Isrofgar bo‘lmaylik
Baxtli, saodatli turmush kechirish, oilani chinakam baxt qasriga aylantirish, farzandlar kamolini ko‘rish har bir muslim va muslimaning eng ezgu orzusidir. Bunday baxtli turmush qurishning muhim omillaridan biri esa ayollarning kamxarj bo‘lishi va isrofgar bo‘lmasligidir.
Oilani boqish, uni moddiy jihatdan ta'minlash, o‘zgalarga muhtoj qilib qo‘ymaslik erkaklar zimmasidagi asosiy vazifalardandir. Biroq, xarajatda chegara va kamxarjlik bo‘lmasa, erkak qancha daromad qilishiga qaramay uni yetkazish imkoni bo‘lmaydi. Bu borada xotin kishining vazifasi erkakka nisbatan katta. Daromadga qarab xarajat qilishda ayol kishi e'tiborli bo‘lishi lozim. Er qanchalik ko‘p topmasin xotin isrofgar bo‘lsa, pulni o‘ylamay sarflashga o‘rgansa, albatta bunga tog‘ ham chidamaydi. Xolbuki, bir necha kunlab, xatto oylab peshona teri to‘kish orqali qo‘lga kiritilgan daromadni bir lahzada o‘ylamasdan sarf qilib yuborish uni havoga sovurish kabidir. Albatta, pul sarflash, ehtiyojlarini qondirish uchun topiladi. Ammo keraksiz yerga pul sarflash uni isrof qilish demakdir. Isrof qilish esa harom sanaladi.
Boshqa tomondan, oilaning topish-tutishi yaxshi bo‘lganda eridan mamnun bo‘lib, vaziyat o‘zgarib qo‘lda sariq chaqa ham qolmaganida eridan yuz o‘giradigan, “sizga tegib nimani ko‘rdim?”, deydigan xotinda xayr yo‘qligini, jahannam mana shunday ayollar bilan to‘ldirilishini suyukli Payg‘ambarimiz (SAV) xabar berganlar.
Barcha ayollarimizga turmush o‘rtoqlarining roziliklarini olib jannat ahlidan bo‘lishlik baxti nasib qilsin.
N. Temirova – viloyat bosh imom xatibinig xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi.
Kiritilgan vaqti: 13/12/2022 10:28; Ko‘rilganligi: 582
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 07:55