O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

KELING, QOTILDAN O‘RGANAMIZ!

 
 

Hadisda kelishicha, bir kishi to‘qson to‘qqizta insonni o‘ldiradi. So‘ngra tavba qilishga qaror qiladi. Bir obidning oldiga borib dedi:
-Men to‘qson to‘qqizta insonni o‘ldirdim. Tavba qilsam bo‘ladimi?

Obid:

-Yo‘q, deb javob berdi.

U kishi uni ham o‘ldirdi va o‘ldirganlarining sonini yuzta qildi.

Birinchi dars: Insonlar bilan Allohning o‘rtasida turib olma!

Ikkinchi dars: Shar'iy masalaning hukmini bilmasang tilingni tiy. Bilmayman deyishing ayb emas. Bir kishi Iroqdan imom Molik rohimahullohning huzurlariga keldi. Bir necha masala so‘radi. Imom ba'zisiga javob berdilar, ba'zilariga sukut qildilar. U kishi dedi:
-Iroq ahliga nima deyman, ey imom?!
Imom Molik dedilar:
-Molik bilmas ekan degin!

So‘ngra haligi yuzta insonni o‘ldirgan kishi pushaymon qildi. Bir olimning oldiga borib voqeani aytib berib : “Tavba qilsam bo‘ladimi?”, deb so‘radi. Olim kishi: “Ha”, deb javob berdi.

Uchinchi dars: Din ishida biror-bir muammoga duch kelsang obidlarning emas, olimlarning eshigini taqillat. Obidning ibodati o‘zi uchun, johilligi esa insonlar uchundir.
Olim esa ibodatdan ojiz bo‘lsa buning zarari o‘ziga. Ammo ilmining foydasi insonlar uchundir. Masjidga ko‘p qadam qo‘yish insonni obid qiladi, olim emas. Agar ibodatingni oz hisoblasang himmatingni obidlar tomon yo‘naltir. Agar senga fatvo kerak bo‘lsa olimlarga bor.
Agar sen olimlarning obidiga duch kelsang demak qimmatbaho xazinaga duch kelibsan. Uni imkon qadar mahkam tut!

So‘ngra olim kishi unga dedi: “Sen yomon yerdasan. Falon shaharga bor. U yerda sening dining uchun yordam beradigan solih insonlar bor.

To‘rtinchi dars: Solih do‘st seni Alloh tomon yetaklaydi. Yomon do‘st esa seni Allohdan uzoqlashtiradi. Agar Allohni xohlasang Uning ahlini lozim tut. Kishi do‘stining dinida bo‘ladi.

So‘ngra tavba qilgan kishi yuklarini olib solihlar diyori tomon yo‘lga tushdi.

Beshinchi dars: Jannat qiyinchiliklar bilan o‘ralgan. Do‘zax esa shahvatlar bilan o‘ralgan. Albatta ibodatda nafs uchun mashaqqat bor. Albatta toatdagi mashaqqatlarga sabr qilish uni lazzatga aylantiradi. Ibrohim ibn Adham rohimahulloh aytadi:
“Agar podshohlar kechasi qoim bo‘lishdan biz topadigan lazzatni bilganlarida edi, uni bizdan qilich bilan bo‘lsada tortib olishgan bo‘lishar edi”.
U kishi solihlar diyoriga ketayotib yo‘ldi vafot etdi.

Oltinchi dars: O‘lim to‘satdan keladi. Qancha go‘daklar dafn qilingan! Qancha yosh bolalar voyaga yetmasdan vafot etishgan! Qancha-qancha do‘stingni tuproqqa topshirgansan! O‘lim qancha-qancha pishmagan mevalarni uzib olgan! Tayyor bo‘l. Sen kunlaring sahifasi qachon yopilishini bilmaysan. Hayoting kitobi qachon yopilishini bilmaysan.

U kishini azob farishtalari do‘zaxga olib ketish uchun kelishdi. Chunki u fe'lan tavba qilmagan edi. Rahmat farishtalari uni jannatga olib ketishmoqchi bo‘lishdi. Chunki u tavbani qasd qilgan edi. Alloh ular orasida hukm qilish uchun bir farishtani yubordi. U farishta ularga dedi: “U bosib o‘tgan masofani o‘lchang. Agar u qishlog‘iga yaqin bo‘lsa do‘zax ahlidandir. Agar solihlar diyoriga yaqin bo‘lsa jannat ahlidandir. Ular masofani o‘lchashdi. U solihlar diyoriga yaqinroq ekan. Uni jannatga olib ketishdi.
Bir rivoyatda kelishicha, Alloh yerni u kishi solihlar diyoriga yaqin bo‘lishi uchun o‘zgartirib qo‘yadi.

Yettinchi dars: Agar qilmasang ham yaxshilikni niyat qilaver.

Sakkizinchi dars: Allohga yetib borishing shart emas. Muhimi Unga boradigan yo‘lda o‘lmog‘ingdir.

To‘qqizinchi dars: Agar sen Allohni istayotganingni bildirsang U senga O‘zi tomon borish sabablarini muhayyo qiladi.

O‘ninchi dars: Allohning huzurida shirkdan so‘ngra qon to‘kish eng katta gunoh. Anavi kishining gunohining kattaligiga boq! Tabiiyki, bu gunohni oqlab bo‘lmaydi. Bu faqatgina Alloh tomonidan xushxabarki, tavba eshigi hamon ochiq. Allohning rahmati sening gunohlaringdan kattaroqdir. Uning rahmati g‘azabidan o‘zib ketgan. Sening tavbang aslida Allohning mulkida hech narsa ziyoda qilmaydi. Tavbadan yuz o‘girishing Uning mulkidan hech narsani kamaytirmaydi. Alloh bizga azob berish uchun bizni yaratmagan. Kim do‘zaxga kirsa Allohning adolati bilan kiradi. Kim jannatga kirsa Allohning rahmati bilan kiradi. Tanlov senda qoldi. Unga o‘zingni rahmat ahlidan ekanligingni ko‘rsat. U sendan rahmatini hech qachon to‘smaydi!

Urgut tumani "Urgut markaziy" masjidi xodimi A.Polvonov


Kiritilgan vaqti: 16/02/2022 08:20;   Ko‘rilganligi: 835
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/keling-qotildan-organamiz
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 06:34
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing