O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

BOSHQA DINDAGILAR BILAN MUOMALA ODOBI

 
 

Islom dini musulmonlarni har bir insonga ezgulik qilishga, garchi boshqa din vakillari bo‘lsa ham, ularga nisbatan odob saqlagan holda muomalada bo‘lishga chaqiradi. Islomning go‘zalligi va bag‘rikengligi ham mana shunday ishlarda yaqqol namoyon bo‘ladi. Bu haqda Alloh taolo Qur'oni karimning Mumtahana surasida:

“Alloh sizlarni diniy urush qilmagan va diyorlaringizdan quvib chiqarmaganlarga yaxshilik va adolat qilishdan qaytarmas. Albatta, Alloh adolat qiluvchilarni yaxshi ko‘radir”, degan. (8-oyat).

Bu oyatdan ko‘rinib turibdiki, Alloh taolo musulmonlarni adolatli bo‘lishga chaqirmoqda. Bu chaqiriq faqat o‘zaro emas, balki, bir diyorda hamjihat bo‘lib yashab kelayotgan boshqa din vakillariga ham adolatli bo‘lishni, ularga nisbatan muruvvatli va bag‘rikeng bo‘lish lozimligi ta'kidlanmoqda.

Ulug‘ vatandoshimiz mashhur tafsirchi Abul Barokat Nasafiy o‘zlarining “Madorikut – tanzil” nomli tafsirlarida mazkur oyatga quydagicha izoh berganlar: “O‘zga din vakillariga ehtirom ko‘rsatinglar, ularga so‘zda ham, amalda ham yaxshilik qilinglar”.

Alloh taolo Qur'oni karimning Hujurot surasida: “Ey odamlar! Biz sizlarni bir erkak va ayoldan yaratdik va sizlarni o‘zaro tanishishingiz uchun xalqlar va qabilalar qilib qo‘ydik. Albatta, Allohning huzurida eng hurmatliyingiz eng taqvodoringizdir. Albatta, Alloh bilguvchi va xabardor Zotdir”, degan.

Alloh taolo bu oyatda odamlarning asli bir ota – onadan ya'ni, Odam Ato va Momo Havvodan yaratganligini bildirmoqda. Demak, aslimiz bir ekan, boshqa din vakillariga nisbatan go‘zal odob bilan muomala qilishimiz lozim.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam hayotlari bizga katta ibrat maktabidir. Chunki,  Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam Madinaga hijrat qilib kelganlarida birinchi yahudiylar ahdnoma tuzdilar. Boshqa din vakillaridan kelgan hadyalarni olib, ularga ham hadyalar berar edilar.

Uzoq o‘tmishga nazar tashlasak, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan keyingi o‘tgan ulug‘ zotlar ham aynan bag‘rikenglikda Rosulullohga ergashib, butun dunyoga Islomni naqadar insonparvar din ekanligini isbotlaganlar.

Bugungi kunda dunyoda tinchlik va barqarorlik hukm surishi uchun avvalo barcha xalqlar hamjihat bo‘lishi va Islomning bag‘rikenglik tamoyiliga asoslangan adolatidan ibrat olmog‘i lozim.

Sarvar Ravshanov - Narpay tuman “Tepa” jome' masjidi imom–xatibi

 


Kiritilgan vaqti: 29/06/2020 11:11;   Ko‘rilganligi: 1132
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/boshqa-dindagilar-bilan-muomala-odobi
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 12:39
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing