Qorilar
Qur’on Alloh kalomi Payg‘ambardan me’rosdir
O‘qib amal qilmoqlik mo‘minlarga chin rostdir
Hofizi Qur’on bo‘lmoq Haqqa buyuk ixlosdir
Kecha kunduz o‘qigan tinmay kitob qorilar
Ming hurmatga sazovor misli oftob qorilar
Olti yuzdan ortiq bet bir yuz o‘n to‘rtta sura
Yoddan o‘qib berishar hoxlagan joydan so‘ra
Rasululloh o‘zlari aytgan hadisga ko‘ra:
“Ulug‘-ulug‘ farishta bilan birga qorilar”
Shuning uchun yuzlari to‘la nurga qorilar
Igna bilan quduqni qazar ilm cho‘lida
Eng gullagan davrini sarflab Alloh yo‘lida
To‘shagidir joynamoz kalamulloh qo‘lida
Sabru toqat sharobin to‘yib ichgan qorilar
Kibru havo manmanlik to‘nin yechgan qorilar
Toj berilar otasi ham onasi boshiga
Ustunlik qilar u toj dunyoning quyoshiga
Ibrat bo‘lsin bu holat mo‘min keksa yoshiga
Toj kiymoqni istasang bolang bo‘lsin qorilar
Bog‘ingdagi gul rayhon lolang bo‘lsin qorilar
Tilovatin tinglasak ovozlari muloyim
Yangrab tursin jaranglab yurtimizda har doim
Yana ming-ming farzandlar qori bo‘lsin iloyim
Boqoniy der tasanno bo‘ling omon qorilar
O‘zbekiston faxrisiz tirik Quron qorilar
Otabek Boqoniy
Kiritilgan vaqti: 23/01/2018 00:00; Ko‘rilganligi: 2631
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 23:02