O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Birniki mingga, mingniki tumanga…

 
 

Loqaydlik inson umriga o‘xshaydi. Farqi, u o‘z nihoyasiga yetganda, butun borliqni halok qiladi. Guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, jamiyatdagi odamlarni bir xil ijobiy sifatlay olmaymiz. O‘zining qusuri bilan nafaqat hayoti, balki borliq, butun insoniyat uchun xavf tug‘diradigan kimsalar ham talaygina. Ular ichida eng yomoni loqayd odamlardir.

Xo‘sh, loqaydlik o‘zi nima? Uning ko‘rinishlari qanday?

Bu illatning eng ko‘zga tashlanarlisi – befarqlik. O‘z hayoti va oilasiga befarq odamdan Vatan, xalq, millat taqdiriga xayrixohlikni kutib bo‘lmaydi.

Loqaydlikning qanday oqibatlarga olib kelishiga ko‘p bora guvoh bo‘lganmiz. Pandemiya sabab yurtimizda odamlar sog‘ligini o‘ylab bir necha soha mutasaddilari tin olmadi, kechayu kunduz mehnat qildi. Kasallarga minglab o‘rinlar tayyorlandi. Odamlar u yerda tekshiruvdan o‘tib, davolandi. Ko‘chalarda odamlar ogohlantirildi. Shunga qaramay, o‘z joni va oilasini o‘ylamagan loqayd kimsalar karantin hududlaridan qochishga urinishdi. Ular qochib qayerga ham borardi. Yaqinlarining oldiga borib, ularga ham kasal yuqtirgani qoldi, xolos! Bu holatni qanday izohlash mumkin?

To‘ylarga ruxsat berilmagan paytda qanchalab yashirin to‘ylar o‘tdi. Ruxsat berilganda, boshqalar ko‘z o‘ngida go‘yo 30 kishilik qilib, aslida kun bo‘yi to‘y o‘tkazganlar qancha bo‘ldi. Ana shunday loqaydlik oqibatida bitta to‘yda 70–80 kishi kasalga chalinganiga guvoh bo‘lib turibmiz.

Yana bir achinarli holat. Ko‘cha-ko‘yda yosh yigit va qizlarning turli alfozda “gaplashib” turganiga ko‘p bor duch kelamiz. Lekin birortamiz ularni odobga chaqirmaymiz. Tanish yoki qarindosh emasku, deya loqayd bo‘lamiz. To o‘sha muammo bilan o‘zimiz ro‘baro‘ bo‘lmaguncha. Alloh saqlasin!

Har doim har narsaga jiddiy munosabatda bo‘laylik. Yuqoridagi kabi loqaydliklar oqibati yaxshilikka olib bormaydi. Dono xalqimiz bejiz birniki mingga, mingniki tumanga uradi, demagan.


Sobir QO‘SHBOQOV,
Baxmal tumani “Mulla Umar” jome masjidi imom-xatibi.

“Hidoyat” jurnalining 2020 yil 11-sonidan


Kiritilgan vaqti: 03/02/2021 11:04;   Ko‘rilganligi: 1293
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/birniki-mingga-mingniki-tumanga
Chop etilgan vaqti: 11/10/2025 00:47
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing