ITOATKORLIK MUMIN XISLATI
Eng ulug‘ va barokotli oylardan hisoblanmish Ramazon oyining kirib kelishiga ham oz kunlar qoldi. Uni hammamiz orziqib kutayotganimiz rost. Chunki, bu oyda qiladigan solih amallarimiz, namoz, tutadigan ro‘za, zakotu xayr-ehsonlarimizning ajri behisob ekanligini yaxshi bilamiz.
Kuni kecha O‘zbekiston Musulmonlar idorasi Ulamolar kengashining Ramazon oyini o‘tkazish hakidagi bayonoti muftiy hazratlari tomonidan xalqimizga yetkazildi. Bu – ko‘pchilikni o‘ylantirib kelayotgan bir qancha savollarga javob bo‘ldi.
Bayonotni hammamiz eshitdik. Undagi xulosaga kelishda juda ko‘p omillar o‘rganilganligi, barcha shart-sharoitlar hisobga olinganligi aytilgan.
Alloh subhanahu va taolo o‘z kalomida "Ey iymon keltirganlar! Allohga itoat etingiz, Paygambarga va o‘zlaringizdan (bo‘lmish) boshliqlarga itoat etingiz..." deb amr qilgan (Niso surasi, 59-oyat). Qur'oni karimdagi bu oyati karima va e'lon qilingan bayonot tumanimiz hududidagi barcha jome masjidlarda diniy xizmatni tashkil etishimizda dasturulamal bo‘ldi. Shu sababli bu bayonot ijrosini tumanimiz imom-xatiblari tomonidan belgilangan, mahalla va qishloqlarda faoliyat olib borayotgan vakillarimiz bilan amalga oshiramiz. Ularga bugungi kunda olib borilayotgan islohatlarni targ‘ibot qilish ishlarini olib borish vazifasi topshirildi. Hammamiz uchun sinovli bo‘lgan bugungi kunlarda toat-ibodatlarimizni uyda o‘tirgan holda ado etadigan va sabr ila Yaratgandan koronavirus atalmish ofatdan xalos qilishini so‘rab duolar qiladigan bo‘lsak, inshaolloh, tezda el-yurtimizga yaxshi kunlar qaytadi.
Muallif: Xayrullo Shomurodov, Kattaqo‘rg‘on tuman bosh imom-xatibi
Kiritilgan vaqti: 18/04/2020 11:32; Ko‘rilganligi: 927
Chop etilgan vaqti: 12/10/2024 14:38