Ramazonni qanday kuzatamiz?
Yana bir Ramazonga yetkazib, bizga marhamat ko‘rsatgan Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam amallar ularning oxiriga (yakuniga) ko‘ra baholanishini aytib o‘tganlar. Hayit bayramiga tayyorgarlik ko‘rar ekanmiz, bu muqaddas oyni hurmatini joyiga qo‘yib kuzatayotganimizga amin bo‘lishimiz kerak.
Tavba
Bu oyni biz Alloh taologa hokisorlik va tavba maqomida yuzlangan holda kuzatamiz. Undan mag‘firat tilaymiz va tavba qilamiz, chunki amallarimiz nuqsonli ekanini tan olamiz, nafsimizga va atrofimizdagi odamlarga yetkazgan zararlarimizni tan olamiz.
Allohga tavba qilish Alloh taolo bizni solih amallarga hidoyat qilganining bir belgisidir, ammo biz hali U tavbamizni qabul qiladimi, yo‘qmi, bilmaymiz. Bir ishni Allohdan mag‘firat so‘rash bilan yakunlash sunnatlardan biridir. Biz namozlarimizdan so‘ng, turli majlislarni yakunlayotgan paytda mag‘firat so‘raymiz. Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Makka fathidan so‘ng ham mag‘firat so‘rashni va tavba qilishni buyurgan.
Shukr
Biz bu oyni Alloh taologa shukr qilgan holimizda kuzatamiz. Alloh taolo marhamat qiladi: «…Sanog‘ini mukammal qilishingiz va sizni hidoyatga boshlagan Allohni ulug‘lashingiz uchun. Shoyadki shukr qilsalaringiz». (Baqara, 185)
Biz Alloh taologa bu oy davomida tortiq etgan har bir ne’mat uchun shukr keltiramiz. U bizni ibodat qiluvchilardan qildi, ro‘za tutish, namoz o‘qish va solih amallarni qila olish uchun sog‘lik va toqatni berdi.
Shukr keltirish Qur’on va Sunnatda maqtalgan mo‘minlarning fazilatlaridandir. Mo‘minlar hatto Jannatga kirganda ham: «Bizni shunga hidoyat qilgan Allohga hamdlar bo‘lsin, agar Alloh bizni hidoyat qilmaganda, o‘zimiz yo‘l topa olmas edik. Robbimizning elchilari haqni keltirdilar», deydilar. (A’rof, 43)
Shukr qilish va minnatdor bo‘lish mo‘min odamni kamtarlikka, hokisorlikka chaqiradi. Allohning rahmati bilangina hozirgi ne’matlar bizga berildi.
Takbir
Bu oyni Alloh taoloni bizni hidoyat qilgan narsasi uchun ulug‘lash bilan kuzatamiz. Allohni ulug‘lashning eng yaxshi yo‘li Unga takbir aytishdir. Hayit kechasidan boshlab Hayit namoziga qadar Unga takbir aytamiz: «Allohu akbar, Allohu akbar, La ilaha illalloh. Allohu akbar, Allohu akbar va lillahil hamd». Bu bizga Allohdan ko‘ra qudratli Zot yo‘qligini eslatib turadi.
O‘zgarish uchun niyat
Biz bu oyni ro‘za tutishni to‘xtatmaslik, namozlarimizda va solih amallarimizda bardavom bo‘lish niyati bilan kuzatamiz. Ramazon bizga butun yil davomida ma’naviy quvvat berib turadigan o‘zgarish oyidir. Ro‘za tutish va ibodatda qoim bo‘lishning fazli Hayitni nishonlash bilan tugab qolmaydi, balki Hayit Ramazonda boshlagan yaxshi odatlarimizda davom etishimiz uchun yangi sahifani ochib beradi. Biz Qur’on o‘qishda, Dushanba va Payshanba kunlari yoki toq kunlarda ro‘za tutishda, tunlari tahajjudda qoim bo‘lishda bardavom bo‘la olamiz.
Biz tungi namozning, duoga qo‘l ochishning, uzun davom etgan kundan keyin ro‘zani ochishning, birovga sadaqa berib quvonch ulashishning shirin ta’mini totib ko‘rdik. Shundan keyin ham qanday qilib itoatsizlikka, solih amallarni tark qilishga kirishamiz?
Hayit namozidan keyinoq eski yomon odatlarga g‘arq bo‘lishdan saqlaning. Alloh taolodan ibodatda va solih amallarda sobitqadam qilishini so‘rang. Ramazon sizni tark etgani bilan bu oyni yaratgan Zot sizni tark etmaydi! Uning siz uchun tayyorlab qo‘ygan ajrlari esa abadiydir.
Administrator
Kiritilgan vaqti: 09/06/2018 00:00; Ko‘rilganligi: 1848
Chop etilgan vaqti: 01/12/2024 23:06