumotlarni qabul qilish va o‘zlashtirishda bilishimiz lozim bo‘lgan bir necha qoidadan biri - o‘rganayotgan biror mavzumizga oid ilmiy, fiqhiy ibora, atama, so‘zlarning lug‘atdagi va istilohdagi ma'nolarini bilishdir.

Ulamolarimiz qadimdan barcha sohaga oid asarlarda biror qoida va mavzuni bayon qilishida shu mavzuga oid asosiy tushunchani ifoda qiladigan so‘z va atamalarning lug‘atdagi ma'nosi qanday, istilohdagi ma'nosi qanday yani kishilar mana shu so‘zdan qanday ma'noni qasd etishlarini tushuntirishdan boshlaydi.

Ilmiy so‘z-atamalarning lug‘atdagi ma'nosi va istilohdagi ma'nosi, hamda lug‘at va istilohdagi ma'nolarining bog‘liqligi, farqlari hatto ba'zida zid ko‘rinishlari ham bo‘ladi.

Avvalo “lug‘at” va “istiloh” so‘zlarini tushunib olsak:

  1. Lug‘at-so‘zning aynan ma'nosi yoki (boshqa tildan kelgan so‘zning) so‘zma-so‘z tarjimasi. Biror ilmiy atama sifatida qo‘llanganda so‘zning aynan ma'nosi yoki so‘zma-so‘z tarjimasi kengroq va hatto boshqacharoq ma'no ham bildirishi mumkin.
  2. Istiloh-so‘zning ishlatilishida kishilar tushunadigan ma'nolar yani qasd qilingan ma'no yoki shu atama qamrab oladigan hamma ma'nolar.

Misol uchun “oqsoqol” so‘zini oladigan bo‘lsak, bu so‘z “oq” va “soqol” so‘zlarining birikmasidan tashkil topgan.

Lug‘atda “Oqsoqol kishi” deganda aynan soqoli oq rangda bo‘lgan kishini tushunamiz.

Ammo istilohda yani muomalada “oqsoqol kishi” deganda hayotiy tajribasi katta, odamlar undan maslahat so‘raydigan, ommaviy ma'raka-tadbirlarga boshchilik qiladigan kishiga aytiladi. Garchand uning soqoli bo‘lmasa ham.

Bu so‘zning lug‘aviy va istilohdagi ma'nolarining mutanosibligi shundaki, yuqoridagi sifatli kishi avvalda aksar hollarda soqoli oqargan (keksa) kishi bo‘lgan.

Mana shu g‘olib holatning e'tiboridan “oqsoqol” so‘zi aytilgan sifatdagi kishiga qo‘llanilgan.

Bayon qoidasiga ko‘ra barcha tushunchalarga umumiy ta'riflar g‘olib holat e'tiboridan bo‘ladi.

Maqsadni yaxshiroq anglatish uchun boshqa bir misolga e'tiboringizni tortamiz.

Hozir o‘zlarini “Quroniylar” deb ataydigan toifalar chiqqan. Ular Payg‘ambarimiz alayhissalomning sunnatlarini, hadislarni, tafsirlarni, ahli sunna va uning Quron va sunnat tatbiqidagi barcha usullarni inkor qiladi.

Quronni faqat o‘zlarining aqllari bilan tushunadi. Undagi Alloh taoloning ilohiy ko‘rsatmalariga nisbatan ulkan tuhmat, qabih jur'at va johilona tasarrufda bo‘ladilar. Ularning xususiyatlaridan biri so‘zlarning ma'nosiga emas shakliga qaraydilar xolos.

Masalan: Namoz arabchada “solat” (الصلاة)  deyiladi. Bu lug‘atda “yaxshilikni duo qilish” demakdir. Istilohda esa”takbir bilan boshlanib salom bilan tugaydigan, maxsus shartlari bor gaplar va ishlar yani qiroat va sajda-rukuni o‘z ichiga olgan ibodatdir”.

“Quroniy”lar esa namoz(solat)ning lug‘aviy ma'nosini olib, “solat” dan qasd qilingan ibodatni inkor qiladi. Faqat duo qilib qo‘ysak bo‘ldi, mana shu namoz deyishadi.

Mana shu misolning o‘zidanoq, “lug‘at va istiloh”ga o‘xshagan ilmdagi tartib-qoidalarning qanchalik muhimligi, ulardan ko‘z yumilishi qanchalik musibat, zalolat ekanligi aniq bo‘ladi.

Shu o‘rinda musulmon kishilar ko‘p ishlatadigan bir qancha so‘zlarning lug‘aviy va istilohiy ma'nolarini keltiramiz:

  1. Tahorat. (الوضوء) Arabchada “vuzu'”. Lug‘atda: “go‘zallik” va “yaltirash”. Istilohda: Allohga qurbat hosil qilish niyati bilan ba'zi (ta'yin qilingan) a'zolarni yuvish.
  2. Tayammum. (التيمم) Lug‘atda: qasd qilish.  Istilohda: Allohga qurbat niyatida poklovchi tuproq jinmini maxsus sifat bilan ikki qo‘l qa yuzsha surtish.
  3. G‘usl. (الغسل) Lug‘atda: Biror narsaning ustidan suv oqizish.  Istilohda: Allohga qurbat hosil qilish niyatida badanning hamma joyiga suv oqizish.
  4. Zakot. (الذكاة) Lug‘atda: “Poklik” va “o‘sish”.  Istilohda: maxsus moldan ta'yin qismni maxsus shaxsga Alloh uchun shari'atda tayin qilingan tartibda mulk qilib berishdir.
  5. Nikoh. (النكا ح)  Lug‘atda: “Qo‘shilish”, “jamlanish”, “yaqinlashish”. Istilohda: U bir bog‘lanish bo‘lib, u tufayli qasddan huzurlanish, ya'ni er kishining nikohida shar'iy mone' bo‘lmagan ayol kishidan huzur olishini halol qilishdir
  6. Taloq. (الطلاف).  Lug‘atda: “Moddiy va ma'naviy tugunni yechish” Istilohda: Maxsus lafz bilan nikohni ketkazish yoki halolligini nuqsonga uchratish.
  7. Ro‘za. (الصوم) Arabchada “siyam”. Lug‘atda: Biror narsadan o‘zini tiymoqlik.  Istilohda: Tong otgandan quyosh botguncha ro‘zani ochuvchi narsalardan o‘zini tiymoqlik.

Xulosa shuki, kitobdanmi yoki ijtimoiy tarmoqdanmi o‘rganayotgan ma'lumot mavzulardagi tushuncha va iboralarni o‘zlashtirishda avval lug‘aviy va istilohiy ma'nosini tahqiq qilib olsak maqsadga muvofiq bo‘ladi, inshaalloh.

Alloh barchalarimizga manfaatli ilm ato etsin.

To‘xtashov Yoqub,

Qo‘shrabot tumanidagi “Baliqchi ota” jome' masjidi imom-xatibi.


Kiritilgan vaqti: 16/10/2020 17:53;   Ko‘rilganligi: 4024
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/lugat-va-istiloh-mohiyat-va-mutanosiblik
Chop etilgan vaqti: 19/09/2025 21:20
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing