O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

HAR QANDAY JINOYAT – GUNOH SANALADI.

 
 

“Gunoh” so‘zi forschada jinoyat, ayb kabi ma'nolarni anglatib, aslida arab tilidagi “Junoh – xiyonat, gunoh” so‘zining o‘zgartirilgan ko‘rinishidir. Islomda esa, shariat qonunlariga va diniy aqidalarga xilof e'tiqod, ish yoki harakatni bildiradi. Gunoh tushunchasi qadimda turli taqiqlarni buzuvchi, axloqsiz odamning harakati ma'nosida qo‘llanilgan.

Gunoh tushunchasi barcha dinlarga xos tushunchadir. Islom dinida jinoyatning har qanday ko‘rinishi – u xoh katta, xoh kichik, xoh ma'naviy, xoh moddiy bo‘lsin, barchasi qattiq qoralanadi. Jinoyatning har qanday ko‘rinishi gunoh sanalib, undan saqlanishga buyuriladi.

Huzayfa ibn Yamon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:  “Odamlar janob Rasulullohdan  yaxshilik haqida, men esa, boshimga tushishdan  xavotirlanib  yomonlik – gunoh ishlar  haqida  so‘rar edim. ...Imom Buxoriy rivoyati.Sahihi Buxoriy,7084-hadis.

Huzayfa ibn al-YamonHuzayfa ibn al-Yamon ibn Jobir al-Abasiy al- G‘atafoniy al-Qaysiy roziyallohu anhu. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yaqin sirdoshlaridan. U zot gunoh amallardan saqlanish, bilib-bilmay u amallarga voqe' bo‘lib qolmaslik uchun u amallarni bilishga haris bo‘lganlar. Shu sababli Huzayfa roziyallohu anhu Rasulullohdan gunoh ishlar va ulardan saqlanish yo‘llari haqida ko‘p so‘rar edi.

Demak, bizning zimmamizdagi burchimizfaqat savobli ishlarni bilib, ularga amal qilishdan iborat bo‘lib qolmay, balki bir musulmon sifatida u amallardan saqlanish uchun islom va jamiyatda jinoyat sanalgan gunoh amallarni ham, shu bilan birga davlatimiz qonunchiligini yaxshi bilishimiz ham islomiy, ham insoniy burchlarimizdan sanalar ekan. Albatta, bu ishda din va davlat qonunlarini yaxshi bilgan islom ummati ulamolari bizga eng yaqin yordamchi, yo‘l ko‘rsatuvchilardir.

Islom dinidagi eng katta gunoh shirk amali hisoblanadi. Ya'ni Allohni butunlay inkor etish yoki Allohga teng keladigan boshqa ilohiy kuchlar bor, deb e'tiqod qilish hisoblanadi. Bunday gunohni Alloh kechirmaydi. Hadisi qudsiyda Alloh taolo: “Men shirkdan behojatlarning behojatiman. Bas, kim bir amal qilsa-yu, unda Mendan boshqani shirk keltirsa, Men uni ham, shirkini ham tark qilurman”, degan.Imom Muslim rivoyati.

Shuningdek, Taysala ibn Mayyos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Islom dinida katta gunoh (kabira)lar haqida batafsil shunday deyiladi: “Men Najda ibn Omir Xorijiyning[1] as'hoblari bilan birga gunohlar qildim. Ularni o‘zimcha katta gunoh deb o‘ylardim. Shuni Abdulloh ibn Umarga aytdim.Shunda Abdulloh ibn Umar: U nimalar? – dedi. Men: Shular, shular, – dedim. “Bular katga gunoh emas, U (katta gunoh)lar to‘qqiztadir; Allohga shirk keltirish, aybsiz insonni o‘ldirish, urush maydonidan qochish, muhsina (o‘zini pokiza saqlagan) ayolni zinokor (fohisha) deb ayblash, sudxo‘rlikdan rizq yeyish, yetimning molini yeyish, masjidda dindan chiqish, odamlarni masxara qilish, (farzandini) oqq qilishlari sababidan ota-onaning yig‘lashlari (ota-onaning bolasini oqq qilganidan yig‘lashi)”, – deb keyin ibn Umar menga: “Sen do‘zaxdan qo‘rqib, jannatga kirishni xohlaysanmi?”– dedi. Men: “Allohga qasamki, shunday”. – dedim. U kishi: “Ota-onang tirikmi?”– dedi. Men: “Onam bor”, – dedim. U kishi: “Allohga qasamki, onangga gapirishda yumshoqso‘z bo‘lsang, uni taomlantirsang, albatta jannatga kirasan, modomiki katta gunohlardan saqlangan bo‘lsang”, – dedi.Imom Buxoriy rivoyati. Al-adab al-mufrad. 5-bob, 8-hadis.

Demak, musulmon kishi  katta gunohlardan o‘zini juda mahkam turib saqlashi kerak ekan. Katta gunohlarning adadi to‘g‘risida islom manbalarida turlicha fikrlar mavjud. Bular ota-ona qarg‘ishini olish, sehr-jodu bilan shug‘ullanish, qotillik, riyokorlik, firibgarlik, yolg‘on guvohlik berish, o‘g‘rilik, chaqimchilik, qimorbozlik, zino, harom qilingan narsalarni iste'mol qilishlik, dilozorlik va boshqa ayrim gunohlar katta gunohlar hisoblanadi. Ba'zi Islom olimlari katta gunohlar sonini 300 tagacha sanab yetkazganlar. Kichik gunohlar esa behisobdir.

Shu bilan birga qonunda taqiqlangan, jinoyat deb sanalgan har qanday ishlar yetkaziladigan zararning oqibatiga qarab katta-kichik gunohga bo‘linadi. Masalan: haydovchi yo‘l qoidasiga yoki svetaforga rioya qilmay o‘tib ketish jinoyati kichik gunoh hisoblanadi. Ammo, uning bu jinoyati baxtsiz hodisani sodir bo‘lishiga sababchi bo‘lsa, uning bu harakati katta gunoh sanaladi.

Shu jumladan, yer yuzidagi butun xalqlar shu kunlarda karonavirus deb nomlangan ommaviy kasallikning bir ko‘rinishidagi vaboga duch bo‘lishdi. Hozir mas'ullar tomonidan karantin vaqtida karantin qoidalariga rioya qilish buyurilmoqda. Bu buyruqqa bo‘ysunmaslik fuqaroni Alloh taolo oldida gunohkor bo‘lishiga, davlat va jamiyat oldida jinoyatchi bo‘lishiga olib keladi. Agar inson karantin talablariga, tabiblar talabiga e'tiborsizligi sabablikasallikni boshqaga yuqishiga sabab bo‘lsa, bir insonni joniga tajovuz qilganni gunohini oladi. Bu esa juda og‘ir gunohlardan biridir. Muqaddas dinimizda unday kishini gunohi mamlakat ustiga dushman bostirib kelganda Vatanni tashlab qochib ketgan kishining gunohi bilan tenglashtirilgan.

عمرو بن جابر قال سمعت جابر بن عبد الله الأنصاري يقول قال رسول الله صلى الله عليه و سلم: الفار من الطاعون كالفار من الزحف والصابر فيه كالصابر في الزحف. حسن لغيره

Jobir ibn Abdulloh al-Ansoriydan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:  “To'un (tarqaluvchi kasallik) tarqalgan vaqtda undan qochib boshqa joyga ketadigan kishining gunohi urush vaqtida dushmanga orqa o‘girib qochgan kishining gunohi kabidir. O‘sha vaqtda uyida sabr qilib o‘tirgan kishining savobi urushda qochib ketmay sabr bilan dushmanga qarshi jang qilgan kishining savobi kabidir.” Imom Ahmad rivoyati.

Dushman bostirib kelganda Vatanni tashlab qochib ketgan kishining gunohi esa yettita halok qiluvchi eng og‘ir gunohlarning biri ekanligi yuqoridagi va boshqa hadislarda bayon qilingan. Ushbu hadislardan bu kabi ommaviy tarqaluvchi kasalliklar yurt boshiga kelganda u joyni tashlab boshqa tomonga qochadiganlarning gunohi va uyda sabr qilib o‘tiganni savobi shunchalik ulkan ekanligidan bu kabi kasalliklarning jamiyatga keltiradigan zarar ko‘lami ham nechog‘lik ulkanligini anglab yetsa bo‘ladi.

Musulmon kishi har bir holatida gunohlardan saqlanishi, kichik gunohlarni kichik sanamasligi kerak. Zero, toma-toma ko‘l bo‘lur deganlaridek, kichik gunohlar ham muttasil qilinish oqibatida ulkan gunohlar yig‘indisiga aylanishi mumkin.

Shavkat Mahmudov  - Narpay tumani So‘fi ziyrak jome  masjidi imom xatibi

 [1]Yamomalik Najda ibn Omir (yoki Uvaymir) Abu Hanifa mazhabiga e'tiqod quygan kishi edi. U xavorijlar (ya'ni adashgan oqim) boshlig‘i bo‘lib, ularning e'tiqodicha, kishilar uchun imom (xalifa yoki amir) bo‘lishi shart emas. Odamlarning o‘zlari haqni nohaqdan ajrata bilishlari va o‘z-o‘zlarini, jamiyat yo‘nalishini boshqara bilishlari kerak (Muhammad Abu Zuhra, "Al-Mazohib al-Islomiya", 33-bet).

 


Kiritilgan vaqti: 22/07/2020 10:39;   Ko‘rilganligi: 1675
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/har-qanday-jinoyat-gunoh-sanaladi
Chop etilgan vaqti: 08/11/2024 17:40
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing