TAMAL TOSHI QO‘YILDI
Allohga beadad shukrki, yurtimizdagi ikki mingdan ziyod masjidlarimiz kundan-kunga obod bo‘lmoqda. Ko‘p masjidlar zamonaviy shaklda ta'mirlanib, chiroyli va qulay holatga keltirilmoqda. Xalqimiz bunday jome masjidlarda ibodatlarini xotirjam ado etayotganlaridan mamnunlar.
Bu kabi xayrli ishlar diniy qadriyatlarimizga bo‘lgan ulkan e'tiborning natijasidir. Masjidlarni obod etish hamda ularni ta'mirlash ulug‘ savobli amallardandir.
Ayni damda Samarqand viloyat bosh imom-xatibi Z.Eshonqulov Qo‘shrobot tumanidagi “Domla Kamoliddin Ohun”, jome masjidi poydevoriga birinchi tamal toshini qo‘yib berdi.
Viloyat bosh imom-xatibi Z.Eshonqulov masjid ko‘rkam, barcha talab va ehtiyojlarga mos bo‘lishiga doir fikr-mulohazalarini bildirib, ayniqsa, namozxonlar uchun masjid kutubxonasini tashkil etish va tashrif buyuradigan nufuzli dunyo ulamolari, martabali mehmonlar bilan o‘zaro muloqot o‘tkazish uchun munosib shart-sharoitlar hozirlashni ta'kidladi.
Shu kunning o‘zida Juma kunida qilingan duolarning ijobati o‘laroq, Samarqand viloyati, Paxtachi tumani, Mirzo Ulug‘bek mahallasi aholisi xayrli ish ustida jam bo‘ldilar. Erta tongda ushbu mahallaga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Yoqubjon domla Mansurov tashrifi barchani quvontirdi. Tashrifning davomida mahalladagi “Xo‘ja Ziyovuddin” jome masjidi binosini pardoz ishlarrini ko‘zdan kechirdi. Olib borilayotgan ishlarni yanada jadallashtirish haqida o‘z ko‘rsatmalarini berib o‘tdi.
Ta'kidlash joizki, qurilish ishlariga eng mohir usta va muhandislar jalb etilgan. Bunday ezgu ishga hissa qo‘shish istagidagi quruvchilar o‘z mahoratlarini ko‘rsatib, bor kuch-g‘ayrat bilan mehnat qilishmoqda. Zero, masjidni obod etishning savobi ulug‘ ekani Islom manbalarida bayon qilingan. Bu haqda Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan bunday rivoyat qilingan: “Kim masjidda bitta chiroq yoqsa, o‘sha chiroqning nuri o‘chgunicha farishtalar u kishining haqqiga istig‘for aytib turadilar”.
Darhaqiqat, masjidlar obodligi yurt obodligidir. Zero, masjidga ibodat qilish uchun kelgan xalqimiz ona-Vatan tinchligi, xalq osoyishtaligini so‘rab, duo qilishadi. Bu duolarning sharofati ila Yaratgan yurtimizni yanada farovon qiladi, ne'matlarini yanada ziyoda qilib beradi.
Azim viloyatimizda qad rostlayotgan ushbu jome masjid, xalqimiz uchun juda katta tuhfa bo‘ladi, inshoalloh.
O‘MI samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati
Kiritilgan vaqti: 12/06/2020 19:37; Ko‘rilganligi: 974
Chop etilgan vaqti: 12/10/2024 15:51