O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

«Jonli» va «jonsiz» tarbiya

 
 

  «Agar ogohsan sen – shohsan sen.

                                                                Agar shohsan sen – ogohsan sen»

Albatta, xalqimiz, jumladan yosh avlod g‘arb fan-texnikasi, madaniyati, adabiyoti, san'atining ilg‘or jihatlarini inkor etmaydi. Biroq g‘arbda din va odobga zid bo‘lgan qarashlarning ko‘pchilikka singdirilishi oqibatida yuzaga kelgan «ommaviy madaniyat» tushunchasini g‘arb ziyolilarining o‘zi «g‘arbning muammosi» sifatida baholayotganini hamda «ommaviy madaniyat»ning ma'naviy-axloqiy tubanliklarini yoshlarimiz qancha tez anglasa, shuncha yaxshi.

Bugungi kunda tarbiya ham, ming afsuslar bo‘lsinki, ikki xil bo‘lib qoldi: 1) «jonsiz» tarbiya va 2) «jonli» tarbiya.

1) «Jonsiz» tarbiya – bu internet, kompyuter, telefon, disklar, televizor. Ming afsus va nadomatlar bo‘lsinki, bu narsalar ham ko‘p yoshlarimizni, ba'zi o‘rinlarda sal kattaroqlarimizni ham to‘g‘ri yo‘ldan, o‘z ota-onalari ne-ne mashaqqatlar chekib o‘rgatgan yo‘ldan, ota-bobolarimizdan buyuk va beqiyos meros bo‘lib kelayotgan yo‘ldan ozdirib va adashtirib qo‘ymokda. Natijada, dono xalqimiz maqolida «yaxshini sharofati, yomonni kasofati» deb aytilganidek, o‘zlari ham, oilasi ham, qarindoshlari ham, qo‘shnilari ham, do‘stlari ham, yaqinlari ham, atrofdagilari ham sarson bo‘lib, ularning kasofatlari yashab turgan mahallasiga ham, ishlab turgan ishxonasiga ham, butun el-yurtiga ham yetmoqda.

Bunday shakldagi «jonsiz» tarbiya – dono xalqimiz dunyoqarashiga va millatimiz mentalitetiga ham, Qur'oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz alayhis salomning hadisi shariflariga ham, dinimiz ko‘rsatmalari va shariatimiz hukmlariga ham, ulamolarimiz fatvolari va davlatimiz qonunlariga ham, sharqona odoblarimiz va mazhabimiz me'yorlariga ham, jamiyatshunoslik aloqalari va odamgarchilik munosabatlariga ham, insoniy tuyg‘ular va ruhshunoslik sir-asrorlariga ham, yurtimiz urf-odatlari va o‘zbekchilik qoidalariga ham, madaniyatimiz axloqlari va insoniy aqlga ham, axloqiy norma va dono xalqimiz maqollariga ham, milliy an'analarimiz va diniy qadriyatlarimizga ham, xalqimiz ongi va musulmonchiligimiz asoslariga ham, Islom dinimiz tushunchalariga ham MUTLAQO ZID ekanligini unutmaylik!

Xorijiy telekanallarda nima namoyish etilsa yoki internetda nima targ‘ib qilinsa, barchasini qabul qilaverish aslo mumkin emas! Biz ular orasidan imon-e'tiqodimiz, an'anayu qadriyatlarimizga MOS KELADIGANLARINIGINA saralab olmog‘imiz shart. Bu maqsadga esa yoshlarimizga telefon, televideniye, kompyuter va internetdan oqilona foydalanish yo‘llarini o‘rgatish, ularning mazkur axborot manbalaridan foydalanishlarini nazorat qilib borish orqaligina erishish mumkin. Toki hali suyagi qotib ulgurmagan yoshlarimizning beg‘ubor ma'naviyatiga jiddiy zarar yetmasin.

Mutaxassislarning tadqiqotlariga ko‘ra, AQSHda jinoyatchilarning yarmidan ko‘pi buzilgan oilalar farzandlari ekani ma'lum bo‘lgan. Ularga ota-onasining ajrashgani tufayli yetkazilgan kuchli ruhiy zarba o‘rta yosh, hatto keksalik chog‘ida ham salbiy ta'sir o‘tkazishi aniqlangan.

2) «Jonli» tarbiya – bu ulug‘ ajdodlarimizdan davom etib kelayotgan oltindan qimmat rivoyatlari va noyob hikmatlari, buyuk ota-bobolarimizdan eshitib kelayotgan tillo bilan teng pand-nasihatlari va betakror hikoyalari, mehribon ota-onalarimizdan o‘rganib kelayotgan gavhar o‘gitlari va mislsiz so‘zlari, elimiz tanigan va xalqimiz tan olgan ustozlarimizdan ta'lim olib kelayotgan zar tushunchalari va bebaho ilmlari, jannatmakon yurtimiz – muqaddas Vatanimiz ta'lim maskanlarida taralayotgan durdan a'lo fanlar va beqiyos bilimlar.

Bu «jonli» tarbiyadagi ma'lumotlar esa ma'naviyat va ma'rifat yo‘nalishiga hamda tarbiya sohasiga daxldor har bir inson uchun, har bir (!) OTA UCHUN, har bir (!) ONA UCHUN beqiyos ensiklopedik manba bo‘lib xizmat qiladi. 

Oiladagi bosh – bobo yoki buvi, ota yoki ona har kuni, ayniqsa juma oqshomi, bozor oqshomi kunlarida oilaviy dasturxon atrofida o‘tirganlarida oilasining har bir a'zolarini ismlarini nomma-nom aytib, har bir o‘g‘il-qizlarini, har bir kelin-kuyovlarini, har bir nevara-chevaralarini haqlariga yaxshi tilaklar aytib, yaxshi duolar qilsalar – bu ham «jonli» tarbiyaning bir turi hisoblanadi. Zero bunday shakldagi «jonli» tarbiyani hammalarimizning ota-bobolarimiz, ona-momolarimiz avval-azaldan chin ixlos bilan, sof e'tiqod bilan, go‘zal namuna va chiroyli ibrat bo‘lib, barkamol darajada berib kelishgan. Shunda «meni otam meni haqimga bunday duo qilganlar», «meni onam meni bunday bo‘lishimni Xudodan so‘rar edilar» degan ongi-shuuridagi dasturxon atrofidagi surat uni ko‘z oldida doim turadi. Dasturxon atrofida, oilasi huzurida aytilgan ota-onasining umidlari, orzulari uni boshqa nojo‘ya xatti-harakatlardan tiyilishga, har kuni qo‘l ochib Yaratgandan so‘rayotgan tilaklarni eslab, mazkur tilaklarga mos kelmaydigan ishlardan saqlanishga undaydi.

Buyuk ota-bobolarimizdan meros bo‘lib qolib kelayotgan dono xalqimizni yuksak ma'naviyatiga davlatimiz rahbari Muhtaram Prezidentimiz ham: «Duo qilgan, duo olgan hech qachon kam bo‘lmaydi. Bunday joydan hech qachon baraka arimaydi» deb, yana qo‘shimcha sifatida bizlarga  yengilmas kuch qilib berdilar.

Xalqimizning milliy ma'naviyati, oilalarimizda amal qilinadigan tartib-qoidalar yoshlar tarbiyasida muhim ahamiyatga egadir. Ular oila mustahkamligini ta'minlashda ulkan poydevor vazifasini o‘taydi. Diyorimizda milliy qadriyatlar va muborak dinimizning ezgu ta'limotlari asosida oilaga doir qonun-qoidalar yanada mukammal qayta ishlandi. Janob hazrat Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o‘z hadisi shariflarida marxamat qiladilar: «Bolalaringizga odob beringlar va odoblarini chiroyli qilinglar!» Bu xususda shoirlarimizni ibratli so‘zlari bor:

                      «Birinchi g‘ishtni qiyshiq qo‘yarkan me'mor,

                      Osmonga yetsa ham, qiyshiqdir devor».

Oilada erning mavqei balandligi, xotin ham o‘z haq-huquqlariga egaligi, farzandlarning ota-onani hurmat qilishlarini olaylik. Ko‘p yillar davomida ota-bobolarimiz qalbiga singib ketgan ushbu milliy va diniy qadriyatlarni bugun yanada sayqallash kerakligini zamon talab etmoqda. Ayniqsa shiddat bilan o‘zgarib borayotgan hozirgi zamonda bema'ni xurujlar ko‘payib, ularning inson va jamiyat hayotiga salbiy ta'sirlari misli ko‘rilmagan darajada kuchayib bormoqda. Shuning uchun barchamiz ko‘zimizni kattaroq ochib, ziyraklik va ogohlik bilan bunday hamlalarga qarshi kurashmog‘imiz lozim.

Ayniqsa boshlangan yangi o‘quv yilidan serma'no, sermahsul, mazmunli va unumli foydalanib, har bir ota, har bir ona o‘z farzandiga odob-axloq namunalarini, kindik qoni to‘kilgan mislsiz Vataniga – vatanparvarlik his-tuyg‘ularini, bobo-buviga – ehtirom-hurmatni, ota-onaga – mehr va itoatkorlikni, oila a'zolariga – rahmdillik va mehribonlikni, o‘z juft haloliga – haqiqiy muhabbat va sodiqlikni, qo‘ni-qo‘shnilarga – oqibat va chiroyli munosabatni, qavm-qarindoshlarga – saxovat-muruvvatni, sinfdosh-kasbdoshlarga – chin do‘stlik va yordam berishni, atrofdagi barcha odamlarga – insonparvarlik va samimiylikni, hayvon-parranda-hasharotlarga – rahm-shafqatni uqtirib, yuqtirib, tushuntirib, singdirishimiz – ham burchimiz, ham qarzimiz, ham farzimizdir! Xudoni oldida ham, bandasini oldida ham, yurt-xalqimiz oldida ham!

Bularni hammasini bolalarimizga o‘rgatish uchun bizlarga hech qanday maxsus oliy ma'lumot ham, tegishli sertifikat ham, hech qanday qizil diplom ham kerak emas! Yoshlarimizda bu jihatlarini biz uyg‘otishimiz (!) kerak xolos. Zero shu sifatlarning hammasi farzandlarimizning qonida bor, ularning xamirturushlarida bor! Zero shu fazilatlarning hammasi bolalarimizning DNK larida mavjud! Chunki bu xususiyatlarning barchasi bizlarning ota-onalarimizdan avloddan-avlodga, qon orqali, jonli tarbiya orqali o‘tib kelayapdi! “Buning qonida bor-da o‘zi!” deb yoki “olma pishsa, tagiga tushadi” deb bejizdan-bejiz aytmaydi dono xalqimiz!

Kimning ona Vatanni sevish tuyg‘usi kuchli va imon-e'tiqodi mustahkam bo‘lsa, o‘zining o‘tmishini hurmatlab, yaxshi bilsa, «ommaviy madaniyat» tuzog‘iga tushib qolmaydi, dinu davlatimizning “haqiqiy do‘stlari”ning qarmog‘iga ilinmaydi. Buning uchun oilada ota-onalar farzandlari bilan milliy musiqa, xalq qo‘shiq-ashulalarimizni eshitishsa, birgalikda kitob o‘qishsa, o‘qigan asarlarini birgalikda muhokama qilishsa, ularni turli sport seksiyalariga va musiqa to‘garaklariga jalb etishsa, erishilgan yutuqlari va egallayotgan tajribalariga qiziqishsa, ilm-hunar o‘rganishlarida hamnafas bo‘lishsa, yoshlarning yot g‘oyalar uchun vaqti ham, qiziqishi ham bo‘lmaydi.

Iloho o‘zlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham Mehribon Parvardigorimiz O‘zi buyurgan, Janob Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam tavsiya etgan, o‘tmishda o‘tganlarimizni ro‘hlari shod bo‘ladigan, xalqimiz xursand bo‘ladigan, ota-onalarimiz rozi bo‘ladigan yo‘llardan yurishimizni nasib etsin!    

 

Ibrohimjon domla INOMOV

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Toshkent viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari


Kiritilgan vaqti: 07/09/2023 15:53;   Ko‘rilganligi: 1037
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/jonli-va-jonsiz-tarbiya
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 02:01
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing