O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Inson o‘z harakati bilan dunyoni obod qilishi yoki uni vayron qilishi mumkin.

 
 

Hayot turli-tuman hodisalarga boy. Inson ushbu hodislarning ishtirokchidir. Inson o‘z harakati bilan dunyoni obod qilishi yoki uni vayron qilishi mumkin. Jamiyatga foydasi teguvchi odamlar hamisha hurmatga loyiq bo‘lib, boshqalarga ibratdir. Biroq illatli odamlar ham borki, ular har bir davrda jamiyatga zarar keltirgan va qoralangan.

Biz “illatli kishi” deganda o‘g‘ri, kazzob, muttaham, yulg‘ich, poraxo‘r kabi insoniyatga kulfat keltiruvchi kishilarni tushunamiz. Ana shunday kishilar sirasiga ikkiyuzlamachi ham kiradi.

Odatda ikkiyuzlamachilar odamlarning e'tiboridan chetda qoladilar, ularning borligiga ahamiyat qilinmaydi. Ammo ulardan bo‘ladigan zarar ko‘lami juda katta bo‘lib, butun bir millatni parokanda qilishi mumkin. Eng yomoni, ular tufayli Islom diniga zarar yetadi va musulmonlar o‘rtasida ishonch yo‘qoladi.

Afsuski, bu illat bugun chuqur ildiz otdi. Hozirda ikkiyuzlamachilik ko‘pchilik insonlarda kuzatilmoqda. Nafaqat avom odamlar, balki ilmlilar orasida ham bu illatga mubtalo bo‘lganlar topiladi. Albatta, bu kasallikdan qutulish lozim. Tezlik bilan uning muolajasini qilish jamiyatning istiqboli uchun o‘ta muhim vazifa hisoblanadi.

Avvalo, ikkiyuzlamachilik nimaligini bilib olish lozim. Xo‘sh, ikkiyuzlamachi kim?

Bu savolga Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam: “Odamlarning yomoni ikkiyuzli ekanidir. Bular (bir qavmga)ga bir yuz bilan keladi va ular (boshqa qavmga)ga boshqa yuz bilan boradi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Demak, ikkiyuzlamachi bir toifa odamlarga bir gapni, boshqa toifa odamlarga boshqa gapni aytadi. U jamiyat uchun o‘ta xatarlidir.

Shunday ekan, har bir musulmon bu illatga qarshi kurashmog‘i zarur. Bu kurashni, avvalo, o‘zidan boshlashi kerak. Ya'ni kishi o‘zidagi salbiy jihatlarni payqashi bilanoq uni bartaraf etish harakatida bo‘lsa, yaxshi natijaga erishadi.

Ikkiyuzlamachilik millat uchun xiyonatdir. Uning zamirida moddiy manfaatdorlik bor. Inson ana shu manfaat ilinjida o‘zi yoqtirmagan kishilarga xushomad qiladi. O‘zining yomon jihatlarini yashirishga urinadi, o‘zida yo‘q yaxshiliklarni ko‘rsatadi.

Sa'd ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning “Kim bu dunyoda ikkiyuzlamachi bo‘lsa, qiyomat kuni uning olovdan bo‘lgan ikki yuzi bo‘ladi”, deganlarini eshitdim» (Imom Tabaroniy rivoyati).

Xulosa shuki, jamiyat ravnaqini istagan va Islom dini kamolini o‘ylagan har bir musulmon bu illatdan uzoq bo‘lishi lozim.

Temirov Hasan manbalar asosida

 


Kiritilgan vaqti: 18/05/2022 15:18;   Ko‘rilganligi: 1061
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/inson-oz-harakati-bilan-dunyoni-obod-qilishi-yoki-uni-vayron-qilishi-mumkin
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 02:23
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing