Inson qadrlangan o‘lkaga Allohning rahmati yog‘iladi
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Yaxshiliklar, xayrli ishlar bardavom bo‘lib, inson qadri ulug‘langan yurt doimo taraqqiy etadi. Xalqi hamjihatlikda, mehr-muruvatda umrguzaronlik qiladi. Shu bois ham mamlakatimizdagi bosh islohotlarda inson sha'ni, uning qadr-qimmatiga katta e'tibor berilmoqda.
Davlatimiz rahbari raisligida shu yil 26 yanvar kuni O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini belgilash hamda uni amalga oshirish yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida 2022 yilda yurtimizda inson qadri ulug‘lanishiga katta urg‘u qaratishga oid vazifalar belgilandi. Boisi inson qadrini ulug‘lash eng oliy fazilat bo‘lib, Yangi O‘zbekistondagi islohotlarning mantiqiy davomidir.
– Inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balandparvoz tushuncha emas. Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini ta'minlashni nazarda tutamiz. Inson qadri deganda, biz har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma tashkil etishni, malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, sifatli ta'lim, ijtimoiy himoya tizimi, sog‘lom ekologik muhit yaratib berishni tushunamiz, deb ta'kidladi Davlatimiz rahbari mazkur yig‘ilishda so‘zlagan nutqlarida.
Taraqqiyotimizning yangi davrida aholimiz, ayniqsa, yoshlarimiz ongu shuurida inson qadriga bo‘lgan e'tiborning amaliy ifodasi shakllanmoqda, ushbu fazilatlar xalqimiz turmush-tarzida tobora mustahkam qaror topib bormoqda.
Haqiqat qiyosda bilinadi. O‘tgan yilda 25 ta yangi masjid ochilgani juda katta tarixiy natija, 96 ta jome yangidan qurilgani esa mo‘min-musulmonlar uchun quvonchli voqea bo‘ldi. Oliy va o‘rta maxsus diniy ta'lim muassasalariga qabul kvotalari o‘tgan yillarga nisbatan oshirildi. O‘qish sifatini tubdan yaxshilash bo‘yicha fan dasturlari ishlab chiqildi. Ikki nafar ulamo Falsafa fanlari doktori (PhD) ilmiy unvonini olgani, yana ko‘plab diniy soha xodimlari ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borayotgani sohadagi erishilayotgan yutuqlarning totli mevalaridir.
O‘lkamizda tashkil etilgan “Qur'oni karim va tajvid” o‘quv kurslari soni 21 taga yetgani Allohning kalomiga muhabbatli xalqimizni cheksiz mamnun etmoqda. Shu kunga qadar 25 ming nafar kishiga qiroat bo‘yicha boshlang‘ich ilmlar berilgani va ayni kunlarda ushbu o‘quv kurslarda 2,5 ming kishi tahsil olayotgani xayrli islohotlarning amaldagi ifodasidir.
Aholining diniy savodxonligi va ma'rifatini oshirish maqsadida, “Hidoyat sari” ko‘rsatuvi negizida “Muftiy minbari” rukni, “Madaniyat va ma'rifat” telekanalida “Ma'rifiy suhbatlar” va “Zikr ahlidan so‘rang” nomli yangi teleko‘rsatuvlar efirga uzatilayotgani bu boradagi xayrli ishlarning yangi bosqichga chiqqanidan darak berib turibdi.
Mazkur ulug‘vor ishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad inson qadr-qimmatini ulug‘lashga qaratilgani bilan yanada ahamiyatli bo‘ldi. Ko‘zimiz bilan ko‘rib, bahra olib turgan bunday ezgu amallar joriy yilda ham davom etadi, insho Alloh.
Davlatimiz rahbari Taraqqiyot strategiyasining 7 ta ustuvor yo‘nalishining har biriga alohida to‘xtalib, eng muhim jihatlarini aytib o‘tdilar. Joriy yilda insonni e'zozlash, uning huquq va erkinliklarini ta'minlash, odamlarni rozi qilish boradasigi islohotlar ko‘lami yanada keng quloch yozishiga ishonch hosil qildim.
Ushbu dasturiy hujjatda yaqin va o‘rta istiqbolda mamlakatimizning rivojlanish bosqichlari qanday bo‘lishi, bu boradagi ustuvor vazifalar belgilangan. “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” degan tamoyil asosida islohotlarning uzviyligi va davomiyligini ta'minlashga alohida e'tibor qaratilgan. Joriy yilgi “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” bo‘yicha davlat dasturi loyihasi ham mana shu hujjatdan kelib chiqib tayyorlangan.
Xususan, mahallani jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch bo‘g‘iniga aylantirish zarurligi ta'kidlandi. Uchinchi Renessansga poydevor yaratish jarayoni kechayotgan bugungi kunda xalqimizning diniy-milliy qadriyatlari, urf-odatlari mujassam topgan ma'naviyat beshigi bo‘lgan mahallaning o‘rni nihoyatda muhim. Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini bo‘lsa, mahalla qadimdan tarbiya o‘chog‘i, odamlarni uyushqoqlik asosida ahillikda turmush kechirishlarini ta'minlab kelgan. Ayniqsa, o‘zbek xalqining yaxshi va yomon kuni, dard va tashvishi, muammolariyu kechinmalari ana shu qo‘rg‘onda kechadi.
Ta'kidlash joizki, har birimiz mahallada ulg‘ayganmiz, beg‘ubor yoshligimiz, yodda qoladigan yaxshi kunlarimiz ushbu go‘shada o‘tgan. Mo‘ysafid otaxonlar, nuroniy onaxonlarning pandu o‘gitlari tarbiyamizda tamal toshi bo‘lgan, do‘stlar bilan xursandchiliklarimiz bir umr xotiramizga muhrlangan. Bejizga bir bolaga yetti mahalla ham ota, ham ona deyilmagan. Mahalla – oilalar jipsliligini ta'minlash, barkamol avlodni tarbiyalash, aholining kundalik muammolarini hal etadigan tabarruk dargohdir.
Yangilanayotgan mamlakatimizda fuqarolarimiz tinchlik va xotirjamlikda munosib hayot kechirishini ta'minlashda mahallaning o‘rni va ahamiyati kun sayin ortib bormoqda. Shu maqsadda, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Davlatimiz rahbarining tegishli Farmoniga ko‘ra, 2022 yil 1 yanvardan har bir shaharcha, qishloq, ovulda, shuningdek, har bir mahallada tuman (shahar) hokimining yordamchilari ish boshladi.
Demakki, bugun mahalla islohot, ma'rifat va tarbiya maskaniga aylanib, vakolatlari kengaymoqda. Ayniqsa, mahallalarda yigit va qizlarga oilaviy hayot haqidagi, shuningdek, ma'naviyat, odob-ahloq va ruhiy tarbiya borasidagi bilim va tushunchalarni bolaligidan singdirib borish juda foydali bo‘ladi.
Mana shunday savobli ishlarda diniy soha xodimlari, ulamolar va imom-xatiblar faol ishtirok etmoqdalar. Imom-xatib jamiyatda odamlarning qadr-qimmatini o‘z o‘rniga qo‘yish va barcha insoniy fazilatlar ila ziynatlanishida asosiy tarbiyachidir. Imom bor vujudi, ixlosi bilan kishilarni ikki dunyoda saodat ahlidan bo‘lishi yo‘lida odamlarni yuksak odob-axloq, solih amallarni qilishga, adolatli ishlarga, foydali ilm-ma'rifat o‘rganishga, madaniyat yutuqlaridan ijobiy suratda istifoda etishga, har bir kishini ota-ona, oila, farzand, qavm-qarindoshlar o‘rtasida tinch-totuv, o‘zaro hurmat va muhabbat ruhida yashashga chorlaydi.Islom inson qadrini hamma vaqt, har yerda ulug‘lashga buyurgan, uning sharafini oliy darajaga ko‘targan. Dinimizda insonni aziz va mukarram zot sifatida ulug‘lanadi hamda kishi hayotining ruhiy va ma'naviy jihatdan komillikka yetishishiga katta e'tibor beradi.
Haq taolo insonni O‘zi yaratgan barcha jonzotlardan afzal qilgan. Yaratgan Parvardigor odamzodga butun borliqni bo‘ysundirib qo‘ygan. Farishtalar ham inson Alloh tomonidan yaratilgani uchun unga hurmat bajo keltirib, ta'zim sajdasini ado qildi. Mana shu narsa insonni oliy maqomga ko‘tardi. Rabboniy jon ato etilishi inson sharafini ulug‘ladi. U endi Haq taoloning Yer yuzidagi o‘rinbosari, degan muborak nomga musharraf bo‘ldi.
Alloh taolo marhamat qiladi: “Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo‘ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik” .
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida: “Mo‘min kishi Alloh taolo nazdida farishtalardan ham mukarram va afzaldir” – deb marhamat qilganlar. Ulamolar ushbu hadisning sharhida bunday deydilar: “Farishtalarni Alloh taolo faqat toat-ibodat va ba'zi maxsus vazifalarni ado etish uchungina yaratgan. Shuning uchun ularda aql boru, lekin nafsu shahvat yo‘q. Hayvonotda esa nafsu shahvat boru, lekin aql yo‘q. Ammo odamzodda aql ham bor, nafsu shahvat ham bor. Aql uni to‘g‘ri yo‘lga, savobli ishlarga boshlasa, nafsu shahvat faqat nafsni qondirish va buning uchun har qanday gunohu ma'siyat ishlarga boshlaydi. Binobarin, agar insonning aqli nafsu shahvatidan g‘olib kelib, uning amriga muvofiq harakat qilsa, demak u farishtalardan ham ulug‘ maqomda yurgan bo‘ladi”.
Yuqoridagi oyati karimada Alloh taolo: “Insonni aziz va mukarram qildik” – deb marhamat qiladi. Tafsir kitoblarida insonning qaysi ne'matlar tufayli mukarram ekani to‘g‘risida ko‘p misollar keltirilgan. Ba'zi mufassirlar mazkur oyatni sharhlab, insonga ato etilgan ne'matlarni ikkiga taqsim qilganlar. Birinchisi, jismoniy ne'matlar. Bunga misol sihat-salomatlik, tinch-farovon turmush kabilar. Ikkinchisi, ruhoniy yoki ma'naviy ne'matlar bo‘lib, unga imon, islom, hidoyat, axloq, insofu tavfiq singari ijobiy sifatlarni misol qilish mumkin.
Alloh taolo O‘zining bu ne'matlarini zikr qilishidan maqsadi – har bir inson o‘ziga ato etilgan behisob ne'matlarga shukr qilsin, bu narsalarning qadriga yetib, ularni faqat xayrli va foydali ishlarga sarf etsin, degan ma'nodadir.
Demak, insonning ruhiy-ma'naviy olami boy bo‘lsa, uning qadr-qimmati shuncha oshadi. Inson qancha imonli, diyonatli bo‘lsa, Allohga muhabbati va itoati qanchalik ulug‘ bo‘lsa, shundagina uning darajasi yuqori bo‘ladi.
Alloh insonni aql va idrokda butun maxluqlaridan mukarram aylab, unga Yerdagi hamma narsani bo‘ysundirib qo‘ydi. Haq taolo yuqoridagi oyati karimada odam bolasini borliqdagi hamma narsadan azizu mukarram qilib yaratganining xabarini bermoqda: «Batahqiq, Biz Bani Odamni azizu mukarram qilib qo‘ydik».
Haq taolo insoniyatni aziz jismini go‘zal, beqiyos va mukammal yaratgan. Bu haqda Qur'oni karim “Tin” surasining 4-oyati karimasida “Batahqiq, Biz insonni eng yaxshi suratda yaratdik”, deb marhamat qiladi.
Mazkur yig‘ilishda muhokama qilingan dolzarb masalalaridan yana biri yo‘llarda xavfsiz sharoit yaratish, transport hodisalari va o‘lim holatlarini keskin qisqartirish uchun harakatlarni boshqarishni raqamlashtirish, haydovchilik guvohnomasiga o‘qitish kuchaytirishga urg‘u qaratildi. Haqiqatan, so‘nggi vaqtlarda atrofimizda yo‘l-transport hodisalari shunchalik ko‘paydiki, ayrimlarini eshitib, qalbimiz juda ham mahzun bo‘lmoqda. Ming afsuski, buning ortidan yuzlab insonlar vafot etayotgani yoki bir umrga nogiron bo‘lib qolayotgani ham har birimizni ziyraklikka chorlashi kerak. Birgina Toshkent shahrida 2021 yil 11 oyida piyodalar ishtirokida 524 yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Oqibatda 32 kishi olgan tan jarohatlari tufayli halok bo‘lgan. Yana 487 kishiga turli og‘irlikdagi badan shikastlari yetgan.
Ta'kidlash kerakki, Islomda yo‘l harakati qoidalari Qur'on va hadis, ulamolarning ushbu manbalardagi umumiy qoidalar asosida chiqargan hukmlari bilan tartibga chaqiradi. Shuningdek, Islom fuqaholari taqdim qilgan hujjatlar asosida piyoda bo‘lsin yoki ulovda bo‘lsin, har bir musulmon yo‘l harakati qoidalariga amal qilishi shar'iy jihatdan vojib ekaniga ittifoq qilingan. Shu bois, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish borasida fatvosi ham e'lon qilgan. Unda, mazkur qoidalar Islom shariatiga mos ekani, musulmonlar ushbu qoidalarga e'tiqodan amal qilishi lozimligi kabi masalalar batafsil bayon etilgan.
Barcha yo‘l qoidalari aslida insonning joni va molini asrash maqsadida tuzilgan. Bu esa Islomning ahkomlarida himoya qilish ko‘zda tutilgan hamda shariat maqsadlariga muvofiq hisoblanadi. Musulmon kishi yo‘l qoidalari, odob va madaniyatiga amal qilishi kimdir nazorat qilayotgani uchun emas, balki Islom shariati talabi, deb e'tiqoddan bajarishi kerak. Shunda yo‘lda yurish ham ibodatga aylanadi va savobga erishadi, noxushliklarning oldi olinadi, insha Alloh.
So‘zimning nihoyasida shuni qayd etmoqchimanki, Davlatimiz rahbari aytganlaridek: “Ishontirib aytamanki, xalqimizning hayoti yanada farovon va mazmunli bo‘lishi uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz”, degan qimmatli so‘zlari zamirida yuqorida bayon etilgan ezgu maqsad va muddaolar mujassamdir.
Alloh taolodan xalqimizga sihat-salomatlik, baxt-saodat, xonadon-lariga tinchlik-xotirjamlik va fayzu baraka tilayman.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
- raisi, muftiy Nuriddin domla XOLIQNAZAROV
hazratlari
Kiritilgan vaqti: 30/01/2022 08:39; Ko‘rilganligi: 1157
Chop etilgan vaqti: 10/10/2025 19:28