Ulomolarimizning tashriflari davom etmoqda
Targ‘ibot guruhi Samarqand viloyatiga tashrifining ikkinchi kuni xaftaning muborak juma kuniga to‘g‘ri keldi. Guruh a'zolari viloyatning Urgut, Tayloq, Bulung‘ur va Jomboy tumanlarida bo‘ldilar. Targ‘ibotchilar mazkur tumanlardagi bir nechta qurilayotgan va yaqinda foydalanishga topshirilgan jome' masjidlarda bo‘lishib, mohiyatan ezgu amallarga bag‘ishlangan turli mavzularda ma'ruzalar qildilar va peshin namozini jamoat bilan birga ado etdilar
Toshkent shahri “Siroji Solih” masjidi imom-xatibi H.Qodirov, Toshkent shahar Yakkasaroy jome' masjidi imom-xatibi S.Toshanovlar Bulung‘ur tumani “Olomon” jome' masjidi imom-xatibi A.Murodov hamrohligida viloyatning Bulung‘ur tumaniga yo‘l olishib, dastlab tumandagi “Amir Hamza” jome' masjidi qurilishi ishlari bilan yaqindan tanishdilar. Mehmonlar qurilishi deyarli yakuniga yetayotgan masjidda namozxonlar uchun yaratilishi nazarda tutilgan sharoitlar bilan qiziqishdi. Masjid ma'muriyati bilan bo‘lib o‘tgan qisqa muloqot chog‘ida respublikamizda kishilar e'tiqod erkinligining to‘la kafolatlanayotgani masjid va madrasalarning batamom ko‘rkam qiyofa kasb etishiga asos bo‘lib xizmat qilayotgani ta'kidlandi. Shuningdek, ulamolar tumandagi “Amir Hamza” va “Oqtepa” jome' masjidlarida peshin namozini ado etdilar.
Bulung‘urda bo‘lib turgan targ‘ibot guruhi vakillari tumandagi kam ta'minlangan oilalar xonadonlariga kirishib, ehson hadyalarini tarqatishdi. Duolar qabul bo‘ladigan muborak juma kungi xayrli amal uchun xonadon sohiblari uzundan uzun duo qildilar.
Tashrif doirasida ulamolar Bulung‘ur dehqon bozorida bo‘ldilar. Bozor ma'muriyati va tadbirkorlar bilan bo‘lgan muloqotda mehmonlar savdo uchun yaratilgan sharoitlarni yanada yaxshilash borasidagi takliflarini berishdi.
Targ‘ibot guruhi vakillari Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosari A.Yunusov, Toshkent shahri Yashnobod tumani bosh imom xatibi F.Allayorov va Toshkent shahar “Minor” masjidi imom-xatibi F.Ubaydullayevlar Samarqand shahar Ruhobod masjidi imom-xatibi T.Amirov hamrohligida Tayloq tumaniga borishdi. Targ‘ibotchilar tumandagi “Jumabozor”, “Toyloq ota”, “Yastepa” va “Madaniyat” jome' masjidlariga tashrif buyurishib, masjidlar xodimlari bilan qizg‘in muloqotda bo‘ldilar.
Targ‘ibot guruhining Tayloq tumanidagi vakillari tumandagi ehtiyojmand oilalar holidan xabar oldilar. Mehmonlarning ushbu iltifotidan kamxarj xonadonlar sohiblari mamnun bo‘lishdi.
Mehmonlar shuningdek, tumandagi “Charog‘bon” mahallasi qabristoniga ham borib, bu yerdagi obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari bilan tanishdilar. Marhumlar xotirasiga bag‘ishlab Qur'on tilovat qilindi.
Toshkent shahar Yunusobod tumani bosh imom-xatibi R.Sayfuddinov va Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Z.Eshonqulovlar targ‘ibot guruhidagi faoliyatni amalga oshirish maqsadida Urgut tumanida bo‘ldilar. Ular dastavval tumanda joylashgan Respublikamizdagi eng yirik masjidlardan biri – “Urgut markaziy” jome' masjidiga tashrif buyurishib, jamoat bilan peshin namozini ado etishdi. Mazkur masjid joriy yilda foydalanishga topshirilgan bo‘lib, zamon talablari asosida jihozlangan va bir vaqtning o‘zida10 ming namozxonga xizmat ko‘rsatadi.
Targ‘ibot guruhning asosiy vazifasi jamoat orasida mamlakatimizda olib borilayotgan diniy-ma'rifiy islohotlar samaralari, dinimizning ezgulik g‘oyalarini keng targ‘ib etishdan iborat. Guruhning Urgut tumanida bo‘lib turgan boshqa bir vakillari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari M.Komilov Ismoil Muhammad Sodiq Toshkent shahri “Shayx Muhmmad Sodiq Muhammad Yusuf” masjidi imom-xatibi, Toshkent shahar “Bo‘ta buva” jome' masjidi Ziyovuddin domla Mirsodiqov hamda Samarqand viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari X.Sattarovlar tumandagi “Shayx Muhiddin” va “Chubin”jome' masjidlarida “Qalb islohoti – buyuk tarbiya” mavzusida ma'ruza qildilar. Notiqlar qadimdan zahmatkash, har bir maqsadiga sabr-matonat va mashaqqatli mehnati bilan erishib kelayotgan xalqimiz e'tiqod bobida mustkahkam tayanchga ega ekanini ta'kidlashdi. Shunday ekan, tarbiyani qalbni isloh etishdan boshlash lozimligi, halovatga ko‘ngil, tana va ruhni pok tutish orqali erishilishi jamoatga ta'sirchan tarzda yetkazildi.
Targ‘ibot guruhi tarkibida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari X.Ishmatbekov, O‘MI raisi o‘rinbosari I.Inomov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining maslahatchisi S.Sharipov va O‘MI kadrlar bo‘limi boshlig‘i E.Esanovlar mazkur tumandagi “Bogishamol”, “Domla Qurbon”, “G‘ovsil A'zam”va “Mulla Bobomurod” jome' masjidlariga tashrif buyurishdi. Mehmonlar qurilishi davom etayotgan “Bogishamol” jome' masjidida olib borilayotgan ishlar yuzasidan tegishli tavsiyalarini berdilar. Shundan so‘ng ulamolar jamoat bilan birga peshin namozini ado etdilar. Guruh vakillari targ‘ibot tadbirlari doirasida kam ta'minlangan oilalarda ham bo‘lishib, xayriya sovg‘alarini ulashdilar. Jumladan, tumandagi ikkita kam ta'minlangan va boquvchisidan ajralgan oilalar vakillariga ona-bola sigir va bir dona buzoq hadya etildi.
Targ‘ibot guruhi a'zolari Toshkent shahri Chilonzor tumani bosh imom-xatibi E.Rustamov, Toshkent shahar “Islomota” masjidi imom xatibi Y.Karimov va Samarqand shahar “Lahutiy” jome masjidi imom-xatibi O‘.Umirqulovlar Jomboy tumaniga tashrif buyurishdi. Mehmonlar tumandagi “Ibrohim ota” va “Islomobod” jome' masjidlarida bo‘lishib, namozxonlar bilan dildan suhbat qurishdi.
Ulamolar tashrifining ikkinchi kuni nisbatan samarali o‘tdi. Chunki, muborak juma kunining fazilatlari sirasida masjid sari tashlangan har bir qadam nafl ro‘za va ibodat qilganga tenglashtiriladi, deyilgan. Tashriflarda odamlarning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini oshirish, muhtojlar ko‘nglini olish, masjidlar qurilishi ishlarida zaruriy tavsiyalar berish va umumiy jihatdan mamlakatimizda olib borilayotgan diniy-ma'rifiy islohotlar ko‘lamini keng targ‘ib etishga asosiy e'tibor qaratildi.
Ulamolarning Samarqand viloyatiga tashrifi davom etmoqda.
O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati
Kiritilgan vaqti: 23/07/2021 18:00; Ko‘rilganligi: 1579
Chop etilgan vaqti: 10/10/2025 22:05