O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

ABDULLOH IBN MUBORAK BARCHA ULUG‘LIKLARNI O‘ZIDA JAMLAGAN IMOM

 
 

Abdulloh ibn Muborak Abu Abdurrohman hamma ulug‘liklarni o‘zida jamlagan imomdir. Uni zikr qilinishi bilan rahmat nozil bo‘lib, uni yaxshi ko‘rishlik bilan Allohning mag‘firati umid qilinadi.

Imom Navaviy[1]

Biz quyida yuqorida zikri o‘tgan Abdulloh ibn Muborak va u zotning dengizdan tomchi bo‘lsada yaxshi fazilatlari haqida ma’lumot beramiz. Shoyadki Imom Navaviy aytganlaridek, uni zikr qilinishi bilan rahmat nozil bo‘lib, uni yaxshi ko‘rishlik bilan Allohning mag‘firati umid qilinsa.

Ilm, ustuni yo‘q uyni ham yuksaklarga ko‘taradi. Johillik esa sharaf va nasab uyini ham vayron qiladi. Darhaqiqat ilm asl nasabi qul bo‘lgan kishilardan ko‘pchiligini sharaf ahlining darajasiga ko‘tardi. Ular ilm sababli asrning yetakchilariga, fikrlar bilimdoniga aylandilar.

Insonlarning nasl-nasabining nisbati otalariga, bobolariga berilsa, ularning nasabi ilmning azizligiga ma’rifatning sharafiga nisbat berildi. Ilm sababli nasabi musharraf bo‘lgan shunday kishilardan biri Abu Abdurahmon Abdulloh ibn Muborak ibn Vozih al-Marvaziy al-Hanzaliydir. Ulamolar u kishining to‘liq ismi sharifida shunga ittifoq bo‘lishgan. Ulamolarning ba’zilari u kishiga nisbat berishda faqat otalarini ismi bilan kifoyalangan.

Abdullohning otasini ismi Muborak bo‘lib, turkiy qavmdandir. Muborak Hamazonning bani Hanzala qabilasidagi bir kishining quli bo‘lgan.

Abbos ibn Mus’ab deydilar: "Marvdan qullar naslidan to‘rt kishi yetishib chiqdi, ularning har biri o‘z asrining yetakchi imomi bo‘lgan, ular; Abdulloh ibn Muborak (Muborak qul bo‘lgan), Ibrohim ibn Maymuna as-Soig‘ (Maymuna qul bo‘lgan), Husayn ibn Voqid (Voqid qul bo‘lgan), Abu Hamza Muhammad ibn Maymuna as-Sukariy (Maymuna qul bo‘lgan)".[2]

Abdullohning bobosi Vozih haqida biror manbada xabar keltirilmagan. Al-Marvaziy so‘zi u kishining asli Marvlik ekanligiga ishoratdir. Al-Hanzaliy so‘zi bani Hanzala qabilasidagi voliysiga ishoratdir.

Ulamolar ibn Muborakning tavalludining sanasida ixtilofli bo‘lganlar. Ubdon ibn Usmon, men ibn Muborakning: "119 hijriy sanada tug‘ilganman" – deb aytayotganini eshitganman deydi.

Imom Ahmad ibn Muhammad ibn Hanbal va Abu Hafs Amr ibn Ali al-Bohiliy: "Abdulloh ibn Muborak 118 sanada tug‘ilganlar" – deydilar.

Jamoliddin Abdul-Mahosin ibn Tog‘iriy: "Ibn Muborak hijriy 110 sanada tug‘ilganlar" – deydilar.

Bu ma’lumotlarning eng ishonchlirog‘i ibn Muborakni 118 hijriy sanada tug‘ilganligidir, chunki manbalarda u zot 63 yoshida 181 hijriy sanada vafot etganligi qayd qilingan. Bu ma’lumotni Muhammad ibn Abdulloh ibn al-Musanno ibn Anas ibn Molik al-Ansoriy Abdulloh ibn Muborak tug‘ilgan yili tug‘ilganligi to‘g‘risidagi xabar ham quvvatlaydi. Muhammad ibn Abdulloh ibn Musanno esa 118 hijriy sanada tavallud topgan. Abdulloh ibn Muborakni hozirgi Xurosonning Marv shahrida tug‘ilganligiga ulamolar ixtilofsiz ittifoq bo‘lishgan.

Abdulloh ibn Muborakning oilasi haqidagi ma’lumotda Abdullohning otasi Muborak, ulug‘ siymoli, nihoyatda taqvoli bo‘lganligi, shu sababdan mavlosi o‘z qizini unga berganligi va ulardan taqvoni meros qilib olgan o‘g‘li Abdulloh tug‘ilganligi aytiladi.

Manbalarda kelishicha Muborak o‘z mavlosini ya’ni xo‘jasini bog‘ida ishlagan va u joyda uzoq muddat turib qolgan. Bir kuni mavlosi kelib unga: "Shirin anor yemoqlikni hohlayman" – deydi. Muborak bir daraxtdan anor keltirib beradi. Mavlosi uni yorib ko‘rganda xom chiqadi.

– "Shirin anor so‘rasam menga pishmagan anorni keltiribsan, shirin anor keltir" – deydi. Muborak daraxtdan boshqa anor keltiradi. Mavlosi uni yorib ko‘rganda yana xom bo‘lib chiqadi. Mavlosini bundan g‘azabi keladi. Bu holat uch bora takrorlanadi. Shundan so‘ng Muborakka mavlosi: "Pishgan anor bilan pishmaganini ajrata bilmaysanmi?" – deydi. Muborak: "Yo‘q" – deb javob beradi. Mavlosi: "Qanaqasiga ajrata bilmaysan, buni tushuntirgin" – deydi. Muborak: "Chunki men mevalardan birortasini ham totib ko‘rmaganman, totib ko‘rganimda bilar edim" – deb javob beradi.

Mavlosi: "Nima uchun totib ko‘rmagansan" – deganida, Muborak: "Chunki siz menga bu uchun ijozat bermagansiz" – deb javob beradi.

Shu so‘zlardan haqiqatni anglab yetgach, ko‘z oldida ulug‘ bir inson turganligini tushunib yetadi. Uning balog‘atga yetgan bir qizi bor edi. U Muborakka qarab: "Ey Muborak, mana bu qizimga seni uylantirib qo‘ysam nima deysan?" – deb o‘z qiziga uylanishni taklif etadi.

Muborak: "Johiliyat davrida ahli-ayolga nasabi uchun, yahudiylar molu davlati uchun, nasorolar husni-jamoli uchun uylanishgan. Bu ummat esa ayolga dini uchun uylanadilar" – deb javob beradi.

Muborakning bu javobi mavlosini lol qoldiradi. Qizining onasiga bu haqda so‘zlaydi va qizi uchun Muborakdan boshqa juftni loyiq ko‘rmasligini aytib qizini Muborakka turmushga beradi.

Ulardan Abdulloh dunyoga keladi va o‘sib ulg‘ayib, o‘z otasiga bu faxrli tojni kiygizadi.[3]

Bu xabarlardan diqqatni qaratish lozim bo‘lgan tomoni Muborakni mavlosi Bani Hanzala qabilasiga mansub arab bo‘lgan, Abdulloh ibn Muborakni onasi esa Xorazmlik bo‘lgan. Manbalarning aksariyati Abdulloh ibn Muborakni onasi Xorazmlik bo‘lganligini tasdiqlaydi. Bu manbalar ichida Abdurahmon ibn Oli ibn al-Juziyning Hasan ibn Ali ibn Shaqiqdan keltirgan ma’lumoti alohida ajralib turadi.

Hasan ibn Ali: "Ibn Muborakni onasi turkiy bo‘lgan. Bunga shubha qiladiganlarga aniq dalillar bor” – deydi.

Darhaqiqat, Abdulloh ibn Muborak yuqorida zikr qilganimizdek ilm sababli asrning yetakchilariga, fikrlar bilimdoniga aylangan, ilmning oliy chuqqilarini zabt etgan fazilatli olimdir.

Quyida biz, u zotning ibratga to‘la, mazmunli hayotlaridagi ba’zi jihatlariga e’tiborni qaratmoqchimiz.

Abdulloh ibn Muborak, Allohdan taqvo qilish borasida ushbu:

“Albatta sizlarning Alloh nazdidagi eng hurmatlirog‘ingiz taqvodorrog‘ingizdir.”[4] oyati karimasiga, hamda o‘zining havoi-nafsiga qarshi kurashishda Alloh taoloning: “Endi kim (hayoti-dunyodalik paytida Qiyomat kuni mahshargohda) Parvardigorining (huzurida) turishi (U zotga hisob-kitob berishi)dan qo‘rqqan va nafsini havoyi xohishlardan qaytargan bo‘lsa u holda faqat jannatgina (uning uchun) joy bo‘lur.”[5] oyatiga qattiq amal qilib, pirovardida nafsini Alloh taoloning toatiga bo‘ysunishga rozi qilgan ulug‘larimizdan birlaridir.

Albatta, Qur’on haq va rostdir. Kimiki unga chin ixlos ila amal qilsa, dunyo va oxirat saodatiga musharraf bo‘ladi.

Shubhasiz, Abdulloh ibn Muborakning hudojo‘y va fazilatli bo‘lib ulg‘ayishiga avvalambor otalarining, qolaversa ustozlarining ta’siri katta bo‘ldi. Bu haqda ibn Xallikon: “U nihoyatda taqvodor edi” – degandi.[6]

Uning taqvodor, xudojo‘y va shubhalardan uzoq bo‘lib shakllanishida ustozlari: Sufyon Savriy, Molik va Abu Hanifaning ta’siri salmoqlidir. Ustozlaridan Vuhayb ibn Vard bu borada ularning eng avvalgisi edi. Chunki u nihoyatda parhezkor, taqvodor banda bo‘lib, u haqida ko‘plab mav’iza va ibratli so‘zlar bordir.

Sufyon Savriy ham qachonki odamlar bilan so‘zlashib bo‘lgach: “Bizni yaxshi kishi, ya’ni Vuhaybga qarab to‘g‘irlanglar” – der edi.[7]

Ibn Muborak ham ko‘plab hadislarni undan rivoyat qilar, uning mav’izalaridan va xushmuomalaligidan ta’sirlanardi. U haqida: “U so‘zlardi va shu bilan birga, ko‘z yoshlari ham yuziga tomchilab turardi.” – der edi.[8]

Undan ko‘p foyda ko‘rganligi va uning so‘zlaridan qattiq mutaassir bo‘lganligini eslab, uning zuhd-taqvosi, o‘zini tiyishi haqida aqlni lol qoldiruvchi voqealarni hikoya qilib, shunday dedi: “Menga hamsuhbatlar ichida Vuhaybdan-da manfaatlisi bo‘lmagan. U mevalarni iste’mol qilmasdi. Yil oxir bo‘lib mevalar tugab ketgach, qornini ochib unga qarab: “Ey, Vuhayb, sen mevalarni tark qilganing uchun hech bir zarar ko‘rganingni ko‘rmapyapman”, – der edi.[9]

Darhaqiqat, tarix zarvaraqlarida, ibn Muborakning taqvolari haqida ajoyib xotiralar saqlanib qolgan. U: “Albatta, shubhali bir dirhamni qaytarishim, yuz minglab, hattoki olti yuz ming dirhamni sadaqa qilmog‘imdan yaxshiroqdir”, – der edi.[10]

Yana uning so‘zlaridan: “Albatta haloldan topilgan bir dirhamni sadaqa qilmog‘im, men uchun shubhali oltmish dirhamni sadaqa qilmog‘imdan yaxshiroqdir.”[11]

U: “Ish, Dovud at-Toiy qilgan ishdir” – der edi.[12] Ya’ni Dovud at-Toiy, qorinlariga faqatgina o‘zlari bilgan, halol taomlarnigina istemol qilgan va illo tuproq bilan to‘ldirgan o‘n kishining birlaridir.[13]

Bu ibn Muborakning taqvolari haqidagi so‘zlardir. Tezda u kishining fe’llari ya’ni qilmagan ishini gapirmaydigan, o‘zi itoat qilmaydigan ishini buyurmaydigan va o‘zi qaytmaydigan ishidan qaytarmaydigan kishilar toifasidan ekanligini ko‘ramiz.

Uning xudojo‘yligini bayon qilishdan oldin, uning taqvosi qanday ekanligi va taqvoli mu’min qanday bo‘lishi lozimligiga dalolat qiluvchi so‘zlarini keltiramiz. U: “Agar kishi yuzta narsadan o‘zini saqlab, ehtiyot bo‘lsayu, bittasidan saqlanmasa, u taqvodor-parhezkor emasdir. Kimdaki johillikdan bir xislat bo‘lsa, bas u johillar (guruh) zumrasidandir”.

Alloh taoloning, Nuh (a.s.)ga aytgan ushbu so‘zini eshitmadingmi? “Albatta, Men senga johil-nodonlardan bo‘lmaslikni buyuraman.” [14] Bunday inson, Abdulloh ibn Muborak nazdida taqvoli insondir. Abdullohning o‘zining taqvosi ham shunday edi. Uning taqvo va parhezkorligi haqida shunday hikoyalar keltiriladi. “U o‘zi hohlab turgan taomdan do‘stlari ham qo‘shilib yemagunlaricha totib ham ko‘rmasdi. Agar biror bir taomni yemoqchi bo‘lsa, biror kishini mehmonga aytar va u bilan birga o‘sha taomdan tanavvul qilardi.” Bu xususda Avzoiyning ushbu so‘zlarini eslar edi. U: “Uch taom xususida; saharlik va iftorlik uchun hozirlangan hamda mehmon uchun tortilgan taom uchun hisob yo‘qdir.” – der edi.[15]

Agar xizmatkorlari mollarni sotayotgan vaqtida Nabi Sallollohu alayhi va sallamga salovat aytib sotgan bo‘lsa, u molning pulidan ovqatlanmas edilar va unga: “Sen Rasululloh Sallollohu alayhi va sallamga salovat aytib, u zot Sallollohu alayhi va sallamni ko‘klarga ko‘tarding, bu sababli o‘zing ham maqtalding va odamlar sening narsalaringni sotib oldilar” – der edilar.[16]

U Marvdagi jome masjidda faqatgina juma namozini o‘qir, nafl ibodatlarni esa u masjidda ado qilmasdi. Chunki uning fikricha Abu Muslim undan bir qismini g‘asb qilib olgandi.[17]

Abdullohning opa-singillari bor edi. Ularning otalarining Marvda bir bog‘i bo‘lib, uni Abdullohga tuhfa qilgandi. Abdulloh ulg‘ayib, balog‘at yoshiga yetgach ilm ahllari bilan hamsuhbat bo‘lib, o‘zi ham tolibi ilm bo‘ldi. Kunlardan bir kuni Abdulloh opa-singillarining yoniga kelib: "Otamiz bu bog‘ni sizlarga bermasdan, faqatgina mening o‘zimgagina tortiq qilib, o‘ziga munosib bo‘lmagan ishni qildi. Otasi tortiq qilgan kishilar ichida, bu bog‘ga mendan ko‘ra haqliroq kishi yo‘q, chunki u mening bog‘imdir. Endi men bu bog‘ni Alloh azza va jallaning kitobiga muvofiq o‘zaro o‘rtamizda taqsimlanishi uchun qaytaraman, sizlar otamiz qilgan ishni tuzatmoqligiga ijozat beringlar”, – dedilar. Opa singillari: "Senga ham, otamizga ham bu bog‘ning tasarrufoti uchun ijozat. Bu bog‘ otamiz senga hadya qilganlaridek, sen uchun haloldir", – dedilar. U: “Yo‘q, bu bog‘ni o‘rtamizda meros qilib taqsimlanishiga ijozat beringlar”,– dedilar. Ular ruxsat berdilar. Shundan so‘ng Abdulloh uylanib, bir o‘g‘il farzand ko‘rdi. Opa-singillari o‘z ulushlarini uning o‘g‘liga hadya qildilar. U farzand ham vafot etdi va Abdulloh farzandining ulushini merosxo‘r sifatida qabul qildi. Bog‘, otasi berganidek yana Abdullohga qaytib keldi.[18]

Tafakkur qiladiganlar uchun bunda ibrat va nasihatlar bordir. Agar inson Allohning haqqini bilib, shubhalardan parhez qilsa, albatta, uning rizqi kamaymaydi. Ibn Muborak, qiyomat kunida Allohning azobidan najot topishligi uchun jiddi-jahdini ayamasdi. U zotning kishilarni taajjubga soladigan taqvodorliklaridan biri, u Shom diyorida bir kishidan qalamini foydalanib turish uchun olib, qalamni egasiga qaytarishni unutib, Marvga keldilar. Qarasalar, qalamni o‘zlari bilan olib kelibdilar. Bas, Shomga qaytib bordilar va qalamni egasiga qaytardilar.[19]

Bir kishi unga: “Bu kitobni men uchun ko‘tarib eltib ber”, – dedi. U: “Sen uchun bir tuyakashni yollayman va uning ijara haqini ham o‘zim to‘layman”, – dedilar.

Hech qanday og‘irligi bo‘lmagan kitobga nisbatan u kishining hurmat-e’tibor ila qilgan muomala, xudojo‘yliklariga qara!!!

Bu, u zotning taqvolariga keltirilgan misollar shodasidan bir tugun bo‘lib, undan bir bob ochilsa, boshqalari ham unga ergashib ochilib ketaveradi.[20]

Rivoyat qilinishicha, u kishi keng bir dala uzra safarga chiqdilar. Daryoga yetgach otdan tushib, nayzalarini yerga qadadilar va otni unga bog‘lab qo‘ydilar. Tahorat olib namozga kirishdilar. Salom bergach qarasalar, otlari birovning ekinzorida o‘tlab yurgan ekan. “U haromdan ozuqlandi, endi u bilan g‘azotga chiqish durust emas.” – deb otni ekin egasiga qoldirib, boshqa ot sotib oldilar va u bilan yo‘llarida davom etdilar.[21]

Mana shu, dini salomat bo‘lishi uchun dunyosidan zarar ko‘rsa ham parvo qilmaydigan, hisob kunidan xavfsiragan, xudojuy Ibn Muborakning taqvosidir. Bu Rasululloh Sallollohu alayhi va sallam o‘z hadislarida marhamat qilgan kishidir. Rasululloh Sallollohu alayhi va sallam marhamat qildilar:

“Zararlik narsadan ehtiyotkor bo‘lib, bezarar narsalarni ham tark qilmagunicha, kishi taqvodor bo‘la olmaydi.” (Termiziy rivoyati)

Imom Ahmad, Ibn Muborakning taqvosi haqida gapirsa, u: “Dahaqiqat, Alloh uni shunday ulug‘ darajaga ko‘tardi”, – der edi.[22]

Ibrohim ibn Shammos: “Agar orzu qilsam, Ibn Muborakning aqli va taqvosini orzu qilar edim”, – der edi.[23]

Ibn al-Muborak o‘zlarini, Allohdan jannatni so‘rab iltijo qilishga noloyiq deb hisoblardilar. Bir kun as’hoblari oldiga chiqib: “Bas, kecha men, jur’at qilib Allohdan jannatni so‘radim”, dedilar.[24] Abdulloh ibn Muborak g‘azotdan qaytayotib, “Hita” shahriga yetganlarida 181-hijriy sananing ramazon oyida 63 yoshlarida vafot etdilar va o‘sha joyda dafn qilindilar.[25]

Allohim, Abdulloh ibn Muborakni o‘z rahmatingga olgin va undan rozi bo‘lgin. Bizlarga ham o‘tgan ulug‘ allomalarimizning hayotlaridan ibrat olib yashamoqlik baxtini nasib qilgin. Biz ularni faqatgina Sen uchungina yaxshi ko‘rdik, Sen ham bizlarni taqvodor olimlaring shafoatidan bebahra qilmagin!

 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing