Amir Temur tomonidan masjid-maqbaraga sovg‘a qilingan shamdonlar
Vatanimiz tarixidagi 31 yanvar sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1907 yil (bundan 114 yil oldin) – Turkiston general-gubernatori devonxonasi boshlig‘i Toshkent shahar hokimiga maxfiy xat yo‘lladi. Unda shahar hokimiga shaxsan imperatorning topshirig‘ini tushuntirilgan edi. Unga ko‘ra, Ahmad Yassaviy masjidi shayxlari bilan mazkur masjid-maqbaraga Amir Temur tomonidan sovg‘a qilingan, o‘sha vaqtda oltitadan beshtasi mavjud bo‘lgan bronza shamdonlarni Peterburgdagi Ermitaj muzeyiga berish to‘g‘risida muzokara olib boradigan e'tiborli va ishonchli mahalliy vakilni tavsiya etishni so‘radi.
Amir Temur tuhfa qilgan mazkur qimmatbaho shamdonlar nodir san'at asarlaridir. Shamdonlar juda go‘zal shaklda, san'atkorona, nozik ishlangan. Bir qismi oltin suvi bilan bezalgan. Shuning uchun ham bu qimmatbaho san'at asarlarini Rossiyaning so‘nggi imperatori Nikolay Ikkinchi Ermitajra olib kelishni Imperator arxeologiya hay'ati raisiga maslahat bergan edi. Imperator Arxeologiya hay'atining raisi graf A.Bobrinskiy esa Turkiston general-gubernatori vazifasini bajaruvchi N.Grodekovga xat yozib imperatorning ko‘rsatmasini yetkazgan.
Bu masala bilan Toshkent shahar hokimligining topshirig‘iga asosan shahar politsiyasi boshlig‘i shug‘ullandi. Uning 1907 yil 16 fevralda bergan ma'lumotiga ko‘ra, Ahmad Yassaviy masjididagi shamdonlarni sotib olish bo‘yicha muzokara olib borishga Shayxontohur qoziligiga nomzod Eshonxon Mahmudxo‘jayev rozi bo‘lgan. Biroq turkistonlik shayxlar uzoq davom etgan tazyiqlarga qaramay, shamdonlarni sotish mumkin emasligini aytganlar va ularni o‘sha vaqtda qattiq himoya qilganlar. Ammo keyinchalik shamdonlar maqbaradan olib ketildi.
1918 yil (bundan 103 yil oldin) – Xalq Komissarlar Sovetining qarori bilan Rossiyada, shu jumladan Turkiston o‘lkasida xam, 1918 yil 31 yanvar yuliy taqvimining oxirgi kuni – 1918 yil 14 fevral grigoriy taqvimining birinchi kuni deb qabul qilindi. Ushbu qarorga ko‘ra, 1918 yilning 31 yanvari tugagach, birdan 14 fevral boshlanishi kerak edi va shunday bo‘ldi.
2018 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari haqida”gi qarori qabul qilindi.
2019 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan Olmaliq shahrining 2035 yilgacha, Angren shahrining 2032 yilgacha, Chirchiq shahrining 2035 yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan bosh rejalari tasdiqlandi.
2020 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta'lim muassasalari talabalariga to‘lanadigan stipendiyalar miqdorlarini belgilash hamda stipendiyalar tayinlash va to‘lash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIYEV tayyorladi
Kiritilgan vaqti: 03/02/2021 10:48; Ko‘rilganligi: 943
Chop etilgan vaqti: 19/09/2025 21:18