O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Imom Buxoriy mufassir sifatida

 
 

Hadis ilmi faqatgina hadislarni to‘plash, roviylar haqida so‘z yuritish, hadislarni sahih va sahih emasga ajratishdangina iborat bo‘lmay, balki butun bir din ilmidir. Hadislarni ildiz-ildizigacha o‘rgangan kishi muhaddisgina bo‘lib qolmaydi, balki muhaddis, mufassir, faqih, aqoid ilmi bilimdoni, lug‘at ilmi mutaxassisi va borinki, islom ilmlarining barcha jabhalarini o‘zida mujassam etadi. Imom Buxoriy rahmatullohi alayh ana shunday barcha ilmlarda mohir edi.

Imom Buxoriy hadis ilmining sultoni, muhaddislar imomi deb ulug‘lansada, birinchi galda Qur'on ahlidan bo‘lgan. Imom Dorimiy bu haqda: “U (Buxoriy) Allohning bandalari ichida eng ziyragi, Uning kitobidagi va Nabiysining sunnatidagi buyruq va qaytariqlarni chuqur fahmlagan kishilardan edi. Agar Muhammad Qur'on o‘qiydigan bo‘lsa, butun vujudi bilan o‘qir, qalbi, ko‘zi quloqlari unga mashg‘ul bo‘lib qolardi. Qur'on haqida tafakkur yuritar va undagi halolu harom hukmlarni juda yaxshi ajratib olar edi”, deb e'tirof etgan.

Bakr ibn Munir aytadi: “Buxoriy kunlarning birida namoz o‘qiyotganda, uni 17 marta ari chaqib oldi. Namozni tugatgandan keyin: “Qaranglarchi, namozimda menga aziyat bergan narsa nima ekan?” deb yuzlandi. Qarasalar 17 joyidan ari chaqqan ekan. Shunda ham u namozini buzmabdi. Nega bunday qilgani so‘ralganda: “Bir oyat haqida tadabburda edim, tugatib qo‘yishni xohladim”, deb javob bergan ekan.

Imom Buxoriyning tafsirga doir ikkita kitobi bo‘lgan. Birinchisi, “Tafsirul kabir” kitobi bo‘lib, Muhammad Fozil ibn Oshur “Tafsir va uning sohiblari” nomli kitobida Buxoriyning tafsirga doir alohida “Tafsirul kabir” nomli kitobi bo‘lgani, biroq bizgacha yetib kelmaganini aytadi. Hoji Xalifa o‘zining “Kashfuz zunun” nomli asarida ham sanadi Buxoriyning shogirdi Muhammad ibn Yusuf Firabriyga yetib boradigan naqlga tayanib, ushbu tafsir haqida ma'lumot bergan.

Ikkinchisi, “Sahihul Buxoriy” asari ichidagi “Kitobut tafsir” kitobi. Bu kitobning yozilish jarayoni davomida Buxoriyning o‘ta ziyrak va har bir ishda ilmga tayanishini ifodalovchi quyidagi voqea yuz bergan:

Imom Buxoriyning tarjimai holi haqida ma'lumot bergan “Tarixi Bag‘dod”, “Tahziybul Asmaa” kabi kitoblarda Muhammad ibn Abu Hotim Varroqdan ushbu rivoyat keltiriladi. U Firabrda, “Tafsir” kitobi tasnif qilinayotgan kunlarning birida Imom Buxoriyning chalqancha tushib yotganini ko‘radi. Buxoriy o‘sha kuni juda ko‘p hadislarni yozib qattiq charchagan edi. Varroq unga: “Ey Abu Abdulloh! “Men aqlimni taniganimdan buyon biron narsani ilmsiz qilgan emasman”, deganingizni eshitgan edim. Ushbu chalqancha yotishda qaysi ilm bor?” deb so‘raydi. Buxoriy buni “Bugun o‘zimizni qattiq charchatdik. Bu sarhadlardan biridir. Dushmanlardan biror ish sodir bo‘lmasin deb qo‘rqdim. Bir oz dam olib, tayyorgarlik ko‘ray, dedim. Agar dushman bizni g‘aflatda qoldirmoqchi bo‘lsa, tezda harakatga tushamiz”, deb izohlaydi.    

“Sahihul Buxoriy” asari ko‘p jihatdan tafsirga aloqador kitobdir.  U tafsirga doir ko‘plab boblarni o‘z ichiga olgan. “Vahiyning boshlanishi kitobi”, “Yaratishning boshlanishi kitobi”, “Anbiyolar kitobi”, “Qur'on va sunnatga mahkam bog‘lanish kitobi”, “Tavhid kitobi”, “Tafsir kitobi”, “Qur'on fazilatlari kitobi” kabi kitoblar bevosita uni tafsir ilmi bilan chambarchas bog‘laydi.

Imom Buxoriy tafsir kitobini yozishda Qur'on ilmlaridan mohirona foydalangan. Kitobda avvalgi va oxirgi nozil bo‘lgan oyatlar, nozil bo‘lish sabablari, nosix va mansux oyatlar, qiroatlar, umumiy va xos ma'noni anglatuvchi oyatlar haqida keltirilgan hadislar uning tafsir ilmida chuqur bilim sohibi bo‘lganiga dalolat qiladi.

Kitobda aqidaga doir oyatlarning tafsirida xavorij, murji'iy, qadariy, mo‘taziliy, jahmiy singari firqalar aqidasiga qarshi raddiya bo‘luvchi yo‘lni tutgan, fiqhga doir oyatlarni tafsirida esa dastlab asos bo‘luvchi oyatlar so‘ngra ulardan kelib chiquvchi hukmlarni keltirgan va o‘zining fiqh ilmida ham benazrligini ko‘rsatgan. Qur'on qissalarida ham qissalarga sahih rivoyatlar ergashtirish bilan ularning ma'nolarini yanada ochiqlagan.

Buxoriyning tafsir ilmiga nisbatan munosabatini o‘rgangan holda shuni xulosa qilish mumkinki, u ilm yo‘lidagi maqsadlarining eng asosiylari qatorida tafsir ilmini qo‘ygan. Minglab tafsirga doir ma'nolarni yoritib bergan. Hadis ilmida imom bo‘lgani singari tafsir ilmida ham imom bo‘lgan. Qur'oni karim tafsiri orqali ahli sunna valjamoa aqidasini turli firqalarning botil aqidasidan himoya qilgan. Ibn Arabiy, Qurtubiy, ibn Kasir singari buyuk mufassirlardan tortib shu kungacha kelgan tafsir ilmi bilan shug‘ullanuvchilar Buxoriyning “Sahihi”ga muhtojdirlar va muhtoj bo‘lib qoladilar.

Usmonxon Muhammadiyev

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot

bo‘lim boshlig‘i

     


Kiritilgan vaqti: 20/08/2020 10:08;   Ko‘rilganligi: 1765
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/imom-buxoriy-mufassir-sifatida
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 09:08
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing