O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

ISLOMDAGI AFZAL AMALLAR!

 
 

Islom ham din, ham dunyo. Dunyo – din obod qilinadigan joy, din esa dunyo va oxirat manfaati uchun vosita. Islom – ijtimoiy kundalik hayot tarzi. U jamiyatni tartibga, bag‘rikenglikka, o‘zaro yordam va hamkorlikka chaqiradi. Hadislar bu boradagi to‘g‘ri va maqbul yechimni taklif qiladi.

عَنْ عَبْدِ الله بْنِ عَمْرٍو رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا: أنَّ رَجُلًا سَأَلَ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: أيُّ الإسْلَامِ خَيْرٌ ؟ قَالَ : "تُطْعِمُ الطَّعَامَ، وَتَقْرَأُ السَّلَامَ عَلَى مَنْ عَرَفْتَ وَمَنْ لَمْ تَعْرِفْ". رَوَاهُ الْبُخَارِي

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

“Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan: “Islomning qaysi (amali) yaxshi?” deb so‘radi. U zot: Taom berishing hamda tanigan-tanimaganinga salom berishing, dedilar” (Buxoriy rivoyati).

Hadis sog‘lom jamiyat va fozil shahar hayoti qoidalarini ikki sifatda belgilab berdi: moliyaviy va moddiy-ma'naviy hamkorlik. Hadisi sharifda taom berish bilan salomni yoyish umumlashtirildi. Chunki bunda ehsonning ikki ko‘rinishi – so‘z va amal bilan yaxshilik qilish ta'kidlanmoqda.

Farzlardan so‘ng islom amallari va buyruqlaridan qaysi biri yaxshiroq, afzalroq ekani borasida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ikki narsani aytdilar:

  1. Alloh taoloning roziligini istab odamlarga taom, sadaqa, sovg‘alar berish, mehmondo‘stlik qilish.

Alloh taolo Qur'onda yaxshi kishilarni tavsiflaganda bunday deydi:

“O‘zlari taomni yaxshi ko‘rib tursalar ham, uni miskin, yetim va asirlarga berarlar. Albatta, biz sizlarni faqat Allohning roziligi uchun ovqatlantiramiz. Buning evaziga sizlardan mukofot yoki tashukkur xohlamaymiz” (Inson surasi, 8-9 oyatlar).

Haqiqiy mard kishi o‘zi yaxshi ko‘rgan taomidan kambag‘al, muhtoj va yetimlarga ham beradi, yaxshilik ulashadi, boshqalarni qo‘llaydi. Haqiqiy ixlosli kishi birodarlariga yaxshilik qilganida riyo va minnat uchun emas, faqat savob va oxirat umidida qiladi. Bu ishi sababli ulardan tashakkur kutmaydi.

Alloh taolo “Mo'un” surasida aytadi:

“Oxirat (jazosi)ni yolg‘onga chiqaruvchini ko‘rdingmi? U yetimni qo‘pollik bilan haydaydir. Va miskinlarga taom berishga qiziqtirmaydir”, (1-3 oyatlar).

Musulmon kishi muhtojlarga yordam   qo‘lini cho‘zadi, o‘z holiga tashlab qo‘ymaydi. Shuningdek, boshqalarni ham shunga undaydi, dalolat qiladi, yaxshilikka chaqiradi, qiziqtiradi. Oyatda hatto miskinlarga taom berishga qiziqtirmaslik gunoh sifatida aytilmoqda. Endi kambag‘allarga bevosita yordam bermaslik, baxillik qilish qanchalik ayb ekanini tushinib olaversak bo‘ladi.

Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: 

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam: 

“Qaysi bir musulmon kiyimi yo‘q musulmonga kiyim kiydirsa, Alloh unga jannatning yaxshi kiyimlaridan kiygizur. Qaysi bir musulmon qorni och musulmonga taom bersa, Alloh uni jannat mevalari ila taomlatirur. Qaysi bir musulmon suvsiz, chanqagan musulmonga suv bersa, Alloh azza va jalla uni rahiqi maxtumdan serob qilur”, dedilar” (Abu Dovud rivoyati).

Miskinlarni to‘ydirish jannatga kirishga, jannatning oliy ne'matlaridan bahramand bo‘lishga sabab bo‘lar ekan.

  1. Odamlarga birini boshqasidan ajratmasdan salom berish. Chunki u Islomning barcha musulmonlarga tayin qilgan salomidir. Salom – o‘zaro hurmatning birinchi sababi, mehrni jalb qiladigan kalit, islom shiori, nafs riyozati, tavozeni ushlash va musulmonlar hurmati ulug‘ligini izhor qilish namunasi. Salom musulmonlarning haqqi, u faqat tanishlarga berilmaydi.

Islomning eng muhim va ko‘zga ko‘ringan xususiyatlaridan taom berish va salomni yoyish. Bularda totuvlik, birodarlik bor va ular bilan Islom ummati bir jismga o‘xshab ketadi, a'zolari uning manfaati yo‘lida hamkorlik qiladi, tinchlik o‘rnatadi va undan zararni qaytarish uchun birlashadi va uning quvvatga erishishi uchun bir-birlariga mustahkam bog‘lanadi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘min bo‘lmaguningizcha jannatga kirmaysiz. O‘zaro muhabbat qilmaguningizcha mo‘min bo‘lmaysiz. O‘zaro muhabbat qilishingizga sabab bo‘ladigan narsaga dalolat qilaymi?” dedilar. “Ha, ey Rasululloh”, deyishdi. “Orangizda salomni yoying!” dedilar” (Buxoriy va Muslim rivoyati).

 Salom ham mo‘minni jannatga kirgizadigan sabablardan biri.

Shurayh ibn Hone otasidan rivoyat qiladi: “U: “Ey Rasululloh, menga jannatni vojib qiladigan biror narsa o‘rgating”, dedi. U zot: “Shirinso‘zlik, salom berish va taom yedirish”, dedilar” (Ibn Hibbon rivoyati).

Afsuski, so‘nggi vaqtlarda yoshlar orasida salom berish tobora kamayib bormoqda. Ba'zilar hatto tanigan yaqiniga ham bazo‘r salom beradi. Musulmon kishi qayerda bo‘lsa ham, qayerga borsa ham, kim bilan ko‘rishsa ham birinchi so‘zi “Assalomu alaykum” bo‘lishi kerak. Salom berish va undan ko‘zlangan maqsadlar ham bugungi kunimizning juda muhim masalasidir. Jamiyat birdamligi va taraqqiyoti uchun kishilar bir-birlari bilan yaxshi munosabatda bo‘lishi, ko‘rishganda salomlashib, bir-birlariga tinchlik-omonlik, salomatlik, Allohning rahmati va barakasini so‘rab turishi, tinch-totuv, do‘st-birodar bo‘lib yashashi lozim.

Islom dinining ushbu ikki fazilati haqida qancha ko‘p gapirilsa, shuncha oz. Bu ikki xususiyat bilan tinchlik va birdamlikka, muhabbat va hamjihatlikka erishiladi, osoyishtalik va xotirjamlik hukm suradi, islom eng yorqin ko‘rinishda namoyon bo‘ladi.

 Bahodir MIRZAYEV,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi 


Kiritilgan vaqti: 29/05/2023 16:17;   Ko‘rilganligi: 1342
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/islomdagi-afzal-amallar
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 06:25
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing