O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

IMOM BUXORIYNING SHUBHALI O‘RINLARDAN EHTIYOT BO‘LISHI

 
 

Yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk ulamolardan hadis ilmida eng mashhurlaridan biri, shubhasiz, Imom Buxoriydir. U kishi o‘zining nodir zehni, ijtihodi, aql bovar qilmas noyob iste'dodi, har qanday to‘hmat o‘rinlaridan uzoqligi va juda ehtiyotkorligi bilan o‘z zamondoshlari orasida ham, keyingi avlodlar orasida ham katta hurmatga sazovor bo‘lgan. Imom Buxoriy ilm talab qilib ko‘plab mamlakatlarga safar qilgan. Bu safari davomida turli xil ajoyib voqea va hodisalar sodir bo‘lgan. Shulardan biri, Imom Buxoriyning o‘ta parhezkorligi va har qanday to‘hmat o‘rinlaridan o‘zini ehtiyot qilishiga dalolat qiladigan hikoyadir.

Bu hikoyadan Imom Buxoriyning to‘hmat o‘rinlaridan uzoqligini va juda ehtiyot bo‘lishini bilib olamiz. Alloma Ajluniy o‘zining “al-Favoid ad-durariy” nomli kitobida Imom Buxoriyning parhezkorligi va to‘hmat o‘rinlaridan ehtiyot bo‘lishiga dalolat qiladigan voqeani qo‘yidagicha keltirgan.  

Imom Buxoriy ilm talab qilib yurgan chog‘ida bir marta dengiz safariga chiqadi. U kishining ming dinor mablag‘i bo‘lgandi. Shunda kemadagi odamlardan biri Imom Buxoriyning oldiga kelib, unga o‘zining muhabbati va do‘stligi haqida gapirib, Imom Buxoriyga yaqinlashib oladi va uning oldiga o‘tiradi. Imom Buxoriy uning muhabbati va do‘stligini ko‘rganda, unga ishonadi. Ular bir necha marta suhbatlashganidan keyin Imom Buxoriy unga o‘zining dinorlari haqida xabar beradi.  

Imom Buxoriyning kemada tanishgan sherigi bir kuni tongda uyqusidan turganda kiyimlarini yirtib, yuziga urib, baqir-chaqir qilib yig‘lay boshlaydi. Odamlar uning bu holatini ko‘rganda dahshatga tushib, hayron bo‘lib qoladi. Undan yig‘lashining sababi haqida so‘ray boshlaydilar. Ular so‘rashida qat'iy turib oladilar. Shunda Imom Buxoriyning sherigi odamlarga qarab: “Ichida ming dinori bo‘lgan hamyonim bor edi. U yo‘qolib qoldi”, dedi.

Kemaning nazoratchilari kemadagi yo‘lovchilarni birma-bir tekshira boshlaydi. Shu payt Imom Buxoriy ichida ming dinori bo‘lgan hamyonini sekingina dengizga tashlab yuboradi. Navbat Imom Buxoriyga kelganda, tekshiruvchilar uni ham tekshiradilar. Hatto, kemadagi yo‘lovchilarning hammasini tekshirib chiqadilar va biror narsa topolmaydilar. Shunda kemaning tekshiruvchilari Imom Buxoriyning sherigini oldiga kelib, uni malomat qilib, qattiq tanbeh beradilar.

Odamlar kemadan tushganda, haligi odam Imom Buxoriyning oldiga kelib: “Ichida dinori bo‘lgan hamyonni nima qildingiz?”, deb so‘raydi. Imom Buxoriy: “Uni dengizga tashlab yubordim”, dedi. Haligi odam: “Shuncha ko‘p mablag‘ni qanday qilib dengizga tashlab yubordingiz?”, dedi. Imom Buxoriy unga: “Ey, johil! Sen bilmaysanmi? Men hayotimni Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning hadislarini to‘plashga sarfladim. Dunyo meni ishonchli odam deb bilishadi. Qanday qilib, ular menga o‘g‘rilik bilan tuhmat qilishlari uchun yo‘l qo‘yib beraman. Hayotim davomida hosil bo‘lgan ishonch va adolatni arzimagan bir nechta dinorlarni deb zoye qilmayman”, dedi [1]. 

Yuqorida zikr etilgan hikoyada, Imom Buxoriy hayoti davomida hosil bo‘lgan ishonch va adolatni arzimagan bir nechta dinorlarga almashtirmaganini ko‘rishimiz mumkin. Ammo bu hikoyani Alloma Ajluniyning “al-Favoid ad-durariy” nomli kitobidan boshqa birorta manbada uchratmadik.  

Yana Imom Buxoriy o‘zining shayxlaridan biri Musaddad haqida: “Musaddad o‘zining Musaddad ismi kabidir. Men kitoblarim Musaddadning oldida yoki o‘zimning oldimda turganiga parvo qilmayman”, degan.

Imom Buxoriy rivoyatlarni olishda nihoyatda ehtiyot bo‘lgani kabi kitoblarini insonlarning qo‘llaridan saqlashga ham qattiq e'tibor bergan. U kishi kitoblari har xil odamlarning qo‘llariga tushib qolishiga rozi bo‘lmagan.

Imom Buxoriy o‘zining qattiq parhezkorligi va taqiqlangan narsalarga tushib qolishdan juda ehtiyot bo‘lgani uchun savdo-sotiq ishlaridan ham saqlangan.

Imom Buxoriyning kotibi Abu Ja'far Varroq Buxoriy aytadi: Men Abu Abdulloh Buxoriydan eshitdim. U kishi: “Men hech qachon biror narsani sotib olish va sotish vazifasini bajarmaganman”, dedi. Shunda men u kishiga: “Qanaqasiga? Alloh taolo savdoni halol qilganku!”, dedim. U kishi: “Savdoda ziyoda bo‘lish, kam bo‘lish va aralashib qolish bordir. Agar men savdo-sotiq vazifasini bajarsam, o‘zimdan boshqalar bilan bir xil bo‘lib qolishdan qo‘rqdim”, dedi. Shunda men: “Sizning savdo-sotiq ishlaringizni kim bajaradi?”, dedim. U kishi: “Men bu narsalardan xalos etilganman”, dedi [2].

Bu, Imom Buxoriy o‘zgalarning hisobiga yashagan degani emas. Balki Imom Buxoriy otasidan juda ko‘p mol-mulkni meros qilib olgan va ularni muzorabaga qo‘ygan. (Muzoraba – savdoning bir turi bo‘lib, unda bir kishi sarmoya qo‘yadi va ikkinchisi ishlaydi. Ikkalasi ham foydada sherik bo‘ladi.)

Yana Abu Ja'far Muhammad ibn Abu Hotim Varroq Buxoriy aytadi: “Abu Abdulloh Buxoriyning bir bo‘lak yeri bo‘lib, uni har yili yetti yuz dirham evaziga ijaraga berardi. Ijaraga olgan kishi Abu Abdulloh Buxoriy bodringni yaxshi ko‘rishini bilgani uchun ko‘pincha, uning oldiga bir-ikkita bodring olib kelardi. Abu Abdulloh Buxoriy ba'zan bodringni tarvuzdan ham ustun qo‘yardi. U kishi esa bu dehqonga qilgan ishi uchun har yili yuz dirham hadya qilardi” [3].

Imom Buxoriyning bulardan boshqa daromad manbailari ham bo‘lgan. Vaqti kelib ular haqidagi ma'lumotlarni batafsil e'lon qilamiz.  Imom Buxoriy o‘zining boyligini faqat yaxshilik yo‘lida sarflagan. U kishi tolibi ilmlarga, faqirlarga, miskinlarga va boshqalarga juda ko‘p ehson qilgan. Yuqorida zikr etilgan ma'lumotlardan Imom Buxoriyning nihoyatda parhezkor va taqvodor bo‘lganini bilib olishimiz mumkin.      

 

ABDUVOSI SHONAZAROV

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi

 ilmiy xodimi

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR

[1]. Alloma Shayx Abdusalom Muborakfuriy. Siyratu al-Imom al-Buxoriy: 2 jildli. – Makka: Doru olimi-l-favoid, 1422/2001. J: 1. B: 122-123.  

[2]. Shamsiddin Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon Zahabiy. Siyaru a'lomi-n-nubalo: 25 jildli. – Bayrut: Doru muassasa ar-risola, 1992. J: 12. B: 446.

[3]. Shamsiddin Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon Zahabiy. Siyaru a'lomi-n-nubalo: 25 jildli. – Bayrut: Doru muassasa ar-risola, 1992. J: 12. B: 449.

 


Kiritilgan vaqti: 01/12/2020 14:32;   Ko‘rilganligi: 1193
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/imom-buxoriyning-shubhali-orinlardan-ehtiyot-bolishi
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 06:43
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing