ABDULLOH IBN MUBORAK ILM VA FAZILATDA CHEKSIZ UMMON
“Sufyon Savriy vafot etganda larzaga kelgan yeru-osmon, Abdulloh ibn Muborak vafoti tufayli ham aynan shunday larzaga keldi”.
Abu Xolid Ahmad
Islom tarixida uning madaniyati rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan ko‘plab allomalar o‘tgan bo‘lib, ularning eng ulug‘laridan birlari, buyuk imom maqomiga erishgan alloma Abdulloh ibn Muborak Marvaziydir.
Abdulloh ibn Muborak hijriy 118 yilda Marv shahrida tug‘ilib, 181 yilda Iroqning Hiyt degan shaharchasi vafot etadilar.[1] Bu melodiy 736-797 yilga to‘g‘ri keladi.
Abdulloh ibn Muborak Marv shahrida yigirma yildan ortiqroq yashab, Ibn Hajar Asqaloniyning yozishicha, hijriy 141 (milodiy 760) yildan e’tiboran ilmini oshirish maqsadida uzoq yurtlarga safarga otlangan. U zot xorijiy yurtlarga safarlarini Iroqdan boshlagan. Ayni vaqtda yoshlik yillarida o‘z davrining mohir tijoratchisi hisoblangan otasining savdo-sotiq ishlariga ham ko‘maklashgan.
Ilm olishga astoydil bel bog‘lagan Abdulloh ibn Muborak umrining ko‘p yillarini arab mamlakatlarida o‘tkazgan, jumladan, Yaman, Iroq, Jazira va Shomda uzoq yillar yashagan. Bu haqda "hadis o‘rganish maqsadida u butun dunyoni kezib chiqqan", degan tavsif ham bejizga aytilmagan.
Bu shaharlarning har qaysisida bo‘lganda u, avvalo, olimlar – ustozlar bilan muloqotda bo‘lar va ulardan, ayniqsa, islomiy ilmlardan (hadis, fiqh, adab va hokazo) saboq olar edi. Shuni ta’kidlash joizki, Abdulloh ibn Muborak quvvai hofizasi, ya’ni yodlash qobiliyati aql bovar qilmaydigan darajada kuchli bo‘lgan.
Manbalarga ko‘ra u har qanday asarni bir marta diqqat bilan mutolaa qilgach, xotirasida mustahkam saqlab qoladigan darajada kuchli xotirali olim bo‘lgan.
Abdulloh odob-axloqda ham tengqurlari orasida ajralib turgan. U yoshligidan odob-axloqqa alohida e’tibor berib, butun umri davomida shu aqidaga sodiq qolgan. U o‘zi haqida: "Men odob-axloqni o‘ttiz yil, ilmni esa atigi yigirma yil o‘rgandim",- deb ta’kidlagan.
Eng muhimi, u ilm olish masalalariga ham har doim yuksak odob-axloq nuqtai nazaridan yondashib, mudom o‘z ustozlarining mehru muhabbatini qozongan va "Shayxu ustozlar xizmatini sidqidildan ado etishning o‘zi yarim ilmdir", - deb hisoblagan va ba’zilar:"Nega ilmga bunchalik ochko‘zsan?"-deb so‘raganda, u: "Shunday ulug‘ ishdan (ilm olishdan) ham sira to‘yib bo‘ladimi?", - deb javob berar ekan. Yoki as’hob ul-hadis uning hadis eshitish va yozib olishdagi kuchli ishtiyoqi va cheksiz qiziqishini ko‘rib, undan: "Qachongacha shu ahvolda davom etasan?" – deb so‘raganlarida, u: "Mening shu zayldagi ishimni to o‘lgunimcha ko‘rishlaringni juda-juda istardim", - deb javob bergan ekan.
Abdulloh ibn Muborak mana shunday ajoyib fazilatlarini ko‘rgan ko‘pgina taniqli olimlar uni juda yuqori sifatlar bilan ta’riflaganlar. Jumladan, Mu’tamar ibn Sulaymon: "Abdulloh ibn Muborakka o‘xshaganini sira ko‘rmaganman",- deb ta’riflagan bo‘lsa, Abdurahmon ibn Mahdiy: "Abdulloh ibn Muborakdan ko‘proq hadis jamlagan muhaddisni ko‘rmadim",- degan.
Ibn Hanbal esa: "Uning davridagi ilm ahllaridan birortasida ham Abdulloh ibn Muborakda bo‘lgan hislatlar yo‘q. Chindan ham u ilmu irfonning bir xazinasi edi",- deya e’tirof etgan.
Bu mo‘tabar zot g‘oyat keng mushohadali ilm sohibi bo‘lish bilan birga izchil va hayotbaxsh amaliy faoliyati bilan ham shuhrat qozongan.
Abdulloh ibn Muborakning boy va serqirra hayot yo‘llari insoniyatni hidoyatga boshlovchi ilmiy, ma’naviy va diniy merosi bilan tanishgan har bir kishi bu zotga nisbatan cheksiz hurmat va ehtiromini izhor etadi. Shu boisdan ham ko‘pgina tarixchilar Abdulloh ibn Muborak hayot yo‘llari va yuksak darajadagi insoniy fazilatlari haqida qator salmoqli asarlar yaratganlar. Jumladan, Ibn Imod Hanbaliy, Hofiz ibn Bishkval, Ibn Xallikon, Shamsiddin Zahabiy, Ismoil Poshsha Bag‘dodiy, Abul Vafo Marog‘iy, Ustoz Ali Tantoviy kabi zabardast olimlar bu ulug‘ alloma to‘g‘risida yirik asarlarini keltirishimiz mumkin.
Darhaqiqat, Abdulloh ibn Muborak ilmda ulkan bir ummon edi. U zot o‘sha zamonda rivoj topgan har qanday ilmning cho‘qqisiga yetishgan bo‘lib, aksar tadqiqotchilar o‘sha ilm bo‘yicha manba sifatida faqat unga murojaat qilardilar.
Biz quyida bu ulug‘ zot haqlarida ulamolar tomonidan aytilgan ta’rif-tavsiflarni keltirishni maqsad qildik. Shoyatki, qalbimizda ilm ahllariga nisbatan muhabbat va ezgu maqsadlarimizga yetishmoqlik uchun rag‘bat paydo bo‘lsa.
Molik ibn Anas: “Ibn Muborak Xurosonning faqihidir”[2].
Ahmad ibn Hanbal: “Ibn Muborak zamonida undan ko‘ra ilmga chanqoqroq va talabchanroq kishi yo‘q edi. U ilm yo‘lida Yamanga, Misrga, Shomga, Basraga, Kufaga safarlar qilib, ilm rivoyat qildi va ahli ilmlardan bo‘ldi. Kichiklaru-kattalar to‘g‘risida yozib, buyuk ish qildi va hadis ilmining buyuk hofizi bo‘ldi”.[3]
Sufyon Savriy: “Umrimning barchasi Ibn Muborak umrining bir yilicha bo‘lishini xohlardim, ammo uning uch kunicha bo‘lishiga ham qodir bo‘la olmadim”.[4]
I’jliy: "Abdulloh ibn Muborak xurosonlik olim, g‘oyatda ishonchli, hadis aytishda sobit, solih inson, ilmning koni edi".
Abbos ibn Mus’ab: "Abdulloh ibn Muborak o‘zida turli-tuman ilmlarni: hadis, fiqh, arab tili, jamiyat tarixini, shijoat, tijorat, saxiylik va muhabbatni (kishining ilmga bo‘lgan ishtiyoqini) farqlashda kuchli inson edi".
Abu Dovud Tayolisiy: "Abdulloh ibn Muborakdan ilmi ko‘p bo‘lgan olimlarni ko‘rmadim, u muhaddis, faqih, adib, shoir, lug‘atshunos, fasohatli olim edi. Tolibi ilmlar boshqa birorta ham olimdan ololmaydigan ilmni faqat undangina olardilar".
Mo‘tama ibn Sulaymon: "Abdulloh ibn Muborak singari olimni men sira ko‘rmadim, boshqa birorta olimda yo‘q fazilatlarni faqat unda ko‘rardik. Shu boisdan ham juda ko‘p odamlar unga o‘z asrining eng ko‘zga ko‘ringani va o‘sha zamondagi ilmning g‘oyatda buyugi, deb qarar edi".
Sho‘ba[5], Abdulloh ibn Abu Ruzmaga: Abdulloh ibn Muborakni taniysanmi? dedi. U: “Ha, taniyman” deganda, Sho‘ba: "siz tomoningizdan bizning yurtimizga unga o‘xshashi kelgani yo‘q" dedi.[6]
Shuayb ibn Harb: "Abdulloh ibn Muborak (ilmda) o‘zidan afzalroq kishini uchratmagan. Ko‘pincha uning do‘stlari va shogirdlari to‘planishib, u egallagan turli ilmlar va unga ko‘rk beradigan turfa xil yaxshilik sifatlari haqida bir-birlariga aytib zikr qilardilar".
Shuayb ibn Harb: “Ibn Muborak huzuriga kelib, hadis eshitib, yozib olar edik, ammo unga biror narsani ilova qila olmasdik”. [7]
Hasan ibn Iso ibn Mosarjis: "Abdulloh ibn Muborakning as’hoblaridan bir guruhi: "Uning yaxshilik bobidagi xislatlari haqida to‘xtalib: U fiqh, adab, nahv, lug‘at, zohidlik, shijoat, she’r, notiqlik, parhezkorlik, ibodat, haj, g‘azot borasida ilmni chuqur egallaganligi, chavandozlik, o‘ziga aloqasi bo‘lmagan narsa haqida gapirmaslik, o‘z fikrida qat’iyatlilik, o‘z do‘stlari bilan kamdan-kam hollarda ixtilofga borish kabi fazilatlarini sanaganlar".
Muhammad ibn Abdulvahob al-Farro’: "Xurosondan Abdulloh ibn Muborak, An-Nazr ibn Shumayl, Yahyo ibn Yahyoga teng keladigan boshqa olim chiqmagan. Uni (Abdulloh ibn Muborakni) xurosonlik buyuk shaxs va xurosonlik tengi yo‘q olim deb hisoblardilar".
Ibn Abu Rizmadan rivoyat qilinadi, u: "Shu’ba mendan: "Abdulloh ibn Muborakni taniysanmi?"-deb so‘radi. Men: "Taniyman",-dedim. Shunda u: "Sizning tomonlardan yurtimizga unga o‘xshagani kelgani yo‘q",-dedi.
Muoz ibn Xolid shunday hikoya qilgan: "Ismoil ibn I’yoshga[8] Abdulloh Abdulloh ibn Muborakni tanitgan edim. Ismoil ibn I’yosh: "Yer yuzida Abdulloh Abdulloh ibn Muborakga teng keladigan olim yo‘q",-dedi.
Shuayb ibn Harb: "Abdulloh ibn Muborak ilmda o‘zidan afzalroq bo‘lgan biror kishini uchratmagan, Abdulloh ibn Muborak mag‘ribu mashriq va ular o‘rtasidagi o‘lkalarning ham olimi, deb e’tirof etilganligi haqida ko‘pdan-ko‘p taniqli olimlar shohidlik berganlar. Masalan, Abdulloh ibn Sinon shunday hikoya qiladi: "Men Makkada turganimda Abdulloh ibn Muborak bu shaharga kelgan edi. Qachonki u qaytishga chog‘langanda Sufyon ibn Uyayna va Fuzayl ibn I’yoz uni kuzatishga chiqishib, u bilan xayrlashdilar. Shunda ulardan biri: "Bu kishi Mashriq ahlining faqihi", deganda, ikkinchisi: "U Mag‘rib ahlining ham faqihi", deb qo‘shib qo‘ydi”.
Abdurahmon ibn Abu Jamil: "Biz Abdulloh ibn Muborakka: "Ey butun Mashriqning olimi, bizga hadislar aytib bering, degandik, bu gapimizni eshitgan Sufyon: "Ey nima deyapsizlar! U (Abdulloh ibn Muborak) Mag‘ribu Mashriq va ular o‘rtasidagi yerlarning ham olimi-ku",-deb xitob qildi”.
Asvad ibn Salim: "Abdulloh ibn Muborak odamlar iqtido qiladigan imom va sunnatda ham eng sobitqadam inson hisoblanadi".
Ubaydulloh ibn Junod: "Men Umariyning shunday deganini eshitgandim: Bizning zamonamizda mening uyimga kelgan bir kishidan boshqa bu ishni (hadis ilmini) isloh qiladigan biror kishini ko‘rmaganman. U xonadonimda uch kun yashadi va shunday narsalarni mendan so‘radiki, bu zamon ahlidan undan boshqa biror kishi bu haqda so‘ramagan edi. Garchand uning lug‘ati sharq xalqiga xos bo‘lsa-da, tili g‘oyatda fasohatli edi. Uning kunyasi Abu Abdurahmon bo‘lib uning bilan Safiyr deb ataladigan bir g‘ulomi ham birga edi. Biz undan: Bu kishi Abdulloh ibn Muborak emasmi?"- deb so‘radik. Shunda u: "O‘sha bo‘lsa kerak. Agar men bilan birga bu ilmni isloh qiladigan kishi bo‘lsa, bu o‘shadir".
Shuayb ibn Harb: "Biz Abdulloh ibn Muborakdan hadislar eshitib yod olish uchun uning huzuriga kelar edik, bu darslar shunday mukammal bo‘lar ediki, unga birorta ortiqcha izoh qilishga o‘rin qolmasdi”.
Imom Nasafiy: "Abdulloh ibn Muborak yashagan davrda undan ko‘ra dongdorroq (dong‘i ketgan), undan ko‘ra ustunroq, yuqoriroq yoyinki maqtashga loyiq yuksak fazilatu xislatlarga ega bo‘lgan boshqa bir olimni bilmaymiz".
Yahyo ibn Ma’iyn esa uni: "Zehni o‘tkir, idroki katta, g‘oyatda ishonchli (siqa) va sahih (ishonchli, haqiqiy) hadislarning olimi (bilimdoni)",- deya ta’riflagan.
Yahyo ibn Mu’in huzurida ibn Muborak nomi zikr etilganda, u: "Musulmonlarning ulug‘laridan biridir", - deb baholagan. Bir kuni uning huzuriga bir kishi kelib: "Ey, Abu Zakariyo, Muammar xususida kim sobitliroq? Abdurazzoqmi yoki Abdulloh Abdulloh ibn Muborakmi?"-deb so‘radi. U (Yahyo ibn Mu’in) yonboshlab yotgan joyidan turib qaddini rostladi va: "Ibn Muborak Abdurazzoqga nisbatan ham, uning qishlog‘i ahlidan ham xayrli (yaxshi)roqdir",- dedi va yana jiddiylashib: "Nahotki sen Abdurazzoqni Abdulloh (Ibn Muborak) bilan barobar ko‘rsang?" –dedi.
Abu Vahb Muhammad ibn Muzohim doimo shunday der edi: "Ibn Muborakdan bir kishining nisbati bilan hadis tinglab, so‘ng ana shu kishiga borib, hatto (ibn Muborakdan eshitgan) hadisini (qaytadan) tekshirtiradigan kishidan g‘oyat taajjublanardi"[9].
Asvad ibn Solim shunday degan: "Abdulloh ibn Muborak barcha iqtido qiladigan imom bo‘lib, sunnada odamlarning eng sobitqadami edi. Agarki kimdir Abdulloh ibn Muborak haqida g‘iybat (yomon) so‘zlarni gapirsa, u odamni islom diniga qarshi ish qilganlikda ayblardilar".
Abdurahmon ibn Mahdiy: "Buyuk imomlar (allomalar) to‘rtta - Sufyon as-Savriy, Molik ibn Anas, Hammod ibn Zayd va Abdulloh ibn Muborak",- deb aytib, yana: "Abdulloh ibn Muborak Sufyon as-Savriydan ko‘ra ham olimroq (bilimdonroq) bo‘lgan",-deya ta’kidlagan. Rivoyat qilishlaricha, Abdurahmon ibn Mahdiy o‘ziga tegishli uyni sotish maqsadida Bag‘dodga kelgan ekan. Shunda uning yoniga as’hob ul-hadiys (hadis bilimdonlari, hadisshunoslar) to‘planib, unga dedilar: Sen Sufyon Savriy bilan mujolasa qurib (suhbatida bo‘lib) undan hadis eshitgansan, shuningdek sen Abdulloh Abdulloh ibn Muborakdan ham hadis eshitgansan. Qani aytgin-chi, ular (ikkovlari)dan qaysi biri ustun?". Shunda u hadisshunoslarga qarab: "Ey, sizlar, nima deyapsizlar? Agar Sufyon loaqal bir kungina Abdullohga o‘xshash bo‘laman, deb bor kuch-quvvatini sarflaganda ham aslo bunga qodir bo‘lolmasdi".
Ismoil ibn Iyosh: “Yer yuzida Abdulloh ibn Muborakka o‘xshashi yo‘qdir. Alloh Taalo nimaiki yaxshilik xislatlarini yaratgan bo‘lsa, ularning barchasini Abdulloh ibn Muborakka berganligini bildim”.
Abu Is’hoq al-Fazoriy: "Abdulloh ibn Muborak – barcha musulmonlarning imomidir".
Al-Muayyab ibn Vozih bir suhbatida: "Men Abu Is’hoq al-Fazoriyning Abdulloh ibn Muborakning huzurida odob bilan undan savollar so‘rab o‘tirganlarini ko‘rgan edim. Vaholanki Abu Is’hoq al-Fazoriy Abdulloh ibn Muborakdan yigirma yosh katta edi" deb yozgan edi.[10]
Fuzayl ibn Iyoz: "Undan (Abdulloh ibn Muborakdan) keyin unga teng keladigan olim qolmadi".
Abu Xolid Ahmad: “Sufyon Savriy vafot etganda larzaga kelgan yeru-osmon Abdulloh ibn Muborak vafoti tufayli ham aynan shunday larzaga keldi”.
Salom ibn Muti’: "Abdulloh ibn Muborak o‘zidan keyin butun Mashriqda o‘ziga o‘xshashni voris qoldirmadi".
Abdulloh Ibn Muborakning kotibi Salma ibn Sulaymon Marvaziy, Salmadan shunday hikoya qiladi. Bir muloqot chog‘ida u Ibn al-Muborakka, Abdulloh, deb murojaat qilgan. Shunda unga: "Ibn Muborak", deb uning ismi sharifini to‘liqroq ayt",-deyishgan. Shunda Salma: "Agar Makkada Abdulloh deyilsa, bundan Ibn Abbos tushuniladi, agar Madinada Abdulloh deyilsa, bundan Ibn Umar, agar Kufada Abdulloh deyilsa, undan Ibn al-Muborak ko‘zda tutiladi,-degan.[11]
Ibn Hajar Asqaloniy o‘zining "Taqriyb at-tahziyb" nomli asarida Ibn al-Muborak haqida shunday deydi: "U o‘ta ishonchli, aniq ifodali faqih, alloma, oliyjanob, shijoatli inson, unda barcha ezgulik xislatlari mujassam edi".[12]
Abu Nuaym Ahmad ibn Abdulloh Isfahoniy o‘zining "Hiliyat al-avliyo" ("Avliyolar ziynati") nomli asarida: Ibn Muborakni ushbu so‘zlar bilan zikr qilgan. "Oliyjanob, saxovatli, mushkulotlarni yechadigan, do‘stona ishlardan ozuqlanadigan, Qur’on, haj va din yo‘lida shijoat ko‘rsatishni do‘st tutuvchi, fisqu fasoddan ustun turuvchi, mol-dunyosi barchaga baravar, fe’l-atvori ham, aytgan so‘zlari ham qutlug‘ bo‘lgan shahanshoh Abdulloh ibn al-Muborak roziyallohu anhu".[13]
Uning xalq ommasi orasida obro‘-e’tibori naqadar yuksak bo‘lganligini quyidagi hikoya orqali yaqqol tasavvur qilish mumkin: "Abdulloh Ibn Muborak bir safar Raqqaga kelganlarida, shaharda Horun ar-Rashid[14] hokimiyat yuritardi. Uni kelganini eshitgan odamlar to‘p-to‘p bo‘lib uning orqasidan yuraveradi. Shunda qanchadan-qanchalarining oyoq kiyimlari yirtilib, ko‘chalar changu to‘zonga to‘lib ketadi. Odamlar uning Raqqaga kelishini bayram sifatida nishonlab, atrofida to‘planishib, o‘rab oladilar. Shunda xalifa Xorun ar-Rashidning rafiqasi yog‘ochdan bunyod etilgan xalifa qasrining minorasidan atrofni kuzatib, tomosha qilib turganda, ittifoqo sonsiz-sanoqsiz odamlarga ko‘zi tushib: "bular nima qilib yuribdi?",- deb so‘raydi. Unga: "Raqqaga Abdulloh Muborak ismli Xuroson ahlidan bir olim kelgan, shahar ahli uni shu tarzda sevinchu xursandchilik bilan muborakbod qilayotir",-deb javob qiladilar.
Shunda xalifaning rafiqasi: "Xudo haqqi! Xorun ar-Rashid xalifa emas, haqiqiy xalifa - ana shu kishi. Chunki Horun ar-Rashid odamlarni faqat mirshablar, yordamchilar, qamchiyu, kaltaklar bilan, xohlab-hoxlamagan tarzda to‘playdi",-deb xitob qiladi.[15]
Abdulloh ibn Muborakning vafoti haqidagi xabar xalifa Horun ar-Rashidga yetganda: "Inna lillahi va inna ilayhi roji’un" ("Biz hammamiz Allohga mansubmiz va albatta unga qaytajakmiz") oyatini o‘qib: "Olimu ulamolarning sayyidi (eng ulug‘i, buyugi) vafot etdi", deb o‘tirib aza tutadi va barcha amiru a’yonlariga ham Abdulloh ibn Muborak vafoti munosabati bilan aza tutishlarini amr qiladi.
Mana shu zaylda olimu ulamolar va mujtahid muhaddislar Abdulloh ibn Muborakka hayrat ko‘zi bilan qarab, uni o‘ta oliy darajadagi ilmiy taxalluslar bilan atardilar. Bu e’tirof tavakkaliga aytiladigan sifatlar emas, balki haqiqatan ham Abdulloh ibn Muborak jamiy musulmonlarning imomi edilar.
U zot barcha iqtido qiladigan imom bo‘libgina qolmay, balki hadis ilmida mu’minlarning amiri ham edilar. Shu bois ulamolarning Abdulloh ibn Muborak haqlarida aytgan gaplari samimiy va ayni haqiqatdir.
Alloh taolo Abdulloh ibn Muborak singari fidoiy ulamolarimizdan rozi bo‘lsin! Bizlarga ham ularga munosib avlod bo‘lish baxtini nasib qilsin!
[1] Muhammad Usmon Jamol “Abdulloh ibn Muborak.( Buyuk donishmand) Arab tilidan tarix fanlari doktori, professor Ubaydulla Uvatov tarjimasi Imom Buxoriy xalqaro markazi - 2009"