O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Hadisni inkor qiluvchilarning da'volari va ularga raddiyalar

 
 

Hadisni inkor qiluvchilar quyidagi da'volarni qiladi.

Birinchi da'vo.

Qur'oni karim dinga tegishli barcha ishlar va hukmlarni hech birini chetda qoldirmay hammasini o‘zida qamraydi. Alloh taolo aytadi:

مَا فَرَّطْنَا فِي الْكِتَابِ مِنْ شَيْء

“Kitobda hech narsani qo‘ymay yozganmiz” (An'om, 38-oyat).

Barcha hukmlarni mukammal tarzda bayon qildi. Alloh taolo bu haqida xabar berib aytadi:

وَنَزَّلْنَا عَلَيْكَ الْكِتَابَ تِبْيَانًا لِكُلِّ شَيْءٍ

“Senga Kitobni har bir narsani bayon qilguvchi etib, nozil qildik.” (Nahl, 89-oyat).

Agar hadis va sunnat Qur'oni karimni bayon qiladi deyilsa Allohning so‘ziga to‘g‘ri kelmaydigan gap aytilgan bo‘ladi. Oyatda kelgan ma'noga teskari fikr tug‘ilgan bo‘lib chiqadi. Alloh taoloning kalomiga esa hech ham xilof qilib bo‘lmaydi.

Birinchi da'voga javob.

Haqiqatdan ham Qur'oni karim din asoslarini va umumiy hukmlar qoidalarini o‘zida mujassam qildi. Ayrimlariga ochiq dalil keltirdi. Boshqalarining bayonini esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qoldirdi. Modomiki, Alloh taolo insonlarga dinlarining hukmlarini bayon qilish uchun payg‘ambar yuborar ekan, o‘sha payg‘ambar hukmlarni bayon qilishi Allohning Kitobiga bayon bo‘ladi. Bunda esa Qur'oni karim va hadisning tarmog‘i bo‘lgan bo‘lgan ijmo va qiyosdan olingan shar'iy hukmlar Allohning kitobidan hukm yoki nass (matn) yoki dalolat bo‘ladi. Bunday holda hadisning hujjatligi va Qur'oni karimning har bir narsaga bayon bo‘lib kelganida o‘zaro ziddiyat yo‘q. Imom Shofeiy rahmatullohi alayh: “Biror kishiga din ishidan biron narsa kelsa, albatta, unga Allohning kitobida ko‘rsatma bor”, deganlar. Bu haqida Alloh taolo aytdi:

وَنَزَّلْنَا عَلَيْكَ الْكِتَابَ تِبْيَانًا لِكُلِّ شَيْءٍ

Senga Kitobni har bir narsani bayon qilguvchi etib, nozil qildik. (Nahl, 89-oyat)

Bayon  bir necha far'iy qoidalar jamlanmasining ma'nolarini o‘zida qamragan ism. Alloh taolo bandalarga ibodat qilishni bayon qilishi har-xil jihatlardan bo‘lgan.

Shulardan;

  1. Bandalarga nass tarzda bayon qilgan. Masalan, bandalarga namoz, zakot, ro‘za va hajni farzligi, fahsh ishlarning zohiri-yu botini haromligi, zino qilish, o‘limtik yeyish, qon va cho‘chqa go‘shti haqidagi nasslar.
  2. Farzligini Qur'on karim bilan hukm qilib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam orqali kayfiyatini bayon qildi. Masalan, namozni necha rakaatligi, namoz vaqti, zakotning hukmlari, miqdori. Ularni Qur'oni karimda Alloh aytgan, boshqa jihatlarini Nabiy  sollallohu alayhi vasallam bayon qildilar.
  3. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan sunnat bo‘lib, unda Alloh taolo tarafidan hukmga nass yo‘q. Alloh taolo Kitobida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat qilishni, hukmlarda U zotga murojaat qilishni farz qildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan qabul qilgan kishi Alloh taoloning farzi bilan qabul qilgan bo‘ladi .
  4. Alloh taolo bandalariga ijtihod qilib topishni farz qilgan. Farz qilingan ishlarda bandalarning itoat etishini sinagani kabi ijtihoddagi bo‘ysunishlarini ham imtihon qildi.

Xulosa o‘rnida aytganda, banda Qur'oni karimdagi farzlarni Allohdan qabul qiladi. Alloh taolo har bir inson Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga itoat qilishni va hukmlariga bo‘ysunishni farz qildi. Demak inson Alloh taoloning hukmlarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam orqali qabul qiladi. Uni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan qabul qilgan kishi Allohdan qabul qilgan bo‘ladi. Alloh taoloning Kitobi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan hukmlarni qabul qilish yuzaki qaragandan ikki xil yo‘l. Lekin hukmlarni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan qabul qilish ham Alloh taolodan qabul qilish bilan barobar.

Oybek Hoshimov
Hadis ilmi maktabi katta o‘qituvchisi


Kiritilgan vaqti: 05/04/2023 10:50;   Ko‘rilganligi: 642
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/hadisni-inkor-qiluvchilarning-davolari-va-ularga-raddiyalar
Chop etilgan vaqti: 10/10/2025 12:19
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing