O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Sayyor yig‘ilish – xalq bilan muloqot, qalb bilan yaqinlik

 
 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligi tashabbusi hamda yillik ish rejasi doirasida Samarqand tumanida ma'naviyat, mehr-shafqat va xayr-saxovat ruhi bilan yodda qolarli sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilish avvalida viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov ishchi guruh a'zolari bilan uchrashib, sayyor tadbirlarni mazmunli va samarali o‘tkazish bo‘yicha muhim ko‘rsatma va tavsiyalar berdi. U kishi har bir imom-xatib va mas'ul shaxslarga aholi bilan yuzma-yuz muloqot qilish, ularning dardi va ehtiyojlarini eshitish hamda imkoniyatdan kelib chiqib joyida hal etish zarurligini ta'kidladi.

Shundan so‘ng Xayrullo domla “Xo‘ja Ahrori Vali” jome masjidi imom-noibi Umar domla Najmiddinov hamrohligida tumanning Mirzo Ulug‘bek mahallasidagi og‘ir ijtimoiy ahvoldagi, bemor va nogironligi bor oilalar xonadonlariga tashrif buyurdilar.
Tashriflar davomida har bir xonadonga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazilib berildi, samimiy muloqot va ezgu duolar orqali muhabbat va minnatdorlik ruhi hukm surdi.

Shuningdek, viloyat ishchi guruhi Samarqand tumanidagi 6 ta masjidda peshin namozini jamoat bilan ado etib, quyidagi yo‘nalishlarda ta'sirli ma'ruzalar qildi:

  • Tinchlik va osoyishtalikning beqiyos qadri
  • Farzand tarbiyasi – buyuk burch va mas'uliyat
  • Yoshlar – kelajak timsoli va umid sutuni
  • Berilgan ne'matlarga shukrona qilish fazilati
  • Oilaviy totuvlik va birdamlikni asrash
  • Chetdan kirib kelayotgan yot g‘oyalarga aldanmaslik
  • Qo‘shnichilik munosabatlari va ularning odoblari

Shu kuni Xayrullo domla Sattarov “Xo‘ja Ahrori Vali” jome masjidida “Eng yaxshi inson kim?” mavzusida yuraklarga nur va ruhlarga ilhom bag‘ishlagan ma'naviy-ma'rifiy ma'ruza qildi.

Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, muhtaram Zayniddin domla Eshonqulov ham ishtirok etdi.
Zayniddin domla o‘z so‘zida imom-xatiblar va mahalla faollariga xalq bilan yaqin muloqotni kuchaytirish, masjidlarni xalq hayotining ma'naviy markaziga aylantirish hamda xayr-ehson va saxovat ishlarini izchil davom ettirish zarurligini alohida ta'kidladi.
U kishi:

“Xalq bilan birdam bo‘lish, ularning dardiga sherik bo‘lish — bu faqat imomning burchi emas, balki butun jamoatning ma'naviy mas'uliyatidir,” — deya fikr bildirdi.

Shuningdek, Zayniddin domla tomonidan Samarqand tumanidagi 16 mahallaning ijtimoiy ahvoli, aholining ehtiyojlari va muammolarini chuqur o‘rganish, masjid hujjatlarini namunaviy yuritish, obodonchilik ishlarini kuchaytirish hamda jamoat bilan muloqot samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq yo‘nalishlar belgilab berildi.

Yig‘ilish so‘ngida rahbarlar va ishtirokchilar yurtimiz tinchligi, osmonimiz musaffoligi va yurtboshimiz boshchiligida olib borilayotgan xayrli ishlarga zafarlar tilab, birgalikda duo qildilar.

Bu sayyor yig‘ilish nafaqat amaliy yordam, balki Samarqand ahli uchun ma'naviy ko‘tarinkilik, birdamlik va kelajakka ishonch ruhini uyg‘otgan yodda qolarli kun bo‘ldi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyat vakillgi Matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 14/10/2025 17:31;   Ko‘rilganligi: 9
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/sayyor-yigilish-xalq-bilan-muloqot-qalb-bilan-yaqinlik
Chop etilgan vaqti: 15/10/2025 02:23
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing