BUZG‘UNCHI OQIMLARNING BELGILARI
Buzg‘unchilik xarakteridagi ko‘plab oqimlar (sekta) hech bir davlatga ham millatga ham hech qachon foyda yetkazmagan. Aksincha, hamma vaqt moddiy, ruhiy yoki jismoniy zarar yetkazib kelgan. Diniy oqim a'zolarini sekta deb atashlari ularning o‘zlariga ham sira yoqmaydi. Chunki “sektantlik” deganda islom, nasroniy, yahudiy kabi ilohiy dinlarga itoat qila turib, o‘sha dinlardagi to‘g‘ri yo‘ldagilardan ajralib chiqqan oqimlar tushunilishini hamma bilishini ularning o‘zlari ham biladi.
Sektaga aksar kishilar o‘zlari bilmagan holdi kirib qoladi. Bu hodisa ko‘pincha ko‘cha-ko‘yda yoki internetdagi ijtimoiy saytlarda notanish odam bilan suhbatlashib qolishdan boshlanadi. Sektalarga kirib qoluvchilarning ko‘pchiligi hayotda ishlari yurishmay, tushkun kayfiyatda yurgan vaqtida a'zo bo‘lib qo‘yadi. Chunki aynan shunday vaqtda uning atrofida mehribon, shirin so‘z odamlar paydo bo‘lib uning hayotga bo‘lgan ishonchini qayta uyg‘otadi.
Sektaga daxldor bo‘lgan har qanday shubha-gumonlar dastlabki kunlardanoq oldindan rejalashtirib qo‘yilgan dalil va uqtirish seriyalari yordamida rad qilinadi. Yangi a'zo bo‘lganlarning tashqi axboriy manbalardan olgan ma'lumotlari ildizidan kesib tashlanadi. Shu tariqa, sekta tarafdorlari yangi bir to‘siq yaratadi – ushbu tashkilotga daxli bo‘lmagan materiallarni ko‘rishdan qo‘rqish tuyg‘usi. Ular boshqacha dunyoqarashga, iymon-e'tiqodga olib boruvchi materiallarni ko‘rishdan juda ham qattiq qo‘rqadi. Shu boisdan ular kutubxonlarga bormaydi, televizor ko‘rmaydi, gazeta o‘qimaydi, ijtimoiy tarmoqlardagi faol rejimlarda ko‘rinmaydi. Natijada ana shu yangilar oqimning qiyofasidagi dog‘-dug‘larni emas, faqat yorug‘ ranglarni ko‘radi.
Sekta o‘z a'zolarining ongini va o‘zini tutishini nazorat qilishda turli usullardan foydalanadi. Ular sirasida gipnoz va shunga o‘xshash vositalarni o‘zaro muomala chog‘ida, va'z so‘zlayotganda qo‘llaydi hamda o‘z adabiyotlarida yozadi. Shunday vaziyatlardan ular psixologik muhit hosil qilib, tashkiloti va rahnamosiga jismoniy va moddiy jihatdan qaram qilib qo‘yadi, turli qo‘rqitishlar bilan sektadan chiqib ketishlariga yo‘l qo‘ymaydi. Bunday po‘pisalar sirasida, albatta, muqaddas kitoblardan uzib-uzib olingan ko‘chirmalar ham bo‘ladi. Asosiy kuch bu ishlarda hali haqiqiy diniy ilmi shakllanib ulgurmagan va takliflarga o‘ta sezgir bo‘lgan yoshlar tanlab olinadi.
Amaliyotchi ruhiyatshunoslarning xabar berishicha, yo‘lboshchilar izdoshlarini shunday gipnoz qiladiki, ular bu gipnozdan sira ham chiqib keta olishmaydi. Mabodo, jamoadan chiqib ketgan taqdirda ham gipnoz ta'siridan chiqa olmaydi va uni kuchli mutaxassislar yordamisiz bu holatdan chiqarib bo‘lmaydi.
Sekta o‘z a'zolarini muttasil ravishda butun olamga qarshi charxlab boradi (oila, do‘stlar, hamkasblar, davlat xizmatchilari, an'anaviy dinlarning ruhoniylari). Ana shularning gunohlarini sanab, insoniy qadr-qiymatlarini pastga urib o‘zlari bilan qiyoslaganda ikkinchi navga aylantirib qo‘yadi. Natijada ular bilan yaqin munosabatada bo‘lishni cheklash tavsiya etiladi, shaxsiy munosabatlar esa oilaviy ajrashishgacha olib kelinadi, ish joyi o‘zgartiriladi, yashash joyi ham (shahar, mamlakat) o‘sha oqim foydasiga o‘zgartiriladi.
Sekta har bir mamlakatdagi a'zolari qalbidagi vatanni sevish tuyg‘usini turli yo‘llar va yolg‘on vajlari ila mavh etib boradi: davlat madhiyasini kuylashni, davlat tashkilotlarida ishlashni, harbiy xizmatga borishni, vatanni dushman hujumidan mudofaa qilishni, shahar, respublika miqyosida o‘tadigan tadbirlarda, tantanalarda qatnashishni, Allohning qudratini davlat organisiz e'tirof etishni, davlat qonunlariga amal qilish joiz emasligini… ularga uzluksiz uqtirib boradi. Ular shu yo‘llar bilan davlat ichida o‘z davlatlarini qurishga harakat qiladi.
Sekta o‘z a'zolarining shaxsiy hayoti ustidan nazorat o‘rnatadi va amalda eng mayda narsalarni ham e'tibordan qochirmaydi. Turmush qurish-kerakmi, yo‘qmi, kim bilan turmush qurish kerak; farzand ko‘rish kerakmi, yo‘qmi, oilaviy hayotini qanday kechirish kerakligigacha aralashadi, desak, haqqimiz ketadi – ko‘rsatma beradi.
Jamoaning gunohga yo‘l qo‘yganlari jiddiy muhokama qilinadi va unga ko‘p narsalar, hatto oddiygina salomlashish ham cheklab qo‘yiladi.
Diniy oqimlarning yo‘lboshchilari o‘z g‘oyalarini asosan yangi tarafdorlar topish maqsadida aholi orasida keng tashviq qiladi. Shu bois sekta a'zolari ko‘pincha ishini bo‘sh vaqti ko‘p bo‘ladigan ishlarga o‘zgartiradi. Maqsad: ko‘chalarda uyma-uy yurib yangi tarafdorlar axtarish va internetda ijtimoiy saytlarda o‘tirib ishlash.
Albatta, bundagi asosiy nuqtalardan biri – ixlosmandlarning xayr-ehsonlarini yig‘ib olishdir. Masalan, ilgari sayentolog bo‘lgan qozog‘istonlik bir kishining nur.kz portaliga 2016 yilning may oyida bergan videointervyusida qozog‘istonlik sayentologlarning a'zolik badali miqdorini aytgan edi. Uning aytishicha, bu tashkilotning tushumi 100 ming AQSH dollaridan boshlab 1-3 milliongacha borar ekan. Diniy oqim a'zolaridan birining ta'kidlashicha, bu pullar uzoq mamlakatlardagi ezilgan va kambag‘al jamiyat ehtiyojlariga sarflanadi, hech kimga ko‘rinmaydigan zolim bilan jang qilish hamda Xudoning oldida yo‘l qo‘yilgan gunohlarni sotib olish uchun xarjlanadi. (Ammo ular bu pulni Allohga qanday qilib yetkazadi? Allohga pul nimaga kerak? Bunday gaplar muqaddas kitoblarning qaysi birida yozilgan?!)
Umuman, bu qadar tuturuqsiz gapga odamni ishontirish uchun gipnozdanmi, shunga o‘xshash sehrgarlik ishlaridanmi foydalanmasa bo‘lmaydi.
Ular turli o‘quv markazlari ochadi, shaxsni o‘stirish bo‘yicha treninglar tashkil qiladi, bolalar lagerlari ochadi, ingliz tili darslariga, notiqlik san'atiga va boshqalarga bepul darslar joriy qiladi va ommaning e'tiborini tortadi. Ammo bepul pishloq faqat qopqonda bo‘ladi.
Diniy oqimlarning a'zolari faqat o‘zlarining to‘g‘ri yo‘lda ekaniga, faqat o‘zlari jannatga tushishiga astoydil ishonadi.
An'anaviy dinlarni ular shaytoniylik deb ataydi. Ayrim oqimlar jannatni xuddi hozirgi hayotdek tasavvur qiladi, bola tug‘ish ham mumkin deb o‘ylaganlar bois bu ishni jannatga qoldiradi. Buning oqibatida ularning hayotga bo‘lgan qiziqishi kamayib ketadi.
Diniy oqimlar tarafdorlarining hayotiy a'mollari va ustuvor vazifalari o‘ziga xos tizim qiyofasida shakllanganki, bundan ularning o‘zlariga ham, oilasiga ham, davlati-yu millatiga ham zig‘ircha foyda bo‘lmaydi.
Zayniddin Eshonqulov - O‘MI Samarqand viloyat vakilli (manbalar asosida)
Kiritilgan vaqti: 29/05/2020 14:29; Ko‘rilganligi: 2164
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 21:59