Keling, avval “hasad nima?” degan savolga javob beraylik.
“Hasad” lug‘atda “biror narsani terisini shilmoq yoki qirmoq” degan ma'noni bildiradi. Uning istilohiy ma'nosi haqida ulamolar shunday deydilar:
“Hasad - birovga yetgan ne'matga rashk bilan qarash va o‘sha ne'matning o‘z sohibdan ketib, hasadchiga yetib kelishini qattiq xohlash”.
“Hasad – nafs kasalliklaridan biridir. Balki nafs kasalliklarininig aksari shundandir. Undan ozchilik odamlargina qutula oladilar. Shuning uchun ham: “Tana Hasaddan xoliy bo‘lmagan. Faqat uni pastkash oshkor qiladi, karim odam yashiradi”, deb bejiz aytishmagan (“Amrozul-qulub va shifauha”).
Agar inson boshqa bir kishiga yetgan ne'matdan sevinib, o‘sha ne'matni o‘z egasida barqaror bo‘lishini xohlagani holda, o‘ziga ham berilishini tilasa, havas qilgan bo‘ladi.
Hasad katta gunohdir. Havas esa, gunoh sanalmaydi. Chunki, hasadchi birovga yomonlikni ravo ko‘radi, havaschi esa, o‘zgaga yetgan yaxshilikdan xursand bo‘ladi va o‘ziga shu kabi ne'matning berilishini orzu qiladi.
Alloh taolo aytdi:
أَمْ يَحْسُدُونَ النَّاسَ عَلَى مَا آَتَاهُمُ اللَّهُ مِنْ فَضْلِهِ فَقَدْ آَتَيْنَا آَلَ إِبْرَاهِيمَ الْكِتَابَ وَالْحِكْمَةَ وَآَتَيْنَاهُمْ مُلْكًا عَظِيمًا
“Yoki odamlarga (ya'ni Muhammad alayhissalomga) Alloh o‘z fazlu karamidan bergan narsaga (ya'ni payg‘ambarlikka) hasad qilyaptilarmi!” (Niso: 54);
وَمِنْ شَرِّ حَاسِدٍ إِذَا حَسَدَ
“... va Hasad qilayotgan Hasadgo‘yning yomonligidan panoh berishini so‘rab (Robbimga) iltijo qilaman” (Falaq: 5).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Badgumonlikdan saqlaning. Albatta, badgumonlik eng yomon yolg‘onchilikdir. Poylash va josuslik bilan shug‘ullanmang. Kim o‘zarga urinib o‘zaro hasad qilishmang. Bir biringizni yomon ko‘rmang va bir biringizga qarshi tadbir qilmang. Allohning bandalari, birodar bo‘linglar”, dedilar”. To‘rtovlari rivoyat qilgan.
Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi: “Hasaddan saqlaniglar! Shubhasiz, hasad xuddi olov o‘tinni yoki hashakni yegandek hasanotlarni yeydi”. Abu Dovud va Ibn Moja rivoyat qilgan.
Zubayr ibn Avom roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarga sizdan oldingi ummatlarniing dardi; hasad va yomon ko‘rishlik o‘rmalab kirdi. U qiruvchidir. Sochni qiruvchi demayman. Lekin u dinni qiradi. Jonim qo‘lida bo‘lgan zot ila qasamki, mo‘min bo‘lmagunlaringcha jannatga kirmaysizlar. Bir biringizga muhabbat qo‘ymaguningizcha mo‘min bo‘lmaysizlar. Sizlarga o‘sha narsangizni sobit qiladigan narsani aytaymi? Orangizda salomni tarqating”, dedilar”.
Sharh: Ushbu hadisi shariflarda asosan hasad haqida so‘z ketmoqda. Ma'lumki, eng katta ma'naviy jinoyatlardan hisoblangan hasad ko‘plab zarar keltiruvchi ijtimoiy darddir. Ha, hasad aynan yomon darddir. Bu dard ham hasadchining o‘zini ham boshqalarni kuydirib, kul qiladi.
Najmiddin Xazayev Urgut tuman “G‘us” jome masjidi imom-xatibi
Kiritilgan vaqti: 24/02/2021 11:59; Ko‘rilganligi: 1170
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 03:23