Ixtilof va xilof o‘rtasidagi farq
Hozirgi vaqtda “Ixtilof” so‘zini juda ko‘pchilik salbiy ma'noda tushunib qolgan. Lekin aslida bu so‘zni salbiy ma'noda tushunishga o‘rin yo‘q. “Ixtilof” va “Xilof” so‘zlari qanday ma'nolarni bildirishini quyida bayon qilib beramiz.
Bu ikki so‘z arab tilidagi kalimalardir. Ixtilof so‘zining lug‘aviy ma'nosi “har-xillik”, “turli-tumanlik” degani, xilof so‘zining lug‘aviy ma'nosi esa “ziddiyat”, “qarama-qarshilik” deganidir.
Ixtilof – yo‘lning har xil bo‘lishi barobarida maqsadning bitta bo‘lishidir. Xilof esa - yo‘lning ham maqsadning ham bir-biriga teskari bo‘lishidir. Ixtilof dalilga suyanadi. Ya'ni, aytilayotgan har bir gapning dalili bo‘ladi. Xilof esa biror dalilga suyanmagan kalimadir. Ixtilof rahmatning belgisi bo‘lsa, xilof bid'atning belgisidir.
Far' ya'ni, fiqh masalalardagi ixtiloflarda turgan kishilar bir-birlarining ortlaridan noshar'iy gap-so‘zlarni qilmasligi kerak. Aksincha, ular bir-birlarini qo‘llab-quvvatlab, hatto ba'zilari ba'zilarining ortidan namoz o‘qimoqlari vojibdir. Sahobalar, roziyallohu anhum, far'iy masalalarda ixtilof qilsalar ham bir-birlarining ortlarida namoz o‘qir edilar. Tobe'inlar va ularga yaxshilik bilan ergashganlar ham shunday qilganlar. Zero, Imom Tabaroniydan rivoyat qilingan hadisda Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ummatimning ixtilofi rahmatdir”, deganlar.
Lekin, ba'zi yoshlarning, xususan, ulardan xorijda ta'lim olayotganlarining islomiy bilimlari zaifligidan foydalangan zalolatga boshlovchilar, ularga fiqhiy mazhablar ixtilofini zulm va bo‘hton bilan e'tiqodiy masalalarga teng qilib ko‘rsatmoqdalar. Ular mazkur ixtiloflarni farqlamay, shariatda qarama-qarshilik bor demoqdalar. Aslida esa unday emas. Yuqorida keltirganimizdek, qarama-qarshilik - xilofdir, xilof esa bid'at hisoblanadi.
Demak xulosa qiladigan bo‘lsak, ummatning ichida shu xildagi ixtiloflar bo‘lmasligi mumkin emas. Bu dinimizning kamchiligi ham, dinimizdagi qarama-qarshilik ham emas.
Chunki asliy dalillar ko‘pincha bir necha ma'noni o‘z ichiga olgan bo‘ladi. Shuningdek, dalil hamma muhtamal hodisalarni qamrab ololmaydi. Chunki ba'zi ulamolarimiz rahmatullohi alayhimlar aytganlaridek, dalillar chegaralangandir, hodisalar esa chegaralanmagandir.
Bas, shunday ekan, yangi paydo bo‘lgan masalalarda hukmni joriy qilishda ulamolarimiz qiyosga, hukmning illatlariga va shariatning umumiy maqsadlariga qaraganlar.
Bunday holatda ulamolarning fahmlari va bir necha ehtimoldan birini ustun qo‘yishlari bilan bir masala bo‘yicha chiqaradigan hukmlar har xil bo‘lishi tabiiydir. Ulardan har birlarining maqsadlari bir, haqni qasd qiladi va uni izlaydi. Shunday ekan, ulardan kim to‘g‘ri topsa ikki ajr, kim xato qilsa, bir ajr oladi. Manashu holatda ummat uchun kengchilik paydo bo‘lib, torchilik yo‘qoladi.
Mazhablarni tark qilishga da'vat qilayotgan, odamlarni yangi ijtihodiy yo‘lga majburlamoqchi bo‘layotgan va mavjud fiqhiy mazhablarga va ularning imomlariga ta'na toshini otayotgan toifalarning tutgan yo‘llari ummatni tafriqaga olib boradigan eng katta xato va xatarli yo‘l deb hisoblaymiz. Fiqhiy mazhablar va imomlarining fazilatlari haqida bilgan kishi uchun Kitob va Sunnatga olib boradigan eng to‘g‘ri yo‘l mazhabga ergashish ekani ma'lumdir. Shuni bilishimiz kerakki, hozirgi paytda mo‘min-musulmonlar behuda, odamlarni tafriqaga soluvchi da'vatga emas, balki, ummatning kelajagi yoshlarning ta'lim-tarbiyasi borasida birlashishga muhtojdir.
Xayrulloh domla Sattarov tayyorladi
Kiritilgan vaqti: 15/03/2022 10:14; Ko‘rilganligi: 3996
Chop etilgan vaqti: 11/10/2025 01:55