HAQIQIY MUSULMON KIM?
عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَمْرٍو ؛ قَالَ : قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : « الْمُسْلِمُ مَنْ سَلِمَ الْمُسْلِمُونَ مِنْ لِسَانِهِ وَيَدِهِ ، وَالْمُهَاجِرُ مَنْ هَجَرَ مَا نَهَى الله عَنْهُ ». متفق عليه
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Haqiqiy musulmon – tili va qo‘lidan musulmonlar salomat bo‘lgan kishidir. Haqiqiy muhojir – Alloh qaytargan narsani tark etgan kishidir”, dedilar”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam islomga birinchi kirganlar bu bilan faxrlanib qolmasligi hamda amallariga suyanib qolishlaridan ogohlantirib, musulmonlarning bir-biridan fazilati islomni birinchi bo‘lib qabul qilishda emas, balki uning ozoridan boshqalar omonda bo‘lishi va o‘zaro muomalada ularning huquqlariga tajovuz qilmaslikda ekanini bayon qildilar. Shuningdek, muhojirlarni qilgan hijratiga suyanib qolishdan ehtiyot bo‘lishga chaqirib, yurt hijjratidan ham savobi ulug‘roq hijrat borligini va u Alloh taolo qaytargan narsalardan qaytmoq ekanini ma'lum qildilar.
“Haqiqiy musulmon – tili va qo‘lidan musulmonlar salomat bo‘lgan kishidir”.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning mo‘jizalaridan biri “javomiul kalim” – oz so‘z bilan ulkan ma'nolarni ifodalash hisoblanadi. Haqiqiy musulmonni ta'riflashlarida shu oliy maqom o‘z aksini topgan.
Islom so‘zi “salomatlik”, “tinchlik”, “omonlik” ma'nolarini anglatadi. Shuning uchun haqiqiy musulmon – boshqa odamlar uning yomonligidan omonda bo‘lgan kishi ekani ta'kidlanmoqda.
Hadisda aynan til va qo‘lning aytilishi – aziyat va zararlar asosan shu ikki a'zodan bo‘lgani uchun xolos. Hadis ma'nosida barcha a'zolar, ozorning hamma ko‘rinishi maqsad qilingan. Tilning birinchi aytilishida ham hikmat bor. Chunki, tilning jarohati qo‘lning jarohatidan qattiq va alamli, zarari ham kattaroq bo‘ladi.
Musulmon boshqalarni haqorat qilmaydi, la'natlamaydi, g‘iybat va tuhmat qilmaydi, ular o‘rtasida yomonlik va buzg‘unchilikni yoymaydi. Chunki tilni tiyish – inson qila oladigan eng qiyin ishlardan biri. Ushbu hadisi sharifni Alisher Navoiy hazratlari quyidagicha sharhlagan:
Kim musulmonlig‘ aylasa davo,
Chin emas gar fido qilur jonlar.
Ul musulmon dururki, solimdir
Tili-yu ilkidin musulmonlar.
Musulmonning boshqalar obro‘si va sha'nini to‘kishi, joni va moliga tajovuz qilishi harom. Kim bu ishni qilsa, musulmonlik fazlini yo‘qotadi, komil musulmon bo‘lmaydi.
“Haqiqiy muhojir – Alloh qaytargan narsani tark etgan kishidir”.
Hijrat so‘zi “ko‘chish”, “tark qilish” ma'nolarini bildiradi. Hijrat Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va musulmonlar Makkai mukarramadan Madinaga jon muhofazasi, dinni saqlab qolish va yoyish uchun ko‘chib kelganlarida sodir bo‘lgan voqeadir.
Hijrat degani faqat yurtdan ketish, tug‘ilib o‘sgan diyorni tark qilish emasligini Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bayon qilmoqdalar. “Haqiqiy muhojir – Alloh qaytargan narsani tark etgan kishidir”. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu so‘zlari hijrat savobini topmoqchi bo‘lganlar uchun bir hushxabardir. Chunki, Alloh taolo man qilgan narsalardan tiyilish, uzoqda bo‘lish ham muhojirlik martabasi va savobiga yetishish imkonini beradi.
O‘zi Allohning qaytariqlaridan tiyilish, gunohdan saqlanish bandalar uchun farz. Shuni bajarganlarga Allohning fazli bo‘lib, boshqa yuksak maqomlar ham berilar ekan. Shu ma'noda hijrat musulmonning yomon amal va gunohlarni tark etishi va itoatsizlik, Allohdan uzoqlashish, tajovuzkorlik holatidan yaxshilik va solih amal tomon ajrab chiqishidir. Demak, musulmon bu orqali o‘z maskanida yashab ham muhojir ajrini topishi mumkin ekan.
Hadisdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, kishi odamlarni yaxshi ko‘rmaguncha, ularga tili bilan ozor berishdan, qo‘li bilan yomonlik qilishdan to‘xtamagunicha, yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarmagunicha, foydali ilm tarqatib, boshqalarga nasihat qilmagunicha uning islomi to‘liq bo‘lmaydi.
Har bir musulmon Rasululloh alayhissalomning bu muborak so‘zlariga amal qilish orqali, tili va qo‘li bilan zarar berishdan hamda boshqa katta-kichik gunohlardan o‘zni tiyish bilan, shuningdek, oliy xulqlarni o‘zida mujassam etish bilan yuksak martabaga yetadi. Inson tili, qo‘li va barcha a'zolarini odamlarga yaxshilik va manfaat yo‘lida ishlatsa, jamiyatda sog‘lom muhit shakllanadi. Hadisga amal qilish bugungi kunimiz uchun naqadar muhimligini hammaiz anglab turibmiz.
Hadisdan olinadigan foydalar:
- Odamlarga jismoniy, moddiy va ma'naviy ozor yetkazmaslikka harakat qilish musulmonlik burchi.
- Kishi islom dinining arkonlarini bajarsa-da, boshqalarga ozor berishdan saqlanmasa, u komil musulmon bo‘lmaydi.
- Kishi Alloh taolo qaytargan, shariat man qilgan narsalardan o‘zini tiyish orqali muhojirlik maqomiga erishishi mumkin ekan.
Bahodir MIRZAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi
Kiritilgan vaqti: 18/05/2023 09:41; Ko‘rilganligi: 1544
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 11:09