Arab tiliga bo‘lgan e'tibor
Mamlakatimiz huquqiy demokratik va fuqarolik jamiyat qurish yo‘lidan bormoqda. Vatanimiz istiqlolga qadam qo‘ygandan beri o‘tgan yillar xalqimiz va yosh davlatimiz uchun ulkan sinov va yangilanishlar davri bo‘ldi. Bu davrda milliy va diniy qadriyatlarimizni qayta tiklash, ularni kelajak avlod qalbi va ongi-shuuriga singdirishga, shuningdek, barkamol avlodni milliy qadriyatlar bilan birgalikda diniy qadriyatlarga ham sodiqlik ruhida tarbiyalashga katta e'tibor berildi.
Va shuningdek yurtimizda ham arab tili va Quron-Karimga bo‘lgan etibor kun sayin oshib bormoqda.
“Nahv fani” arab tilining grammatikasi bo‘lib, uni o‘rganmasdan arab tilida nozil qilingan Qur'on oyatlarini o‘rganish mushkuldir. Tarixda ilk bor nahv faniga xazrati Aliy roziyallohu anhu asos solganlar. U kishi Abul Asvad ad-Dualiyga Qur'oni Karimni to‘g‘ri o‘qish va tushunishga ko‘maklashadigan qoidalar tuzishni buyuradilar. Shu asosda nahv ilmi paydo bo‘ladi.
Odamzot farzandlarining arab alifbosiga talpinishi vujudidagi tabiiy xilqat jihatlaridan ekanligi, hamda qiyomatdagi savol-javoblar arab tilida bo‘lishi bejiz emas.
Shayx Muhammad Habib bu haqida shunday deydi:
“Albatta u Qur'oni karim arab tilida nozil qilingan, kim uni fahmlashni xoxlasa arab tilini o‘rganish bilan mukammal tushunadi.[1]
Xalqimizda “Tilga e'tibor elga e'tibor” degan ibora bor. Kishi qancha til bilsa insonlar ichida shuncha hurmatli bo‘ladi, hatto nechta tilni o‘zlashtirsa shuncha shaxs hisoblanadi.
Alloh taolo o‘z kalomida shunday deydi:
“Albatta, Biz uni arabcha Qur'on qildik. Shoyadki, aql yuritsangiz.”[2] Ya'ni, aql yuritasiz degan maqsadda oxirgi kitobimizni arab tilida nozil etdik”, deb aytilmoqda. Albatta bu oyatlar arablar uchun sharaf bo‘lishi bilan birga, biz musulmonlar uchun juda ulkan mas'uliyat ham yuklaydi. Qur'onga, iymonga, Islomga xizmat qilishdek katta mas'uliyatni qo‘yadi.
Sayidmurodov Orifxon
Oqdaryo tumani “Sobit ota Honaqohi” jome masjidi imom-xatibi
[1] Shayx Muhammad Hodiy. Tafsirul mufassirun “Jomi'atul Razoviya lil ulumil islamiya” 1956y.
[2] Abdulaziz Mansur. Qur'oni karim ma'nolarining tarjimasi. Tavba.9. Toshkent: Toshkent islom universiteti. 2001.
Kiritilgan vaqti: 25/10/2023 10:26; Ko‘rilganligi: 763
Chop etilgan vaqti: 19/09/2025 23:46