O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Farosat, karomat va istidroj

 
 

Farosat lug‘atda “fahmlash”, “o‘tkir aql” kabi ma'nolarni anglatadi. Shuning uchun ham xalqimizda “Farosat yarim karomat”degan hikmatli so‘z bor. “Tuhfatul aoliy” kitobida farosat turlarga ajratilib sharhlangan:

– Iymoniy farosat, banda qalbiga solgan Alloh taoloning nuri bo‘lib, qalbni chulg‘ab oladigan idrokdan iborat bo‘ladi. Ushbu farosat iymon quvvatiga ko‘ra turlicha bo‘lib, iymon qanchalik kuchli bo‘lsa, farosat ham shuncha o‘tkir bo‘ladi.

– Riyoziy farosat, to‘yib taom yemaslik, bedorlik va o‘zini xilvatga olib yolg‘iz bo‘lish kabi ishlar bilan hosil bo‘ladi. Mazkur ishlarni qilish natijasida kishida farosat va atrofdagi narsalarning haqiqatini anglash to‘g‘risidagi ma'lum bir tushunchalar yuzaga keladi. Ushbu farosat faqatgina mo‘min kishiga xos emas, balki mazkur riyozatlarni chekkan kofir kishida ham hosil bo‘lishi mumkin. Chunki bu farosat iymonga ham, valiylikka ham dalolat qilmaydi, shuningdek, faqatgina haqiqatni ham, doimo to‘g‘ri yo‘lni ham ko‘rsatib bermaydi.

– Xolqiy farosat Alloh taoloning hikmati taqozo qilgan bog‘liqliklardan xulosa chiqarish iste'dodi bo‘lib, mazkur bog‘liqliklarni to‘g‘ri ilg‘ay olgan kishilarda hosil bo‘ladi.

Karomat tushunchasining g‘ayrioddiy ishlarga qo‘llanilishi haqida quyidagi so‘zlar aytilgan: “Karomatning g‘ayrioddiy ishlarga nisbatan qo‘llanishi majoziydir. Zero, Alloh taolo ana shunday g‘ayrioddiy ishlarni taqvodor mo‘min uchun izzat-ikrom sifatida zohir qiladi. Karomatning zohir bo‘lish hikmati esa valiyning dunyoda zuhdga bo‘lgan azmu qarorini kuchaytirish hamda uni nafsu havo chaqiriqlaridan ajratishdir”.

Ushbu ta'riflardan ko‘rinib turibdiki, valiylar Alloh taoloning do‘stlari bo‘ladilar, ular tarafidan sodir bo‘lgan g‘ayrioddiy ishlar Alloh taoloning ularga bergan in'omi bo‘ladi. Ular bu mukofotlarga shariat hukmlarini yaxshi biladigan va ularga qat'i amal qiladigan olim bo‘lganlari sababli erishganlar. Chunki shariat ahkomlarini yaxshi tushunmaslik va tushunishga jiddiy harakat qilmaslik Alloh taoloning do‘stlari sha'niga to‘g‘ri kelmaydi. Qolaversa, jaholat bilan qilingan amallarda shariat ko‘rsatmalaridan chiqib ketish ko‘p uchraydi. Shariat ko‘rsatmalariga nomuvofiq holatda riyozat chekish esa toat bo‘lmaydi. So‘fi  Ollohyor bobomizni Alloh rahmat qilsin, bu masalani ikki og‘iz so‘z bilan qalbga naqshlab qo‘ygan:

Shariat hukmidin tashqi riyozat

Emas toat, qabohatdur, qabohat.

Ya'ni qanchalik mashaqqat bilan qilingan bo‘lmasin shariatga to‘g‘ri kelmagan riyozat ibodat sanalmaydi. Balki bema'ni xatti-harakatlar bo‘ladi. Toat ibodat uchun avvalo shariat hukmini o‘rganish lozim.

Valiylar tarafidan sodir bo‘lgan g‘ayrioddiy ishlar karomat deb nomlanadi. Allohning dushmanlari tomonidan sodir bo‘lgan g‘ayrioddiy ishlar esa “ehtiyojini qondirish” deb nomlanadi. Bu haqida mazhabboshimiz Imom A'zam rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” da shunday yozgan:

“Ammo Alloh taoloning dushmanlari tomonidan bo‘ladigan, masalan, Iblis, Fir'avn va Dajjol kabilardan sodir bo‘lganligi va (bundan keyin) bo‘lishi xabarlarda rivoyat qilingan narsalarni mo‘jiza ham, karomat ham demaymiz. Lekin o‘sha narsalarni ular uchun ehtiyojni qondirish deymiz. Chunki Alloh taolo dushmanlarining ham hojatlarini “istidroj” (do‘zaxdagi  o‘rnini yanada chuqurlashtirish) va jazolash ma'nosida ro‘yobga chiqaradi”.

Alloh taoloning dushmanlari tarafidan sodir bo‘lgan g‘ayrioddiy ishlarni, masalan, Iblisning bir lahzada mashriqu mag‘ribga borib kishilarni vasvasaga solishi, Odam bolalarining qonlarida aylanishi, qiyomatga yaqin chiqadigan Dajjolning birovni o‘ldirib tiriltirishi kabi g‘ayrioddiy ishlarning barchasi mo‘jiza ham, karomat ham deyilmaydi. So‘fi Ollohyor bobomiz aytganidek:

Shariat hukmin etmay istiqomat,

Taajjub ishlari bo‘lmas karomat.

Ya'ni mo‘jiza va karomatlar faqatgina shariatda istiqomat qilgan Alloh taoloning do‘stlariga beriladi. Allohning dushmanlari tomonidan sodir bo‘lgan g‘ayrioddiy narsalar o‘sha kofiru fojirlar uchun karomat emas, balki  qazoi-hojat bo‘ladi. Alloh taolo O‘z dushmanlarining razilona istaklarini ham ularning oxiratdagi uqubatlari ziyoda bo‘lishi uchun bu dunyoda darajama-daraja amalga oshirishlariga imkon beradi. Bu haqda Alloh taolo quyidagicha xabar bergan:

“Oyatlarimizni yolg‘onga chiqarganlarni esa, (ular) bilmaydigan jihatdan “darajali” qilib (o‘z holiga vaqtincha qo‘yib berib) turamiz”[8].

Bayzoviy rahmatullohi alayh ushbu oyat tafsirida: “Ularni bilmaydigan tomonlaridan asta-sekin tutish ularga ne'matlarni ko‘plab berish bilan bo‘ladi. Ular buni Alloh taolo tomonidan o‘zlariga bo‘lgan lutf-inoyat deb o‘ylaydilar. Natijada adashgan yo‘llariga battar sho‘ng‘iydilar, hattoki azob kalimasi ustilariga sodir bo‘ladi”, degan.

Istidroj haqida hadisi sharifda quyidagicha xabar berilgan: 

Uqba ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qachon Alloh taoloning bir bandaga ma'siyatlariga qaramasdan dunyodan yaxshi ko‘radiganini ato qilayotganini ko‘rsang, albatta, o‘sha istidrojdir” – dedilar-da, so‘ngra Rasululloh sollallohu alahi vasallam tilovat qildilar: “(Ular) eslatilgan narsa (sinov kunlari)ni unutganlarida ularga har narsaning eshiklarini ochib qo‘ydik. Toki ularga berilgan narsa (nozu ne'mat)lar bilan shodu xurram bo‘lib turganlarida, ularni birdan zabt etdik. Bas, (endi) ular noumiddirlar”.

Xulosa qilib aytganda, valiylarning karomatlari, ya'ni Alloh taoloning O‘z do‘stlariga qilgan izzat-ikromi haq bo‘lgani kabi dushmanlariga qilgan istidroji ham haqdir.


Kiritilgan vaqti: 17/01/2023 15:57;   Ko‘rilganligi: 1419
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/farosat-karomat-va-istidroj
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 06:24
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing