Baraka formulasi
Imon + taqvo = baraka
Baraka – yaxshilikning ziyoda bo‘lib, mo‘l-ko‘l bo‘lishi vahamisha davomli kelib turishidir. U faqat moddiy narsalargagina ta'alluqli emas. Baraka nimaga tushsa o‘sha narsaning yaxshiligi ko‘payadi.
Qur'oni karimda barakaning sharti sifatida imon va taqvo jamlanishi lozimligi ta'kidlanadi. Bu haqda “A'rof” surasining 96-oyatida shunday deyilgan:
“Agar qishloqlar ahllari iymon keltirganlarida va taqvo qilganlarida edi, Biz, albatta, ularga osmonu yerdan barakotlarni ochib qo‘yar edik”.
Mazkur oyatni Imom Moturidiy “Ta'vilotul Qur'on”da shunday sharhlaydi:
“Agar mazkur yurtlar aholisi balo-ofatlar yetib halok bo‘lishdan oldin iymon keltirganlarida va taqvo qilganlarida ediBiz, albatta, ularga osmonu yerdan barakotlarni ochib qo‘yar edik”, ya'ni ularga osmon va yerdan keladigan barcha yaxshiliklar berilgan bo‘lar edi”.
Oyatda “barakotlar” deyilganda faqatgina moddiy ne'matlar emas, balki, barcha yaxshiliklar nazarda tutilgan. Baraka vaqtga tushsa, o‘sha vaqt ichida juda ko‘p ishga ulguriladi, mol-davlatga tushsa, u ko‘p narsalarga yetadi, umrga tushsa, u qisqa bo‘ladimi yoki uzun, qat'iynazar, sermazmun bo‘ladi.
Baraka moddiy va ma'naviy yaxshiliklarning barchasini qamrab olishini Imom Nasafiy ham “Madoriku-t-tanzil”da yuqoridagi oyat tafsirida ta'kidlab o‘tgan.
Shu o‘rinda imon va taqvo baraka asosi ekan, unda nega voqe'likda musulmonlar emas, aksinchadinsizlar farovon yashamoqda degan, savol tug‘ilishi mumkin.
Birinchidan, musulmon jamiyati haqiqiy imon va taqvoning talabiga to‘la javob berolmayapti. Ikkinchidan, dinsizlarning farovon holati faqat shu dunyo uchun xolos. Ular bungailm, jahd, tirishqoqlik, qattiq mehnat va izlanish kabisabablarni hozirlaganlari uchunginaerishganlar. Lekin bu ularga baraka berilgan degani emas.
Moturidiy hazratlari ham oyatni ta'vil qilishda davom etib, bu haqda quyidagilarni aytadi:
“Bu o‘rinda qishloq ahllari agar imon keltirgan va taqvo qilganlarida “ularning ustiga osmonlar va Yerdan barakotlar” ochilishi aytilmoqda. Boshqa bir oyatda esa imon keltirmay, ogohlantirishlarni unutganlarga ham barcha narsalarning eshigi ochilishi aytilgan bo‘lsada, baraka zikr qilinmagan. Qaysi bir o‘rinda baraka zikr etilmagan bo‘lsa,ularga ochilgan har bir narsa nuqsonga uchraydi va baxtsizlik yetadi”.
Tadqiqotchilar Imom Moturidiy bu bilan “(Ular) eslatilgan narsa (sinov kunlari)ni unutganlarida ularga har narsaning eshiklarini ochib qo‘ydik. Toki ularga berilgan narsa (nozu ne'mat)lar bilan shodu xurram bo‘lib turganlarida, ularni birdan zabt etdik. Bas, (endi) ular noumiddirlar”(An'om surasi, 44-oyat)oyatini nazarda tutgan bo‘lishi mumkin, deganlar.Ko‘rib turganimizdek,bu oyatdan ham mo‘l-ko‘lchilik baraka emasligi ravshan bo‘lmoqda.
Abu Lays Samarqandiy rahmatullohi alayh ham “Bahrul ulumda” kofir kimsalarga berilgan kengchilik aslida balo-ofat va uqubat ekanini ta'kidlab, bunga misol tariqasida “Agar odamlarning bir millat bo‘lib olishlari (kofir bo‘lib ketishlari) bo‘lmaganida edi, albatta, Rahmonga kofir bo‘ladigan kimsalarga uylarining shiftlarini ham, unga chiqadigan narvonlarni ham kumushdan qilib qo‘ygan bo‘lar edik”,(Zuxruf surasi, 33 oyat), oyatini keltiradi. Bu oyatdan dunyo boyligi Allohning nazdida oxirat ne'matlariga nisbatan pashshaning qanoticha ham qadri yo‘qligi ma'lum bo‘ladi. Aks holda uni o‘ziga ibodat qilmaganlarga bermagan bo‘lar edi. Oyatda agar kofirlarning boy-badavlat yashashlarini ko‘rib, musulmonlar biz ham kofir bo‘lsak bo‘larkan, deb kufrga o‘tib ketmaydigan bo‘lganlarida edi, Alloh taolo kofirlarni bundan ham boyroq qilib qo‘yishi mumkinligi bayon etilmoqda.
Umrga, rizqqa, kasbu korga, ibodatga va qolgan jamiki narsalarga baraka kirishi uchun bandalaridan juda ko‘p va og‘ir narsa talab qilinmagan,imon keltirib, shirk va gunohlardan tiyilishning o‘zi yetarli. Manashuning evaziga yeru osmondan barakot ato etilishi va'da qilinmoqda. Bu shart va mukofot va'dasi qiyomatgacha kelib ketuvchi barcha bandalarga tegishlidir.
Usmonxon Muhammadiyev
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot
markazi, bo‘lim boshlig‘i
Kiritilgan vaqti: 25/07/2020 09:28; Ko‘rilganligi: 1044
Chop etilgan vaqti: 14/09/2024 21:28