O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Allohdan qo‘rquvchi eng taqvodorlar savdogarlar bo‘lishi kerak....

 
 

Insoniyat borki savdo-sotiq bor, xalqlar o‘rtasida o‘zaro oldi-berdi munosabatlari mavjud. Albatta, boshqa kasblar qatori tijorat bilan shug‘ullanuvchilar ham bu kasbni siru sinoatini, shar'iy hukmlarini bilmog‘i lozim.

Islom dini insonlar o‘rtasidagi munosabatlarda hamisha adolat, insof, halollik bo‘lishini talab etadi va musulmonlarni shunga targ‘ib qiladi. Bu munosabatlar ichida savdo-sotiq alohida ahamiyatga ega. Ma'lumki, islom bir narsani harom qilsa, uning muqobiliga halol narsani ham taqdim etgan. Jumladan, riboni harom qilgan bo‘lsa, tijoratni halol qilgan. Agar tijoratchi to‘g‘ri savdo-sotiq qilsa, bu kasb nihoyatda sharafli kasbdir. Abu Said roziyollohu anhudan rivoyat qilinadi. “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Rostguy, omonatdor tijoratchi nabiylar, siddiqlar va shahidlar bilan birgadir” dedilar. Bu maqomga erishmoqlik uchun har bir tijoratchi savdo-sotiqdagi shar'iy hukmlarni bilmog‘i lozim.

O‘z davrida Umar roziyallohu anhu savdogarlardan o‘z kasblarining shar'iy hukmlarini bilmoqliklarini qat'iy talab qilganlar. Gohida ba'zi bir savdogarlar arzimagan pul uchun vijdonini sotayotgani, Alloh taoloning nomini o‘rtaga qo‘yib, yolg‘on qasam ichayotganiga guvoh bo‘lamiz. Shuning uchun tijorat bilan shug‘ullanayotgan kishilar avvalo taqvo yo‘lini tutmoqliklari, Yaratganning nomini o‘rtaga qo‘yib, yolg‘on qasam ichishdan ehtiyot bo‘lmoqliklari lozimdir.

Yaqinda Ahadquli Xolmuhammad o‘g‘li qalamiga mansub “Haqiqiy omad kaliti yoxud savdogarlar ustozi” nomli kitobni o‘qidim. Bu risolada zikr qilingan savdogarlar ustozi Abdulloh ibn Muborak Marvaziy haqlarida so‘z boradi. Ushbu kitobdan bugungi tijoratchilarimiz uchun bazi bir o‘rinlarni keltirib o‘tmoqchiman.

Abdullohning otasi Muborak o‘g‘lini safarga kuzatayotib “Savdogarlikni obro‘yingni saqlash, saxiylik qilib, ilm ahliga yordam berishing va faqirlar mushkulini oson qilishing uchun kasb qil” degan nasihatiga amal qilishi sababidan katta mulk egasi bo‘ldi. Demak, har qanday xayrli ishni boshlashda niyat to‘g‘ri bo‘lmog‘i, faqatgina o‘z manfaatini emas, balki xalq manfaati va jamiyat rivojiga ham o‘z hissasini qo‘shmoqlikni niyat qilishi lozim ekan.

Kitobda Abdulloh ibn Muborakka Imomi A'zam rahmatullohi alayh diniy ilmda ham, tijorat ilmida ham ustozlik qilganlari haqida ham ma'lumot keltiriladi. Bir kuni Abdullohni yonlariga chaqirib dedilar: “Ona duo qo‘rg‘oni, men onamning duosi bilan shu darajaga yetganman. Sizlar ham fursat bo‘ldi deguncha ularning yonlariga shoshilinglar, xizmatini qilinglar, omonat dunyoda omon bo‘lasizlar. Ota-onangizga pul ajratib turinglar, bu baraka omilidir. Tijoratingiz shu sababdan barakali bo‘ladi. Xolidan xabar olinglar, jannat eshiklari ochiladi. Yana bir o‘gitimni qalbingizga muhrlab oling. Hech qachon birovning ilojsizligidan yoki xalqni noilojligidan foydalanib dunyo orttirmang”.

Yana aytishadiki, ustoz bilan so‘ngi bor uchrashganimizda (Imomi A'zam hazratlari nazarda tutilmoqda) bizlarga quyidagi o‘gitlarni bergandi: “Molni aybini aytib soting, savdo ishi taqvodan ayro bo‘lmasin, tijoratingiz namozga halal bermasin, riboga aralashmang. Zamonni yaxshi anglang va shunga mos harakat qiling. Va yana shunga o‘xshash nasihatlar qildi.

Bugungi kun tijoratchisi ham o‘ziga halollikni va taqvoni shior qilib olsa, albatta, savdosida baraka, hayotida mazmun bo‘ladi, inshaolloh. Men savdo bilan shug‘ullanayotgan barcha birodarlarimizga ushbu “Haqiqiy omad kaliti yoxud Savdogarlar ustozi” kitobini bir bora bo‘lsa ham o‘qib chiqmoqligini tavsiya qilgan bo‘lardim. Risolani o‘qigan har bir kitobxon Abdulloh ibn Muborak timsolida savdo-sotiq ishlarida rostgo‘y va diyonatli bir kishining siymosi bilan yuzlashadi.

Ilhomjon MARDIYEV,
Bulung‘ur tumani "Isori-O‘roqli" masjidi imomi-noibi


Kiritilgan vaqti: 14/09/2023 15:54;   Ko‘rilganligi: 996
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/allohdan-qorquvchi-eng-taqvodorlar-savdogarlar-bolishi-kerak
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 06:41
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing