O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

“Sirdaryoliklarga ko‘mak” aksiyasida samarqandliklar faol

 
 

“Sirdaryoliklarga ko‘mak” aksiyasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi masjidlar imom-xatiblari juda faol ishtirok etmoqda. Kuni kecha Samarqand viloyatidagi ayrim jome masjidlar imom-xatiblari tomonidan mehr-saxovat yuklari yurtdoshlarimizga yetkazildi.

Samarqand shahridagi “Murod Avliyo” va “Panjob” jome masjidlari tomonidan homiylarni jalb etgan holda tashvishli yurtdoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, insonparvarlik yuklari ortilgan 2 ta katta yuk va 8 ta ISUZU yuk moshinalari, shuningdek, Urgut tumani “Chubin” jome masjidi tomonidan 4 ta ISUZU yuk moshinasi o‘z manzillariga yetkazildi.

Yuborilgan mazkur yordamlarning umumiy miqdori 230 million so‘mdan ziyod bo‘lib, uning tarkibida oziq-ovqat mahsulotlari – un, shakar, o‘simlik yog‘i, choy, makaron, guruch va qishloq xo‘jalik mahsulotlari, shuningdek, kiyim-kechak va uy-ro‘zg‘or buyumlari, dori-darmon va boshqa kundalik ehtiyojlar uchun zarur bo‘lgan mahsulotlar o‘rin olgan.

Ramazon oyida mashaqqatda qolgan yurtdoshlarimizga o‘z yordam qo‘llarini cho‘zayotgan azizlarimizga samimiy minnatdorligimizni bildiramiz.

Qur'oni karimda mo‘min-musulmonlarning o‘zaro yordamlashishiga katta ahamiyat berilgan: “Yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qiling» (Moida, 2). Hadisi sharifda esa: “Mo‘min kishi mo‘min birodarini yordamsiz qoldirmaydi”, deyilgan (Imom Buxoriy rivoyati)

Alloh taolo qilayotgan ehsonlarni o‘z dargohida qabul qilsin, ajru savoblarini ziyodasi bilan ato etsin.

Eslatib o‘tamiz, moddiy yordamlar Sirdaryo viloyati Guliston shahridagi “Iso o‘g‘li Muso” jome masjidi imom-xatibi Jalolov Avazxonga qarashli quyidagi plastik karta raqamiga o‘tkazilmoqda.
8600 3329 4470 9496, JALOLOV AVAZKHON nomida, murojaat uchun telefon: +998949190220. Xorijdagi vatandoshlarimizda ham mehr-saxovat qilish istagi bo‘lsa ushbu telefon orqali bog‘lanib, ma'lumot olishlari mumkin.
Oliy himmatligingiz uchun tashakkur.

Manba: Muslim.uz


Kiritilgan vaqti: 07/05/2020 09:53;   Ko‘rilganligi: 940
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/sirdaryoliklarga-komak-aktsiyasida-samarqandliklar-faol
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 12:33
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing