Imom Zufar rohimahulloh
Bilamizki ahli sunna val jamoada 4 ta mazhab bor, o‘sha mazhablarning eng ko‘p tarqalgani bizning mazhabimiz, ya'ni «Xanafiya» mazhabi hisoblanadi!
Ammo mazhabboshimiz tomonidan kelgan shar'iy hukmlarning hammasi ham Imom Abu Hanifa rohimahullohdan kelmagan, balki shogirdlari, «Qoziyu quzot» Imom Abu Yusuf, Imom Muhammad Ashshayboniy rohimahulloh va shu jumladan eng katta shogirdlari Imom Zufar rohimahullohlar tomonidan yetib kelgan.
Ko‘p insonlar «Imomayn»ni ya'ni Imom Abu Yusuf, Imom Muhammad rohimahullohlar haqida bilishadiyu ammo Imom Zufar haqida ma'lumotlari kamroq, shu sababdan u zot haqida qisqacha ma'lumot berib o‘taman!
Imom Zufar Abu Hanifa rahimahullohning shogirdlari orasida eng kattasidir. To‘liq ismi – Abu Zuhayl Zufar ibn Huzayl ibn Qays Anbariy. U zot hijriy 110 yili tug‘ilganlar.
Imom Zufar fiqhda bamisoli dengiz va nixoyatda aqlli, farosatli, taqvodor zot edilar. U zot imom Abu Hanifa rahimahullohning qo‘llarida fiqhni o‘rgandilar. Uzoq muddat u zotdan saboq oldilar. Bu haqda imom Zufar roximahullohning o‘zi bunday deganlar: “Yigirma yildan ortiq imom Abu Hanifa rahimahullohdan ta'lim oldim. Odamlarga u zotdan ko‘ra ko‘proq nasihat qiladigan va ularga hamdard bo‘ladigan biror kishini ko‘rmadim”.
Abu Hanifa rahimahulloh imom Zufar r.a. ni boshqa shogirdlaridan afzal ko‘rar va hurmat qilar edilar. Imomning o‘zi shogirdi haqida: “Zufar ibn Huzayl musulmonlar imomlarining peshvosi, sharaf, nasab va ilmda buyuk arbobdir”, deganlar.
Vaki' ibn Jarroh rahimahulloh buyuk olim bo‘lishiga qaramay, imom Zufar r.a.ni ziyoratiga ko‘p borar va u kishiga: “Biz uchun sizni Abu Hanifa rahimahullohning o‘rinbosari qilgan Alloh taologa hamd bo‘lsin”, der edilar. Yana aytar edilarki: “Men Imom Zufarning dars halqasidan olgan manfaatimdek boshqa hech kimning halqasidan foyda olmaganman”.
Yahyo ibn Kulsum aytadi: “Vaki' umrining oxirida ilm o‘rganish uchun ertalab Imom Zufar r.a oldiga, tushdan keyin Abu Yusuf r.a.ning huzurlariga borar edilar. Keyinchalik Abu Yusuf r.a.ning oldiga borishni tark etib, doimiy ravishda imom Zufar r.a.ning oldilarga boradigan bo‘ldilar”.
Imom Zufar rahimahulloh ustozi Abu Hanifa rahimahullohning vafotidan keyin u zotning dars halqasiga boshliq bo‘ldilar. Bu imom Zufarning hanafiy mazhabi rivoji yo‘lida qilgan xizmatlarining eng birinchisi edi. Imom Zufar r.a. Abu Hanifa rahimahullohdan ta'lim olgach, Basraga kelganlar. U yerda Usmon Battiyning fiqhi tarqalgan edi. U Basra faqihi va raisi edi. Imom Zufar r.a. uning dars halqasiga qatnab, u aytgan masalalarni tinglardilar. U kishidan biror eshitmagan fiqhiy masalani eshitsalar, uning istinbot qoidasiga ko‘ra qilgan far'iy masalalarini tekshirar edilar. Qachon ular o‘zlarining fiqhiy qoidasiga amal qilishni tark etganidan xabar topsa, o‘z qavliga amal qilishni va nima sababdan o‘z fiqhiy qoidasiga amal qilmaganining sababini so‘rardilar. Usmon Battiyning shogirdlari Imom Zufar r.a. ning bu so‘zlarini ma'qul topdilar. So‘ng Imom Zufar r.a. bu borada Usmon Battiyning qoidasidan ko‘ra yaxshiroq fiqhiy qoida bor ekanini aytib, hujjat va dalillarini keltirardilar hamda Usmon Battiydan ham shogirdlarining guvohligida shu qavlga qaytishini taklif qilardilar. So‘ng ularga: “Bu Abu Hanifa rahimahullohning qavlidir”, der edilar. Shu voqeadan bir necha kun o‘tgach, Basra ulamolarining dars halqasiga imom Zufar r.a. boshchilik qila boshlaganlar. Keyinroq Imom Zufar rahimahulloh Basra qoziligiga ham tayinlanadi.
Odatda qo‘shni shahar va viloyatlar musobaqalashganidek, Basraliklar ham Kufaliklar bilan o‘zaro musobaqalashar edi. Dastlab, Basraliklar hanafiy mazhabiga e'tiroz bildirishar edi. Imom Zufar basraliklarni Abu Hanifa rahimahullohning mazhabiga da'vat qilib, uni Basrada hikmat bilan yoydi.
Saymariy rahimahulloh Hilol ibn Yahyodan quyidagilarni rivoyat qiladilar: “Yusuf ibn Xolid Samtiy Basradan Kufaga kelib, Abu Hanifadan fiqhni o‘rgangan edilar. So‘ng Basraga qaytmoqchi bo‘lganida Abu Hanifa unga bunday dedilar: “Agar Basraga boradigan bo‘lsang, ilmda peshqadam kishilar oldiga boryapsan. Zinhor masjidning birorta ustuni yonida o‘tirib, dars halqasini tashkil qilib: “Abu Hanifa bunday degan”, “Abu Hanifa unday degan”, deyishga shoshilmagin. Agar shunday qilsang, ko‘p o‘tmasdan seni masjiddan chiqarib yuborishadi”. So‘ng Yusuf ibn Xolid Basraga kelib, o‘zidan ajablanadi. Basra masjidida bir ustun yonida o‘tirib: “Abu Hanifa bunday degan”, deya dars berishni boshlaganida basraliklar uni masjiddan chiqarib yuborishadi. So‘ng Imom Zufar Basraga kelgunicha, hech kim u yerda Abu Hanifa nomini tilga olmadi. U zot kelgach, Basraning katta ustozlari huzuriga borib, ularning so‘zlariga ular bilmaydigan hujjatlar keltirar edilar. Bu esa ularga yoqib tushardi. So‘ng: “Bundan ham yaxshiroq qavl bor”, deb, uni dalillari bilan keltirar va hech kimga uni Abu Hanifa rahimahullohning so‘zi ekanini aytmasdi. Ular: “Kim aytgan bo‘lsa ham, yaxshi so‘zlar ekan”, deyishardilar. Abu Hanifaning so‘zlari basralik katta ulamolar qalbiga o‘rnashib, manzur bo‘lgach, imom Zufar: “Bu Abu Hanifa rahimahullohning so‘zlar edi”, der edilar. Shunday qilib, ular imomning qavllarini ham qabul qilishdi”.
Imom Zufar rahimahulloh ustozi Abu Hanifa rahimahullohdan so‘ng ko‘p yashamadi. U zot ustozlarining vafotidan 8 yil o‘tib, hijriy 158yili Basrada vafot etdilar. Alloh taolo ulug‘ imomlarimizni O‘z rahmatiga olsin!
Foydalanilgan adabiyotlar:
Burhoniddin Marg‘inoniy rohimahulloh «at-Tajnis val-Mazid»
Ali Tantoviy Rohimahulloh « Rijalum minattarix»
A.Egamberdiyev Narpay tuman “Eshon bobo” masjidi imom-xatibi
Kiritilgan vaqti: 04/01/2024 14:56; Ko‘rilganligi: 1120
Chop etilgan vaqti: 19/09/2025 19:45