Mehr bilan qilingan suhbatning samarasi bor

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligi tashabbusi hamda yillik ish rejasi doirasida Nurobod tumanida ma'naviyat, mehr-shafqat va xayr-saxovat ruhi bilan yodda qolarli sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilish avvalida viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov ishchi guruh a'zolari bilan uchrashib, sayyor tadbirlarni mazmunli va samarali o‘tkazish bo‘yicha muhim ko‘rsatma va tavsiyalar berdi. U kishi har bir imom-xatib va mas'ul shaxslarga aholi bilan yuzma-yuz muloqot qilish, ularning dardi va ehtiyojlarini eshitish hamda imkoniyatdan kelib chiqib joyida hal etish zarurligini ta'kidladi.
Shundan so‘ng Xayrullo domla “Hazrati Ali” jome masjidi imom-xatibi Rahmatullo domla Ravshanov hamrohligida tumanning Sharq yulduzi mahallasidagi og‘ir ijtimoiy ahvoldagi, bemor va nogironligi bor oilalar xonadonlariga tashrif buyurdilar.
Tashriflar davomida har bir xonadonga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazilib berildi, samimiy muloqot va ezgu duolar orqali muhabbat va minnatdorlik ruhi hukm surdi.
Shuningdek, viloyat ishchi guruhi Nurobod tumanidagi 14 ta masjidda peshin namozini jamoat bilan ado etib, quyidagi yo‘nalishlarda ta'sirli ma'ruzalar qildi:
- Berilgan ne'matlarga shukrona qilish fazilati
- Oilaviy totuvlik va birdamlikni asrash
- Chetdan kirib kelayotgan yot g‘oyalarga aldanmaslik
- Qo‘shnichilik munosabatlari va ularning odoblari
- Tinchlik va osoyishtalikning beqiyos qadri
- Farzand tarbiyasi – buyuk burch va mas'uliyat
- Yoshlar – kelajak timsoli va umid sutuni
Shu kuni Xayrullo domla Sattarov “Hazrati Ali” jome masjidida “ Haqiqiy boylik — qanoat va shukrda” mavzusida yuraklarga nur va ruhlarga ilhom bag‘ishlagan ma'naviy-ma'rifiy ma'ruza qildi.
Yig‘ilish yakunida imom-xatiblar va mahalla faollariga xalq bilan yaqin muloqotni kuchaytirish, masjidlarni xalq hayotining ma'naviy markaziga aylantirish hamda xayr-ehson va saxovat ishlarini izchil davom ettirish zarurligini alohida ta'kidladi.
Yig‘ilish so‘ngida rahbarlar va ishtirokchilar yurtimiz tinchligi, osmonimiz musaffoligi va yurtboshimiz boshchiligida olib borilayotgan xayrli ishlarga zafarlar tilab, birgalikda duo qildilar.
Bu sayyor yig‘ilish nafaqat amaliy yordam, balki Nurobod ahli uchun ma'naviy ko‘tarinkilik, birdamlik va kelajakka ishonch ruhini uyg‘otgan yodda qolarli kun bo‘ldi.







O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyat vakillgi Matbuot xizmati
Kiritilgan vaqti: 29/10/2025 17:21; Ko‘rilganligi: 82
Chop etilgan vaqti: 21/11/2025 09:51





















