O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Eng ulug‘ maskan va eng og‘ir xiyonat

 
 

إِنَّمَا يَعْمُرُ مَسَاجِدَ اللَّهِ مَنْ آمَنَ بِاللَّهِ وَالْيَوْمِ الْآخِرِ وَأَقَامَ الصَّلَاةَ وَآتَى الزَّكَاةَ وَلَمْ يَخْشَ إِلَّا اللَّهَ فَعَسَىٰ أُولَٰئِكَ أَن يَكُونُوا مِنَ الْمُهْتَدِينَ

«Albatta, Allohning masjidlarini faqat Allohga va oxirat kuniga iymon keltirganlar, namozni to‘kis ado etganlar, zakotni berganlar va Allohdan boshqadan qo‘rqmaganlargina obod qilurlar. Ajab emaski, ana o‘shalar hidoyat topguvchilardan bo‘lsalar»  [Tavba surasi, 18-oyat].

Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam ushbu oyati karimaning tafsirida o‘z ummatlari uchun shunday degan edilar:

عن عثمان بن عفان رضي الله عنه : انه سمع رسول الله صلى الله عليه وسلم

يقول من بنى مسجدا يبتغي به وجه الله بنى الله له مثله في الجنة

Usmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: U kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Kim Allohning roziligini istab bir masjid qursa, Alloh jannatda unga o‘shaning mislini bino etadi», deganlarini eshitganlar.

Amalning jazosi (evazi) o‘z jinsidan bo‘ladi. Nafaqat Alloh uchun yer yuzida masjid qursa, balki kattami, kichikmi masjidga hissasini qo‘shgan kishiga ham Alloh taolo jannatdan uy bino etishligi hadislarda ta'kidlangan.

Darhaqiqat, inson dunyoda vaqtincha yashash maskani uchun o‘n yillab mashaqqat chekadi. Ammo u hashamatlar barchasi vaqtincha bo‘lib, inson vafotidan so‘ng ortida qolib ketadi. Shuning uchun ulug‘larimiz nafaqat dunyosi uchun balki oxirati uchun ham tashvish chekkanlar.

Har kimning ham masjidga moddiy hissa qo‘shish imkoniyati bo‘lmasligi mumkin.  Masjidlarning tozaligiga qarovchi, muhofaza qiluvchi kishilar ham mana shunday ulug‘ darajada bo‘lishligini quyida keladigan hadisi sharifdan ham anglashimiz mumkin:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ: أَنَّ رَجُلاً أَسْوَدَ أَوِ امْرَأَةً سَوْدَاءَ كَانَ يَقُمُّ الْمَسْجِدَ فَمَاتَ، فَسَأَلَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ عَنْهُ، فَقَالُوا: مَاتَ. قَالَ: أَفَلاَ كُنْتُمْ آذَنْتُمُونِي بِهِ، دُلُّونِي عَلَى قَبْرِهِ -أَوْ قَالَ قَبْرِهَا- فَأَتَى قَبْرَهَا فَصَلَّى عَلَيْهَا

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Masjidni tozalab yuradigan bir qora kishi yoki qora ayol vafot etdi. (Uning ko‘rinmay qolganidan ajablangan) Rosululloh sollallohu alayhi va sallam u haqida so‘radilar. “Vafot etdi”, deyishdi. “Buni menga bildirmabsizlar-da. (Janozasini o‘zim o‘qirdim.) Endi u kishining – yoki u ayolning – qabrini ko‘rsatinglar”, dedilar. Keyin qabriga borib, u ayolga janoza o‘qidilar”.

Bu ulug‘ va sharafli ish payg‘ambar alayhissalomlarning ishlaridir. Masjidul Aqsoni birinchilardan bo‘lib Odam, Ibrohim alayhissalomlar, Baytullohning ilk asosini Ibrohim alayhissalom o‘g‘illari Ismoil alayhissalom bilan birgalikda ko‘tardilar. Islom tarixidagi ilk masjid Qubo masjidining poydevoriga esa payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning o‘zlari asos solgan edilar.

Biz yuqorida amalning jazosi (evazi) o‘z jinsidan bo‘ladi deyilgan purma'no hikmatni bejiz tilga olmadik. Bugungi kunda yurtimizning aksar hududlarida mahobat va savlat to‘kib, viqor bilan turgan masjidlar buyuk ajdodlarimizning bu haqiqatni qanchalik anglaganliklaridan darakdir. Masjidlari ko‘rkam va fayzli ajdodlarimizning hayotlari ham barakaga to‘la edi. Aynan shu zamonlarda minglagan allomalar yetishib chiqdi.

O‘rtada biroz ma'rifatdan uzilish davri bo‘lib, masjid madrasalarga xiyonatni kuchaytirgan mustabid tuzum ham qanchalik qudratli bo‘lmasin ko‘pga bormaganligiga ham ko‘pchiligimiz guvohmiz.

Ming afsuslar bo‘lsinki, bugungi kunda ham oramizda ayrim halol-haromni, uvol-savobni farqiga bormasdan ko‘ngli tusaganini qilayotganlar ham uchramoqda.

Xulosa qilib aytganda kimki nafsining xohishiga ergashib, halol-xaromga e'tiborsiz bo‘lsa, Alloh taolo ham uni ana shu adashuvida e'tiborsiz tashlab qo‘yar ekan. Oxir oqibatda inson Robbisigada jur'atli xolga tushib qolar ekan. Ya'ni Alloh taolo Qur'oni karimda O‘ziga xoslab nisbat bergan maskan, yer yuzining eng aziz, eng muqaddas joyi masjidlarning mulkiga xiyonat qilishgacha yetib borar ekan.

Bugun ming shukrlar bo‘lsinki, yurtimizning har go‘shasida masjidlar qayta chiroy ochayotgan bir paytda bir tanu bir jon bo‘lib masjidlarimiz oboligi yo‘lida hizmat qilsak, Alloh taoloning O‘zi ikki dunyo saodatini elu xalqimizga ziyodasi bilan ato etgusidir inshaalloh!

Masjidlarning mulkiga xiyonat qilayotgan kimsalarga ham Alloh taoloning O‘zi insofu tavfiq bersin.

O‘.Umirqulov - Samarqand shahar "Lahutiy" jome masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 10/12/2020 08:37;   Ko‘rilganligi: 1170
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/eng-ulug-maskan-va-eng-ogir-xiyonat
Chop etilgan vaqti: 04/11/2025 07:29
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing