O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

O‘ZBEKISTON MUSULMONLARI IDORASI ULAMOLAR KENGASHI BYOYONOTI

 
 

Bismillahir Rohmanir Rohiym.

Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.

Payg‘ambarimizga mukammal va batamom

salavotu salomlar bo‘lsin.

 

Muhtaram yurtdoshlar!

 Alloh taolo insonni ulug‘lab, unga ato etilgan ne'mat – tabiatni asrab-avaylash, undan me'yorida, maqsadli foydalanishga buyurgan. Haq taolo “A'rof” surasining 56-oyatida shunday amr qiladi: “Yerni yaroqli qilib qo‘ygandan keyin unda buzg‘unchilik qilmangiz!”

Shu kabi ilohiy ta'kidlar har bir insonni ne'matlarga oqilona munosabatda bo‘lish, atrof-muhitni ozoda saqlash, tabiat musaffoligini asrashga chaqiradi. Islom dinidagi o‘gitlar Yer yuzida yashovchi imon-e'tiqodli kishilar qalbida tabiatni e'zozlashga mas'uliyat tuyg‘usini oshiradi.

Afsuski, so‘nggi yillarda dunyo hamjamiyati ekologik muammolar tufayli aziyat chekmoqda. Global iqlim o‘zgarishlari, suv tanqisligi, chang bo‘ronlari kabi tabiiy ofatlar insoniyatni tang ahvolga solib qo‘ymoqda. Tabiatning bu kabi injiqliklari, taassufki, o‘tgan yili yurtimizda ham kuzatildi. 2021 yilning kuz oylarida ayrim hududlardagi chang bo‘ronlari har birimizni hushyor torttirdi. Qolaversa, ayni qish kunlarida yog‘ingarchilikning kamayib ketgani ham kishini o‘ylantirib qo‘yadi.

2022 yilning 2 fevral kuni Prezidentimiz raisligida ekologik holatni yaxshilash va “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda shu kabi dolzarb masalalarga alohida to‘xtalib, jumladan, ota-onalarimiz o‘zi istiqomat qilayotgan hovlisi, tevarak-atrofni pokiza, toza saqlash kerak ekanini ta'lim berishganini ta'kidladilar.

Haqiqatda, azaliy qadriyatlarimizda tuproq va suv, umuman, tabiat alohida qadrlangan. Muhtaram Prezidentimiz, jumladan, shunday dedilar: “Birni kessang, o‘nni ek” degan dono maqol ham bejiz aytilmagan. Daraxt ekkan odamga uning savobi tegib turadi, deyilgan. Oilada farzand dunyoga kelsa, unga atab nihol ekilgan.

Dunyo miqyosida sanoat yuqori darajada rivojlangan XXI asrda ekologiya bilan bog‘liq muammolar birinchi darajali muammo sifatida kun tartibiga chiqmoqda. Avlodlarimiz bizdan keyin ham munosib tabiiy muhitda yashashi kerak. Buning uchun biz tabiatga e'tibor berishimiz, faqat bugunni emas, yaqin va uzoq kelajakni o‘ylab ish tutishimiz zarur.

Eng muhim masala – aholining ekologik madaniyatini oshirish. Bugun ko‘chaga yoki istalgan joyga qarang. Hamma joyda odamlar tashlab ketgan chiqindilarni ko‘rasiz. Biz ona yurtimizni muqaddas deymiz. Nima uchun uni toza-ozoda saqlamaymiz? Axir, muqaddas kitoblarimizda ham “Poklik iymondandur” deyilgan”.

Darhaqiqat, Prezidentimizning jonkuyarlik bilan aytgan so‘zlari – ayni haqiqat. Chunki so‘nggi paytlarda aholi orasida atrof-muhitga bepisand, loqayd qarash hollari kuzatilmoqda. Buning natijasida esa, tabiiyki, global ekologik muammolar yuzaga kelmoqda.

 

Muhtaram yurtdoshlar!

Alloh taolo bizga atrof-muhitni ozoda saqlash, muhofaza qilish va ifloslantirmaslikka buyurgan. Shu bilan birga, dinimiz tom ma'noda poklik dinidir. Nabiy sallallohu alayhi vasallam: “Poklik imonning yarmidir”, – deb, bejiz aytmaganlar (Imom Buxoriy va Imom Molik rivoyati).

Inson imonining yarmini poklik, tozalik orqali mustahkamlasa, qolganini ilm vositasida egallaydi. Bundan chiqadiki, atrof-muhit muhofazasi mustahkam ilmiy asosga ega bo‘lishi zarur.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Alloh (aybu nuqsondan) pokdir – xushbo‘ylikni suyadi, ozodadir – ozodalikni suyadi, karamlidir – oliyhimmatlilikni suyadi, saxiydir – saxovatni suyadi...», – dedilar” (Imom Termiziy rivoyati).

Shu bilan birga, Rasul alayhissalom: “Uylaringiz atrofini pok tutinglar”, – deganlar (Imom Buxoriy
va Imom Tabaroniy rivoyati)
. Zero, Vatan ostonadan – uydan boshlanadi.

Uylarimiz atrofi, ariqlar, ko‘chalar, qabriston va uning atroflarini hashar yo‘llari bilan tozalash qadimdan xalqimizda urf bo‘lib kelgan yaxshi odatlardan. Mana, necha asrlarki, bu urf-odat xalqimiz qadriyatlarida o‘z ifodasini topmoqda. Ammo so‘nggi paytlarda yurtdoshlarimiz bu qadriyatlardan uzoqlashgandek go‘yo.

Shu bois, Davlatimiz rahbari bu masalaga mahalla faollari, nuroniylar, ulamolar, ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilik e'tibor qaratishga da'vat etib, barchaning zimmasidagi muhim vazifani shunday bayon etdilar: “Albatta, bunday muammolarni faqat ma'muriy yo‘l bilan hal etib bo‘lmaydi. Bunga yosh avlod qalbida ona tabiatga daxldorlik hissini tarbiyalash orqali erishish mumkin. Mahallada, ko‘chalarda chiqindi tashlagan kishini ko‘rganda “bu ishingiz noto‘g‘ri bo‘ldi”, deydigan muhitni shakllantirishimiz, odamlarni bunga o‘rgatishimiz kerak. Bu – hammamizning ishimiz va insoniy burchimizdir”.

Yoshi ulug‘larimizning suvga chiqindi tashlash va hatto tosh otishga ham qo‘ymasdan: “Suvning ham, yerning ham joni bor, ozor berib bo‘lmaydi”, degan hikmatni bugungi yosh avlodga ham ta'lim berish kerak.

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bir hadislarida: “Uchta joyga: suv o‘zanlariga, serqatnov yo‘llarga hamda soya-salqin yerlarga axlat tashlab, la'natga qolishdan qo‘rqinglar”, – deganlar (Imom Buxoriy va Imom Abu Dovud rivoyati). Biroq bugun bu hadisga amal qilmaydiganlar, la'natdan qo‘rqmaydigan odamlar ham uchrab turgani kishini ajablantiradi.

Qur'oni karimdagi 750 ga yaqin oyat tabiat hodisalari haqida mulohaza yuritishga va Alloh taoloning yaratiqlari o‘rtasidagi munosabatlarni o‘rganishga undaydi.

Ulug‘ allomalar asarlarida ham atrof-muhitga oid bir qator masalalar bayon etilgan. Abu Ali Ibn Sino “Tib konunlari” asarida atrof-muhitning inson salomatligi va ruhiyatiga ta'sirini ochib bergan. Amir Temur bo‘z yerlarni o‘zlashtirgan kishilar yoki bog‘ qilganlarni rag‘batlantirgan. Alisher Navoiy esa tabiatga xiyonatni do‘stga xiyonat qilishga qiyos qilgan.

Alloh taolo bizning yaxshi yashashimiz uchun ne'mat qilib bergan Yer sayyorasiga nisbatan yaxshi muomalada bo‘lishga buyuradi. Aks holda, fojiali falokatlar sodir bo‘ladi. Sayyoramizda sodir bo‘layotgan ko‘plab texnogen holatlar, jumladan, atmosferaga chiqarilayotgan chiqindilar sabab iqlimning keskin o‘zgarishi, tabiiy boyliklardan oqilona foydalanmaslik oqibatida daryo va dengizlarning qurishi afkor ommasini tashvishga solmoqda.

Alloh taolo Qur'oni karimdagi “Rum” surasi 30-oyatida shunday xitob qiladi: “Odamlarning qilmishlari tufayli quruqlik va dengizda buzg‘unchilik paydo bo‘ldi. Bu ularning (o‘z qilmishlaridan) qaytishlari uchun qilgan ba'zi (yomon) ishlari (jazosi)ni ularga tottirish uchundir”.

Demak, qurg‘oqchilik, ziroat va tijoratdan barakaning ketishi, turli kasalliklarning tarqalishi hamda o‘t, suv balosi kabi ofatlar odamlarning qilmishlariga yarasha ogohlantirishdir.

 

Muhtaram yurtdoshlar!

Chin musulmon kishi nafaqat insonlarga, balki tabiatga ham ozor bermaydi. Uni obod qilish, ko‘kalamzorlashtirish payida bo‘ladi. Bu tashabbus hukumatimiz tomonidan ilgari surilayotgani har birimizni ogohlikka chaqiradi.

Ma'lumki, 2021 yil noyabrda “Yashil makon” umummilliy loyihasi e'lon qilinib, 200 million tup daraxt ko‘chati ekish rejalashtirilgan edi. Bunga muvofiq, kuzda 85 million dona ko‘chat o‘tqazildi. Ko‘plab tashkilotlar, mahallalar, umuman, keng jamoatchilik bu savobli ishda jonbozlik ko‘rsatdi. Bu yil bahor mavsumida 125 million dona daraxt ko‘chatlarini ekish mo‘ljallanmoqda.

Mazkur yig‘ilishda Prezidentimiz: “Yashil makon” umummilliy loyihasi bir yillik tadbir emas. Uning doirasida kelgusi besh yilda 1 milliard tup daraxt ko‘chatini ekishni maqsad qilganmiz. Bu umummilliy harakatning natijasi har bir mahallada ko‘rinishi kerak, bu savobli ishni havas bilan qilish kerak”, – dedilar.

Dinimiz ham bunday xayrli tashabbusga xayrixoh bo‘lib, uni ko‘kalamzorlashtirish ishlarini keng targ‘ib qiladi. Bunga Nabiy alayhissalomning hatto urush paytida ham daraxtlarni sababsiz kesmaslikni, o‘rmonlarni yoqmaslikni buyurganlari atrof-muhit muhofazasiga e'tiborning yuksak ko‘rinishidir.

Anas ibn Molik roziyallohu anhu Rasululloh alayhissalomdan rivoyat qilgan hadisda: “Agar bir musulmon banda ko‘chat o‘tqazsa yoki ekin eksa, undan qushmi, insonmi yo hayvonmi yesa, buning uchun unga sadaqa (qilganlik savobi) bo‘ladi (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Daraxt ekish insonga nafaqat tirikligida, balki vafotidan so‘ng ham manfaat yetkazib turadi, Qiyomat kunigacha sadaqai joriya sifatida banda foydasiga xizmat qiladi. Boshqa bir rivoyatda: “Agar musulmon banda biron ko‘chat ekadigan bo‘lsa, undan inson, hayvon yoki qush yesa, bu o‘sha bandaga qiyomat kunigacha sadaqai joriya bo‘ladi”, deyilgan (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).

Bundan Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ummatlarini ko‘chat o‘tqazish va ekin ekishga targ‘ib qilganlari ma'lum bo‘ladi. Hatto Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Agar qiyomat qoim bo‘lib qolsayu va shu vaqtda birontangizning qo‘lida xurmo ko‘chati bo‘lsa, uni ekishga ulgursa, ekib qo‘ysin”,– dedilar (Imom Buxoriy va Imom Ahmad rivoyati).

Bundan kelib chiqadiki, har birimiz o‘zimiz yashab turgan shaharu qishloqlarimizni, mahallalarimizni obod qilib, joriy yilning 1 martidan “Yashil yillik” umummilliy tadbiri doirasida boshlanajak ko‘kalamzorlashtirish ishlarida faol bo‘lib, masjidlarimiz atrofiga, mahalla-ko‘ylarimizga, ko‘chalarimizga bir tupdan ko‘chat o‘tqazsak, butun mamlakatimiz obod bo‘lib, bog‘u bo‘stonga aylanadi.

Bunday xayrli ishlarimizning savobi sadaqai joriya sifatida to qiyomatgacha nomai a'molimizga to‘xtovsiz savob bo‘lib yozilib turadi, insho Alloh.

 

Muhtaram yurtdoshlar!

Alloh taolo barchamizni poklikka intiluvchi, bilganlariga amal qiluvchi, jismu imoni, uy-joyi – Vatanini toza tutuvchi, bog‘u rog‘lar o‘stiruvchi va Yer yuzini obod qiluvchilardan qilsin!

Bu ishlarimiz qiyomatgacha sadaqai joriya bo‘lishini nasib aylasin! Omin!

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Ulamolar Kengashi,

2022 yil 1 mart


Kiritilgan vaqti: 01/03/2022 23:01;   Ko‘rilganligi: 1549
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/ozbekiston-musulmonlari-idorasi-ulamolar-kengashi-bayonoti
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 13:53
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing