Yaxshilik ham, yomonlik ham – imtihon
Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Zayniddin ESHONQULOV bilan suhbat
– Assalomu alaykum domla. Ayni kunlarda butun insoniyat bir sinovdan o‘tmoqda. Yuqumli kasallik tarqalishining sabablarini har kim har xil talqin qilayotgani sir emas. Xo‘p desangiz, shu haqda suhbatlashsak...
– Va alaykum assalom va rahmatulloh. Dunyodagi barcha yaxshilik va yomonlik ma'lum o‘lchovga binoan, Alloh xohlagan sabablarga ko‘ra sodir bo‘ladi. Insonga biror musibat yetsa, bu avvaldan taqdir qilingan narsadir. Inson buning uchun qayg‘u chekib, o‘zini qiynamasligi lozim. Chunki taqdirda bor narsa, u xohlasa ham, xohlamasa ham, sodir bo‘lishi muqarrar. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Xoh yerga va xoh o‘zlaringizga biror musibat yetsa, Biz uni paydo qilishimizdan ilgari Kitobda (Lavhul-mahfuzda bitilgan) bo‘lur. Albatta, bu Allohga osondir. Toki, sizlar qo‘llaringizdan ketgan narsaga qayg‘urmagaysiz va (Alloh) ato etgan narsa bilan shodlanib (havolanib) ham ketmagaysiz...” (Hadid surasi, 22–23-oyatlar).
Boshqa bir oyati karimada: «Biz sizlarni yomonlik bilan ham, yaxshilik bilan ham sinab, imtihon qilurmiz. (Keyin) Bizning huzurimizgagina qaytarilursiz” (Anbiyo surasi, 35-oyat), deb xitob qilingan.
Demak, dunyodagi yaxshilik ham, yomonlik ham, aslida, imtihon ekan. Haqiqiy mo‘min qiyinchiliklarni sabot bilan qarshi oladi, uni Alloh tarafidan yuborilgan sinov deb biladi. Chuqurroq o‘ylab ko‘rilsa, albatta, har bir qiyinchilik ortida ajoyib hikmatlar yotadi. Shunday paytda g‘ofil kishi xafa bo‘ladi, o‘zini har yonga uradi, g‘am-g‘ussaga botadi. Birovlarni ayblaydi. Ammo oqil kishi Alloh taolo tarafidan yuborilgan bu qiyinchilik orasidan ham o‘ziga yaxshilikni topishga urinadi, sabr qiladi. Shuning uchun Qur'on sabrga katta ahamiyat berib, uni maqtagan, obro‘sini ko‘targan va sabrli kishilarni “juda ham ajoyib kishilar” deb atagan. Sabr Qur'oni karimning 70 joyida zikr qilingan. Boshqa hech qanday fazilat bu miqdorda zikr qilinmagan. Alloh taolo sabrlilarni yaxshi ko‘radi va Qur'oni karimda aytadi: «Albatta, sabr qilguvchilarga ajrlari hisobsiz, to‘liq berilur» (Zumar surasi, 10-oyat).
– Shu yil mart oyida yurtimizda karantin cheklovlari joriy qilindi. Bunday paytda muhtojlarga yordam berish ulug‘ va savobli amallardandir...
– Ha, bunday savobli ishlarda muhtaram Yurtboshimizning o‘zlari namuna ko‘rsatdilar. Aziz yurtdoshlarimiz ham bunday sinovli kunlarda saxovat ishlariga yanada mustahkam bel bog‘lashsa, savob ustiga savob bo‘lishi shubhasiz. Zero, imkon bor paytda xayr-saxovat ishlarini amalga oshirish zarur. Fursat o‘tganda bu savobdan mahrum bo‘lib qolish xavfi ham mavjud. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: «Sadaqa qilinglar! (hali bir vaqtlar keladiki), bir kishi sadaqasini ko‘tarib yursa, u (sadaqa) beriladigan bo‘lgan odam: “Buni kecha olib kelganingda, sendan olishim mumkin edi. Ammo endi mening unga hojatim yo‘q”, deydi. Shunday qilib, uni qabul qiladiganni topa olmaydi» (Horisa ibn Vahb roziyallohu anhudan).
Sadaqa, xayr-ehson qilish taqvo, zohidlik va tariqat yo‘lida yurgan bandaning ishidir. Ayniqsa, o‘zi o‘ta boy bo‘lmay turib, topganidan sadaqa qilish katta savob. Zero, “sadaqa” so‘zi tasdiq ma'nosini anglatib, bandaning imonini tasdiqlashga xizmat qiladi.
– Mo‘min kishi farovonlik va tanglik damlarida qay maqom, darajada bo‘lmasin, o‘zini chin bandalik yo‘lida tutishi kerak. Buning bosh omili nimada deb o‘ylaysiz?
– Muqaddas dinimizda shukrga buyuk ibodat sifatida qaraladi. Bandalarini hamisha va har qachon shukr qilishga buyurgan Rabbimiz “...albatta, Alloh shukrni qabul etuvchi, dono zotdir”, (Baqara surasi, 158-oyat) deya eslatma beradi. Bu esa banda qilgan ozgina amalga ham ko‘p savob berish bilan uni mukofotlaydi, deganidir. Bizdan talab nima ekan, behisob ne'matlarga shukrona aytish, bari Allohdan ekanini e'tirof qilish ekan. O‘ylab ko‘raylik, hayotimiz cheksiz-chegarasiz moddiy-ma'naviy ne'matlar bilan o‘ralgan. Ilm-ma'rifat, sog‘lik, mol-davlat, farzand, qadr-qimmat singari in'omlar bilan siylanganmiz. Bularning barchasi tafakkur va tadabbur qilishga undaydi. Ne'matning shukrini unutish, musibat yetganda umidsizlikka uchrab, tug‘yonga ketish zaif va irodasizlar ishidir. Mo‘minga xos bo‘lgan xislat xursandchilikda shukr qilib, musibat yetganda sabr qilishdir. Inson hayoti davomida duch keladigan har qanday holatni o‘zining foydasiga burishi, undan dunyo va oxirati uchun foyda olishi mumkin.
Suhayb roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: “Mo‘minning ishi ajoyib. Uning barcha ishi yaxshilikdir. Bu faqat mo‘min uchungina xosdir. Agar unga xursandchilik yetsa, shukr qiladi, buning uchun unga yaxshilik bo‘ladi. Agar unga zarar yetsa, sabr qiladi, buning uchun unga yaxshilik yetadi” (Imom Muslim rivoyati).
«Qasamki, agar (bergan ne'matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordiyu noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir» (Ibrohim surasi, 7-oyat). Demak, yaxshiliklar bardavom bo‘lishi ham shukronamizga bog‘liq.
– Darhaqiqat, Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan quyidagi o‘gitlar rivoyat qilingan: “Ne'mat shukrga bog‘langan. Shukr esa ziyoda bo‘lish bilan aloqador. Har ikkisi teng biriktirilgan. Banda shukrni to‘xtatmasa, Alloh ziyoda qilishni to‘xtatmaydi”.
– Shukr qilish ham o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi, balki o‘zidagi moddiy va ma'naviy ne'matlar haqida ko‘p mulohaza qilish, ular berilgan taqdirda qanday holatda bo‘lishini tasavvur etish, o‘zidan qashshoqroq, qiynalganroq kishilarni yodga olish insonni o‘zidagi ne'matlar uchun Allohga shukr qilishga undaydi. Bu ishi in'om etuvchiga ham manzur bo‘ladi. Natijada ne'matning yanada ziyoda bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Aksincha, noshukrlik, nonko‘rlik kabi holatlar in'om etuvchida g‘azabiga sabab bo‘lishi mumkin.
Hasan Basriy aytadi: “Alloh xohlaganicha ne'mat berishi mumkin. Agar ne'matga shukr qilinmasa, uni azobga aylantiradi. Shuning uchun shukrni “saqlovchi” deb nomlashgan. Chunki u bor ne'matlarni muhofaza qiladi. Yana uni “jalb” qilguvchi ham deyishgan. Chunki u yo‘q ne'matni jalb qiladi”.
Shaqiq Balxiy bir kishidan: “Ey birodar, menga kengchilik va tanglikdagi holatingizni sifatlang-chi?” deb so‘radi. U: “Biz berilsa, shukr qiladigan, to‘silsa, sabr qiladigan qavmmiz”, deb javob qaytardi. Shaqiq: “Bu Balx itlarining holi-ku”, dedi. Haligi kishi ajablanib: “Unda sizlarning kengchilik va tanglikdagi holatingiz qanday?” deb so‘radi. Shaqiq bunga: “Biz to‘silsa, sabr qiladigan, berilsa, shukrini qilib boshqalarga ham ulashadigan qavmmiz”, deb javob qaytardi.
Xulosa – shu, qazo va qadarga imon keltirgan inson boshqalardan ayb, xato qidirmasdan ne'matlarga shukr, gunohiga istig‘for aytib, duolarda bardavom bo‘lishi lozim.
Abdulatif ABDULLAYEV
suhbatlashdi.
“Hidoyat” jurnalining 7 sonidan olindi.
Kiritilgan vaqti: 03/10/2020 09:45; Ko‘rilganligi: 1406
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 09:39