O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Saxovat va bag‘rikenglik — millat ko‘zgusi

 
 

Dinimiz insonparvarlik va ezgulikka chorlaydigan buyuk qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan. Ana shunday ulug‘ amallardan biri — ehtiyojmandlar holidan xabar olish, qalbi ozorlangan insonlarga tasalli berish, boquvchisini yo‘qotgan va kam ta'minlangan oilalarga mehr-muruvvat ko‘rsatishdir. Bu nafaqat savobli amal, balki jamiyat barqarorligi va ahilligini ta'minlovchi muhim omil hamdir.

Joriy yilning 28 aprel kuni Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanida ana shu ezgu maqsadlarga qaratilgan sayyor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, «Haj–2025» ziyoratchilari, mahalla faollari hamda nuroniy otaxon-onaxonlar ishtirok etdilar.

Sayyor yig‘ilish davomida tumandagi kam ta'minlangan va boquvchisini yo‘qotgan oilalar holidan xabar olinib, ularga amaliy yordam va ma'naviy ko‘mak ko‘rsatildi. Bemorlar ziyorat qilinib, ularning ko‘ngli ko‘tarildi, duo va iliq so‘zlar bilan qo‘llab-quvvatlandi. Zero, inson qalbiga mehr ulashish — eng katta saxovatdir.

Shuningdek, turli yot g‘oyalar ta'siriga tushib qolgan yoki nosog‘lom turmush tarziga berilib ketgan ayrim shaxslar bilan yakkama-yakka tarbiyaviy suhbatlar o‘tkazildi. Ularda hayotga to‘g‘ri munosabatni shakllantirish, ma'naviy uyg‘onishga chorlash, oila va jamiyat oldidagi mas'uliyatni his etish kabi muhim masalalarga alohida e'tibor qaratildi. Samimiy muloqot va hayotiy misollar orqali ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishga harakat qilindi.

Sayyor yig‘ilish yakunida tumandagi masjidlarda peshin namozidan so‘ng imom-xatiblar tomonidan mazmunli ma'naviy-ma'rifiy ma'ruzalar qilindi. Ularda mehr-muruvvat, bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat va jamiyatda sog‘lom muhitni shakllantirish kabi masalalar keng yoritildi. Shu bilan birga, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va yoshlarimizning porloq kelajagi uchun xayrli duolar qilindi.

Bunday ezgu tadbirlar jamiyatda mehr-oqibatni mustahkamlash, inson qadrini ulug‘lash va bir-birimizga nisbatan mas'uliyat hissini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki mehr-muruvvat bor joyda — barqarorlik, totuvlik va baraka bo‘ladi.

O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 28/04/2026 17:00;   Ko‘rilganligi: 5
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/saxovat-va-bagrikenglik-millat-kozgusi
Chop etilgan vaqti: 28/04/2026 21:06
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing